Umumtaʼlim maktablar reytingi eʼlon qilindi

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari maktablar reytingini aniqlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalarini eʼlon qildi.

    Maktablar reytingini aniqlash uchun respublikamizning 14 ta hududidagi 207 ta tuman (shahar)larda joylashgan 9 954 (oʻtgan yilda 9 622 ta) maktab faoliyati tahlil qilindi.

    Tahlil natijalari asosida 2021-yil yakunlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi hamda tuman va shaharlarning taʼlim sifati boʻyicha reytingi tayyorlandi.

    Bunda xalqaro tajriba (Finlyandiya, AQSH, Janubiy Koreya, Rossiya) hamda mahalliy ustuvor masalalarga alohida eʼtibor berilib, 4 ta yoʻnalishda 8 ta indikator belgilandi.

    - oʻquvchilarning hayotga tayyorgarlik darajasi (bilim darajasi, oliygohlarga kirish koʻrsatkichi, xorijiy tilni bilish darajasi va bandlik);

    - pedagoglarning sifat tarkibi va salohiyati (oliy va birinchi toifaga ega pedagoglar ulushi);

    - maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy va oʻquv-tarbiyaviy muhit (5 ta tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar va oʻquvchilar orasida jinoyatchilik);

    - mahalliy hokimliklarning maktablar rivoji uchun qoʻshgan hissasi (mahalliy byudjetning orttirilgan mablagʻlari hisobidan maktab rivoji uchun sarflangan mablagʻlar).

    Hududlar reytingida:

    Eng yuqori oʻrinlarni Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari egallagan boʻlsa, eng oxirgi oʻrinlarni Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari band etishdi.

    Tuman va shaharlar reytingida:

    Yuqori oʻntalikdan Navoiy, Buxoro shaharlari, Jondor tumani, Kogon shahri, Zarafshon, Xiva shaharlari, Kogon, Uchquduq tumanlari, Urganch, Gʻozgʻon shaharlari joy oldi.

    Soʻnggi oʻrinlarda esa Boʻka, Taxiatosh, Toshkent, Tuproqqalʼa, Zafarobod tumanlari, Nurafshon shahri, hamda Uchtepa, Qibray, Qamashi, Yuqori Chirchiq tumanlari ekanligi maʼlum boʻldi.