Davlatimiz rahbari raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ko‘plab masalalar tilga olindi. Mavjud kamchiliklar bilan bir qatorda erishilgan yutuqlar haqida ham so‘z bordi.
Misol uchun, o‘tgan yilning o‘zida yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion so‘m kredit evaziga 150 mingta loyiha ishga tushirilgani, 325 mingta ish o‘rni yaratilgani qayd etildi. Shuningdek, 43 ming gektar ekin maydoni ajratilib, 435 ming yoshning bandligi ta’minlangani, 32 mingdan ziyod yigit-qizga subsidiya orqali zarur uskuna, mehnat qurollari va kompyuter olib berilgani ta’kidlandi. Bu kabi amaliy ishlar, eng avvalo, yoshlarni ruhlantiradi. Ular yolg‘iz emasligini, har tomonlama qo‘llab- quvvatlanishini eslatib turadi.
Yoshlar masalasi e’tibor markazidan o‘rin olgani, davlatimiz rahbari bu masalaga qayta-qayta to‘xtalayotganining sabablari bir talay. Avvalambor, aholining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadigan yoshlar yirik qatlam, katta kuch. Kuch-quvvatga to‘la, g‘ayratli bo‘lgani uchun ular boshqa guruhlarga nisbatan faol va moslashuvchan. Navqiron avlod vakillari yangiliklarga ochiq bo‘lgani bois, innovatorligi va tashabbuskorligi bilan ajralib turadi. Mehnatga layoqatli aholining salmoqli qismini tashkil etadigan yoshlar o‘z maqomini oshirishdan, yangi ijtimoiy vazifalarni o‘zlashtirishdan manfaatdor. Eng asosiysi, ular jamiyatning bir bo‘lagi, uning muhim tarkibiy qismidir. Shuning uchun yoshlar muammolariga butun jamiyatning muammosi sifatida qarash lozim.
Eng katta e’tibor esa yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunar o‘rgatish, biznesdagi tavakkalchilik va xatarlarni tushuntirish, ularni ma’naviyatli etib tarbiyalashga qaratilmoqda. Chunki aynan zamonaviy bilimlardan boxabar, kasb-korga ega, ma’naviyatli yigit-qizlargina farovon turmushini qura oladi, jamiyatda o‘rnini topishga muvaffaq bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va yoshlarning intilishini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan tashkilotimiz ham ushbu videoselektor yig‘ilishidan so‘ng bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytiradi. Xususan, “e-kasb” onlayn platformasi orqali yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, yirik ishlab chiqarish korxonalariga biznes sayohatlar uyushtirish hamda tadbirkorlikka oid bilimini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etish, yosh ishbilarmonlarning xalqaro biznes forum va yarmarkalardagi ishtirokini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Yosh tadbirkorlar mahsulotlarining ko‘rgazma-savdo yarmarkalarini tashkil etish, ularga huquqiy, buxgalteriya, marketing, brending, bank, sug‘urta, mehnat va boshqa sohalar bo‘yicha konsalting xizmatlar ko‘rsatish, imtiyozli kredit ajratilishiga, biznes loyihalarini oilaviy tadbirkorlik dasturlarini moliyalashtirishga ko‘maklashish, har bir mahallada yetakchi ishbilarmonlar jamoasini shakllantirish orqali qariyb 800 ming yoshni qamrab olishni rejalashtirdik.
To‘g‘ri, yuksak marralarni zabt etishni maqsad qilayotgan yurtimiz uchun bu raqamlar juda kichik. Ammo “Harakatda — barakot” deganlaridek, raqamlar yana oshib boraveradi. Bundan tashqari, bugun har bir mas’ul idora rahbari vazifalarining eng avvaliga yoshlar bilan ish olib borishni qayd etib qo‘ygan. Chunki zamon talabi shunday. Hokimlar, har bir idora rahbari yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazmoqda. Bunday muloqotlarda esa ularning juda ko‘p muammosi qisqa muddatda yechim topmoqda. Zotan, bir yigit yoki qizning hayotiga oid muammoning ijobiy yechimini topish kelajakda bir oilaning farovonligi va mustahkamligiga qo‘yilgan poydevor bo‘ladi. Tashkilotimiz tomonidan bu borada ham amaliy ishlar rejalashtirilib, xususan, yetakchi tadbirkorlar tomonidan shogird tayyorlash amaliyotini joriy etish maqsad qilindi.
Darhaqiqat, yoshlar mamlakatning chinakam oltin fondi ekani bugun yangilanib borayotgan O‘zbekistonda tobora o‘z aksini topmoqda. Prezidentimiz tomonidan videoselektor yig‘ilishida bayon qilingan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar, vazifalar zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Barcha bo‘g‘inlardagi tuzilmalarimiz, faol larimiz bir yoqadan bosh chiqarib, belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanishiga ko‘maklashishi lozim.
Xayrulla SATTOROV,
“Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori.
("Yangi O‘zbekiston" gazetasi, 2023 yil 14 aprel, 72 soni)









