Tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot sohada yangi uyg'onish davrini boshlab beradi

    “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2022-yil, 25-mart sonida sog'liqni saqlash vazirining birinchi o'rinbosari Amrillo INOYATOVning “Tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot sohada yangi uyg'onish davrini boshlab beradi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni o'qishingiz mumkin.

    Prezidentimizning sog'liqni saqlash sohasi xodimlari bilan uchrashuvi tarixiy, siyosiy, kerak bo'lsa, inqilobiy ahamiyatga ega katta yig'ilish bo'ldi, desak aslo mubolag'a emas. Chunki yillar davomida tibbiyotga e'tibor bugungidek bo'lmagani, sohaga ajratilgan mablag' to'g'ri va maqsadli yo'naltirilmagani bois, tizimda hal qilinishi zarur bo'lgan muammo va kamchiliklar etarli darajada yig'ilib qolgan edi.

    Bugun chekka va olis hududlar aholisining turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti asta-sekin yuksarib borayotganiga guvoh bo'lib turibmiz. Sog'liqni saqlash tizimidagi islohotlar xalqimiz salomatligini asrash, sog'lom yashash huquqini ta'minlash orqali yurtdoshlarimiz roziligiga erishishdek maqsadni o'zida mujassam etgan.

    Aholining ijtimoiy va iqtisodiy hayotini yaxshilamasdan turib, bu maqsadni ro'yobga chiqarish mushkulligini inkor eta olmaymiz. O'z-o'zidan tabiiy savol tug'iladi: aholining ishsiz yoki juda kam maosh uchun ishlaydigan qatlami biror kasallikka chalinganda qanday davolanadi? Deylik, yuqori texnologiyaga asoslangan jarrohlik amaliyotini o'tkazish zarurati tug'ilsa yoki yurak nuqsoni, murakkab transplantatsiya amaliyotiga ehtiyoj paydo bo'lsa, kam ta'minlangan aholi qatlami bunga sarflanadigan mablag'ni qaerdan topadi? Qanday qilib davolanadi? Mana shu kabi juda dolzarb masalalar borki, bularga echim topish maqsadida soha mutasaddilari, malakali mutaxassislar muammolarni joylarda, hududlarda juda chuqur o'rgandi. Ularning echimi yuzasidan tegishli tavsiya va takliflar to'planib, taqdim etildi.

    Pandemiya hatto eng rivojlangan, qudratli davlatlarning ham tibbiyotidagi zaif jihatlarni ko'rsatdi. Hamma qaerda, qanday kamchilik va muammo borligini angladi. Butun dunyoda tibbiyot sohasini isloh etish zarurati yuzaga keldi. Jumladan, mamlakatimiz tibbiyotida ham oqsayotgan jihatlar yaqqol ko'zga tashlandi va muammolarni bartaraf etish yuzasidan chuqur yondashilgan ishlar boshlandi.

    Bundan 4 oy oldin Prezidentimiz bilan ochiq muloqotga tayyorgarlik ko'rish vazifasi zimmamizga yuklatildi. Uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida 25 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimi va boshqa yurtdoshlarimizdan murojaat hamda takliflar kelib tushdi. Ochiq muloqotdan oldin bizga eng olis va chekka tumanlardagi aholi va tibbiyot xodimlarining fikrini o'rganish vazifasi berilgan edi. Ishchi guruh shakllantirib, joylarga chiqqanimizda haqiqatan ham xayolimizga kelmagan yangi-yangi taklif, g'oyalarni eshitdik. Murojaat va takliflar to'liq tahlil qilinib, Prezidentimiz uchrashuvda muammolar echimini ettita yo'nalishda ko'rsatib berdi.

    Shulardan birinchisi — kafolatlangan, sifatli tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish va xizmat ko'lamini kengaytirish masalasi eng ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy va ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ish sifati, dunyoqarashini o'zgartirish, buning uchun ularga zarur barcha sharoitni yaratish kun tartibiga chiqdi. Jumladan, 2022 - yilda yurtimizning eng olis, chekka hududlarida qo'shimcha 136 ta, 2023 - yilda 140 ta yangi poliklinika faoliyatini yo'lga qo'yish, joylardagi poliklinikalar negizida 1100 ta oilaviy shifokorlik punktini tashkil etish bo'yicha topshiriq berildi. Shuningdek, 2 mingdan ziyod olis va chekka mahallada tibbiyot punktlari tashkil etiladi. Shu tariqa hududlardagi 4 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko'rsatish imkoniyati yaratiladi.

    Joylarda aholini sohaga oid qiynab kelayotgan muammolar o'rganilganda yurtdoshlarimizning 120 turdagi dori-darmonga ehtiyoji borligi ma'lum bo'ldi. Natijada dori vositalariga sarflanadigan mablag' to'rt barobar oshirildi. Ilgari poliklinikalar 66 turdagi dori vositalari bilan bepul ta'minlangan bo'lsa, endi ularga 120 turdagi dori-darmon beriladi.

    Birlamchi bo'g'indagi oilaviy shifokor va hamshira mehnatining bahosi yo'q. Ularni rag'batlantirish — muhim masala. Shu bois, qishloq shifokorlik dasturini yanada takomillashtirish, 2022-yil 1-maydan boshlab olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga ikki million so'mdan qo'shimcha ustama to'lash vazifasi yuklatildi. Ipoteka krediti asosida uyjoy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy byudjetdan qoplanishi soha vakillariga ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor va g'amxo'rlikdan dalolatdir. Bundan buyon olis va chekka hududda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokor klinik ordinaturaga davlat byudjeti asosida qabul qilinadi.

    Tumanlarda kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya kabi kasalliklarga chalingan bemorlar 2024-2025-yilga qadar navbatda turgandi. Shunday rivojlangan davrda kasal insonning davolanish uchun navbatda turishi juda achinarli. Ochiq muloqotda markaziy shifoxonalar qoshida ixtisoslashtirilgan endokrinologiya, kardiologiya va nevrologiya bo'limlari tashkil etilib, navbatda turgan aholining o'z hududida davolanishi uchun imkoniyat yaratish va ixtisoslashgan tibbiy xizmatni tumanga tushirish siyosati belgilab berildi. Buning ahamiyatini xalqimiz albatta biladi va qadrlaydi.

    Bugun rivojlangan barcha davlatlarda majburiy tibbiy sug'urta tizimi amal qiladi. Bu orqali byudjet xarajatini kamaytirish, tibbiy xizmat sifatini oshirishga erishilgan. Yurtimizda ham bu bo'yicha dastlabki sa'y-harakatlar boshlangan. Jumladan, Sirdaryo viloyatida sinovdan o'tkazilayotgan tibbiy sug'urta pilot loyihasi dastlabki samarasini ko'rsata boshladi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ekspertlari bilan borib o'rganganimizda uzundan-uzoq navbatlarga batamom chek qo'yilganiga guvoh bo'ldik. Birlamchi bo'g'inda oilaviy shifokor va universal hamshira o'z hududiga biriktirilgan aholini qamrab olgan, dastlabki tekshiruvlar tufayli aholining muayyan qismi ambulator, yana bir qismi esa statsionar davolanishga yo'naltirilgan. Natijada viloyatning deyarli barcha tumanida navbat keskin kamaygan.

    Endi oilaviy poliklinikalarning o'zida ertalabdan kech soat 20:00 gacha kunduzgi statsionar joriy etilmoqda. Soat 14:00 dan 20:00 gacha ishlaydigan shifokorlarga ustama beriladigan bo'ldi. Natijada statsionarlarga tushadigan bosim keskin kamayadi. Chunki asossiz statsionarga yotqizish holati hozir juda ko'p uchrayapti. Sirdaryodagi pilot loyihaning yutuqlaridan yana biri shundaki, bemor oilaviy shifokor yo'llanmasi bilan shifoxonada yotib davolanishi mumkin. Yo'llanmasiz borsa, pul to'laydi. Ilgari bir kasalning muolajasi uchun 10-15 tagacha dori yozilgan bo'lsa, endi 3-4 ta dori bilan davolash amaliyoti yo'lga qo'yiladi. Chunki shifokor yozgan dorilar asoslangandan so'ng pul to'lanadi. Asoslab bera olmasa, pul to'lanmaydi. Bu shifokorlarimizning dunyoqarashini o'zgartirib, bemorlarni yangi, zamonaviy standart va klinik protokollarga ko'ra muolaja qilishga o'rgatyapti. To'g'ri, zamonaviy standart va davolash protokollari avval ham bor edi. Lekin unga shifokorlar amal qilmasdi. Bugun amal qilishga majbur. Chunki endi ularga koykaga qarab emas, balki davolangan bemorning holatiga ko'ra pul to'lanadi. Buni tibbiyotimizning rivojlanishidagi dastlabki katta qadam, deyish mumkin.

    Shuningdek, 17 mingdan ziyod tibbiyot brigadasiga qo'shimcha yana 8,5 mingta bolalar hamshirasi va doya, akusher berilishi onalar va bolalar salomatligi uchun juda muhim. Shuningdek, bolalar uchun profilaktik ko'riklar dasturi qayta ko'rib chiqilib, 18 yoshgacha bo'lganlarni pediatr, stomatolog, endokrinolog, ortoped kabi zarur mutaxassislarning manzilli ko'rigidan o'tkazish tizimi joriy qilinmoqda.

    Yurtimizda spinal mushak atrofiyasi tashxisi bilan 75 nafar bola aziyat chekyapti. Bu kasallik tug'ma bo'ladi. SHu paytgacha ular davlat byudjetidan doridarmon bilan ta'minlanmagan edi. Endi ularni dori bilan ta'minlash maqsadida har yili 110 milliard so'm qo'shimcha mablag' ajratiladigan bo'ldi.

    Shuningdek, mamlakatimiz bo'yicha 46 ta tumanlararo perinatal markaz tashkil etilib, ularda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo'limi faoliyati yo'lga qo'yilmoqda. 2022 - yil 1 - apreldan boshlab tibbiyot tashkilotlari tomonidan chet eldan olib kiriladigan buyumlar, uskuna va materiallar 2025 - yil 1 - yanvargacha qo'shilgan qiymat solig'i va bojxona bojidan ozod qilinishi davlat sektori uchun ham, xususiy sektor uchun ham juda katta yordam, katta madad deb bilaman. Xorijlik shifokorlarga O'zbekistonda ishlash uchun ruxsatnoma berish bo'yicha to'lov miqdori keskin kamaytirilmoqda. Endi chet ellik hamkorlarimiz ham yurtimizda faoliyat yuritishdan manfaatdor bo'ladi. Bu ham tibbiyotimiz rivojida muhim ahamiyatga ega.

    Xalq tabobatining sinalgan usullarini zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilish orqali davolash tizimining natijadorligini oshirish kun tartibidagi masalalardan. Shu maqsadda 2022 - yildan boshlab samarasi isbotlangan dorivor o'simliklar tibbiy yordam ko'rsatish standartlari va protokollariga bosqichmabosqich kiritilishi ko'zda tutilmoqda. Bu bo'yicha barcha tibbiyot oliy o'quv yurtlari va texnikumlarida, hududiy xalq tabobati markazlarida soha uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy qilish bo'yicha vazifalar yuklatilgan. Shuningdek, barcha hududda Ibn Sino markazlari tashkil etilib, ular maktab, litsey, kollej, texnikum va oliy o'quv yurtlarida xalq tabobati hamda sog'lom turmush tarzini o'qitadi.

    Ayni paytda oldimizda ikkita muhim vazifa turibdi. Birinchisi, kasallikni barvaqt aniqlab, davolash bo'lsa, ikkinchisi, shu xastalikni keltirib chiqaradigan omillarni o'rganib, u bilan kurashish. Kasallik qaysi hududda kam uchrasa, profilaktikasi bilan yaxshiroq shug'ullanayotgan tibbiy brigadani rag'batlantirish chorasi belgilanmoqda. Shuningdek, har bir poliklinikada xalq tabobati xonalari, fitobarlar tashkil etilishi, dorixonalarda dorivor vositalar burchagi bo'lishi va litsenziya talab sifatida kiritilishi nazarda tutilgan.

    Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, uni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida alohida dastur qabul qilinishi xususida to'xtalish joiz. Respublika, viloyat, shahar va tuman darajasida yagona boshqaruv tizimi tashkil etilishi bo'yicha topshiriqlar olganmiz. Hademay, Toshkent shahrida yo'lga qo'yilgan tajriba asosida har bir viloyatda tez tibbiy yordam yo'nalishida elektron avtomatlashgan boshqaruv tizimi joriy qilinadi. Yangi tashkil etiladigan markazlashgan dispetcherlik markazlari bemorni ahvoli, kasallik turi va darajasiga qarab saralaydi. Shunga asosan eng yaqin hududda joylashgan tegishli tibbiy brigada tezkorlik bilan yo'naltiriladi. Bu bemor oldiga o'z vaqtida, qisqa muddatda etib borish, sifatli va kafolatlangan tezkor tibbiy xizmat ko'rsatish va o'lim xavfini bartaraf etishga xizmat qiladi. Shu tarzda viloyat va tuman chegarasiga qarab emas, balki bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab xizmat ko'rsatadigan tez tibbiy yordam tizimi shakllantiriladi.

    Onalik va bolalikni muhofaza qilish — sog'liqni saqlash tizimidagi ustuvor vazifalardan biri. Ilgari zamonaviy bolalar shifoxonasi yoki onalar uchun tibbiy jihozlar yo'qligi, kadrlar etishmasligi tufayli go'daklar o'limi ko'rsatkichi yuqori edi. Ayniqsa, 500 grammdan 1 kilogrammgacha bo'lgan chala tug'ilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo'lmasdi. Bugun shunday bolalardan 80 foizining hayotini saqlab qolishga erishilmoqda.

    Perinatal markazlar, akusherlik, ginekologiya muassasalariga zamonaviy jihozlar olib kirilayotgani va bugun xalqaro talabga javob beradigan kadrlarning shakllanish bosqichida biz shunday natijalarga erishmoqdamiz. Yaratilayotgan shart-sharoit dunyoga kelayotgan bolalarimizning har jihatdan sog'lom voyaga etishi uchun poydevor hisoblanadi. Tug'ilgandan keyin ham qo'shimcha mikronutrient, vitaminga boy, kompleks ovqat va voyaga etgunga qadar turli vitamin, antigel`mint preparatlar bilan ta'minlash bolalarning ham ruhan, ham jismonan ratsional, sog'lom o'sishiga zamin yaratadi.

    Kelgusida qiladigan ishlarimiz juda ko'p. Bolalar xirurgiyasini hali to'liq rivojlantirganimiz yo'q. Rivojlanayotgan homiladagi kasallikni aniqlab, uni ona qornida operatsiya qilib, sog'lomlashtirish amaliyoti dunyoda ancha rivojlangan. Biz bu yo'nalishga hali kirib bormadik ham. Shu kabi zamonaviy yo'nalishlar borki, ular bo'yicha hali ko'p ishlashimiz kerak. Tibbiyot muassasalarining moddiytexnik bazasini yaxshilash bo'yicha 2022-2025 yillarga mo'ljallangan alohida dastur ishlab chiqilishi ko'zda tutilmoqda. Ochiq muloqotda ana shu dastur doirasida 182 ta oilaviy shifokorlik punktini ichimlik suv, 450 dan ortiq muassasani isitish, 650 tasini elektr energiyasi bilan to'liq ta'minlash bo'yicha topshiriq berildi.

    Tibbiyot muassasasini qayta qurish, jihozlash, tug'uruq komplekslarini to'liq ta'mirlash, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta'minlash, shuningdek, bolalar shifoxonalarining holati va ulardagi shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash bo'yicha alohida vazifalar belgilandi. Buning uchun 6 trillion so'm mablag' ajratilishi aytib o'tildi.

    Tuman va viloyat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun moliyalashtirish manbalari ro'yxati kengaytiriladi. Tuman ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kafolatlangan tibbiy xizmat turlariga kirmaydigan boshqa yangi xizmat turlarini pulli asosda tashkil qilishga ruxsat berildi. Bu tuman shifoxonalarini rivojlantirish, xodimlarini rag'batlantirish uchun katta ahamiyatga ega. Bu jarayonda pulli xizmatlardan kelib tushadigan mablag'ning 75 foizgacha qismi malakali tibbiyot xodimlarini rag'batlantirishga yo'naltiriladi.

    Shuningdek, 2022 - yil 1 - iyuldan boshlab viloyat kardiologiya, oftal`mologiya, urologiya, travmatologiya, teri-tanosil shifoxonalarini koyka o'rniga qarab emas, balki har bir bemorning davolanganlik holatidan kelib chiqib moliyalashtirish tartibi joriy qilinadi. Ushbu shifoxonalarga to'liq moliyaviy mustaqillik berilyapti. Bu klinikadagi tibbiyot xodimlarining dunyoqarashini o'zgartiradi. Sog'lom raqobat muhitini paydo qiladi, moddiy manfaatdorlikka undaydi va klinikaning rivojlanishiga olib keladi.

    Joriy yil 1 - maydan boshlab barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy-tibbiy ko'rik bepul o'tkaziladi. Shu paytgacha biz olis, chekka hududlar aholisi uchun mobil` ko'rik tashkil qilyapmiz, aholini poliklinikaga chaqirib, tibbiy ko'rikdan o'tkazyapmiz, derdik, lekin o'zimizga kelganda jarrohlar har olti oyda, qolgan mutaxassislar bir yilda bir marta o'tadigan tibbiy ko'rik ham pulli edi. Ayni bu masala ham echim topdi. Bu biz uchun yana bir xursandchilik bo'ldi. Shuningdek, qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlari V gepatitiga qarshi bepul emlanishi, mazkur xarajatlar to'liq byudjetdan qoplanishi va bunga har yili kamida 100 milliard so'm ajratilishi ta'kidlandi.

    Sog'liqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan ta'minlash masalasi ham e'tibordan chetda qolmadi. Bugun bino qurib, uni eng zamonaviy jihozlar bilan ta'minlashga davlatimizning qurbi etadi. Lekin uning ichida malakali kadr bo'lmasa, jihoz ham, bino ham hech qanday qiymatga ega emas. Bu holat hozir ham uchrayotganini inkor eta olmaymiz. Shu bois, malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash uchun tibbiy ta'limni to'liq transformatsiya qilish zarurati mavjud. Yurtimizdagi 35 ta oliy ta'lim muassasasiga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. Ularning 8 tasi tibbiyot oliy o'quv yurtlaridir. Uchta filialdan tashqari 8 ta tibbiyot oliy o'quv yurti akademik va moliyaviy mustaqillikka erishdi. Bu nima beradi?

    Avvalo, zamonaviy, xalqaro talab darajasidagi kadrlarni tayyorlashga zamin yaratiladi. O'quv dasturidagi har bir mavzuni qayta ko'rib chiqish, o'zaro integratsiya qilib, 2022-2023 yillarda yangi tibbiy ta'lim tizimini joriy etishga xizmat qiladi. Bu bo'yicha dastlabki ishlar boshlandi.

    Bugun tibbiyot ta'limini kuchaytirish bo'yicha oldimizda muhim vazifa turibdi. Masalan, O'zbekiston tibbiyot oliy o'quv yurtiga kirgan talaba birinchi semestrda yurtimizda o'qisa, ikkinchi semestrda Evropaning biror oliy o'quv yurtida o'qishni davom ettirishi, uchinchi semestrda Sharq mamlakatlariga borib o'qish imkoniyatiga ega bo'lishi zarur. Buning uchun ta'lim tizimimiz ularniki bilan integratsiyalashgan bo'lishi lozim.

    O'quv rejasi va dasturlarini yaratish asosida ta'lim tizimini to'liq transformatsiya qilishni davrning o'zi talab etmoqda. Bunga ko'ra, tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari hududlarda shifokorlarga bo'lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib borilishi, ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pul`monologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo'yicha magistraturaga davlat grantlari to'rt barobar ko'paytirilishi aytildi. Chunki mamlakatimizda hali amaliyotga to'la joriy qilinmagan 20 ga yaqin bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura yo'nalishi bor. Ular hatto yurtimiz ta'lim klassifikatoriga ham kiritilmagan. Bu yangi yo'nalishlarni joriy qilmay, tibbiyotimizni xalqaro darajaga olib chiqish qiyin kechadi.

    Mamlakatimiz uchun yana bir juda katta yangilik — magistratura bosqichidagi va 5-6-kurs talabalarining yo'llanma asosida birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo'lib ishlashiga ruxsat berildi. Bu amaliyot bilan nazariya integratsiyasi orasida katta uzilishni bog'lashga xizmat qiladi. Qolaversa, talaba tez tibbiy yordam, shoshilinch tibbiy yordam, birlamchi bo'g'inda etarli malaka orttirsa, kelgusida tor ixtisosligini ham muvaffaqiyatli o'zlashtira oladi. Shu yo'l bilan joylardagi vakant joylarni, ehtiyoj yuqori bo'lgan shifokorlar o'rnini to'ldiramiz.

    Aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzi va to'g'ri ovqatlanish madaniyatini targ'ib qilish orqali kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish talabga aylanib ulgurdi. Uchrashuvda bu borada ham o'rinli takliflar bildirildi. Aytaylik, endi bitta oilaviy shifokorga biriktirilgan 2 000 ta xonadonga borib, kundalik, haftalik taomnoma bilan tanishiladi. Oila a'zolarining ovqatlanish tartibi va ratsioni aniqlanib, taomnomaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritiladi. Shu tariqa hamkorlikda to'g'ri ovqatlanish madaniyati shakllantiriladi. Bu juda muhim. 80-90 foiz kasallikning oldini oladigan omil — bu to'g'ri ovqatlanish va sog'lom turmush tarzi. Shu tartibni aholiga to'g'ri etkaza, tushuntira olsak, joriy qilib, yo'lga qo'ysak, kamida 50 foiz kasallik keskin kamayadi. Kasalliklarning oldini olish bilan deyarli shug'ullanmayapmiz. Hozirgacha uning asoratini bartaraf etish bilan ovoramiz. Shu bilan bandmiz. Bundan buyon kasalliklarning oldini olish bo'yicha tizimli ishlar qilinadi. Sog'liqni saqlash infratuzilmasini puxta o'rgangan holda, bir yo'nalishdagi shifoxonalardan voz kechilib, mavjud shifoxonalar negizida ko'p tarmoqli klinikalar tashkil etilishi ko'zda tutilgan.

    Sirdaryoda pilot loyiha sifatida Guliston tibbiyot klasteri tashkil etildi. Bu erda ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi va ftiziatriyadan tashqari barcha klinika bir joyda jamlanadi. Lozim topilsa, uning yonida tibbiyot oliy o'quv yurti ham tashkil etiladi. Eng asosiysi, xalqimizga o'z vaqtida sifatli, samarali tibbiy xizmat ko'rsatish tizimi yaratiladi. Bu tajriba keyingi yildan butun mamlakatimiz bo'ylab yo'lga qo'yiladi.

    Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti sog'liqni saqlash tizimida katta burilish yasadi. Tibbiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi. Qolaversa, mamlakatimizda sohaning yangi uyg'onish davrini boshlab beradi.