Joriy yilda moliyaviy xizmatlar hajmi 20 foizga oʻsishi kutilmoqda.
Yaqinda kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Biznesni rivojlantirish banki hamda oʻrta biznes uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil qilindi.
Shuningdek, ilk bor bazaviy bank xizmatlarini koʻrsatuvchi mikromoliya banklari ishga tushadi. Ularga aholidan depozit qabul qilish, toʻlovlar oʻtkazish, xorijiy valyutada qarz mablagʻlari jalb qilishga ruxsat berilmoqda.
Shularni hisobga olib, kelgusi yilda moliyaviy xizmatlarda 30 foiz oʻsish qilib, uning hajmini 140 trillion soʻmga yetkazish muhimligi taʼkidlandi.
Kelgusi yilda xalqaro kapital bozorlarida 500 million dollarlik “yevrobond” joylashtirishga koʻrsatma berildi.
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida oʻz mikro-biznesini yoʻlga qoʻygan va ijobiy kredit tarixiga ega aholiga 50 million soʻmgacha garovsiz kreditlar berish yoʻlga qoʻyiladi.
Hozirda 2 million 400 ming aholi oʻzini oʻzi band qiluvchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.
Yigʻilishda ularga biznesga birinchi qadam uchun kredit berish taklifi bildirildi.
Bunda, yillik 340 ming soʻm ijtimoiy soliq toʻlagan aholiga imtiyozli kredit ajratilib, “onlayn” usulda bank kartasiga oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, faoliyatini kengaytirib, tadbirkor boʻlish istagidagi aholiga 100 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi, 50 foizi bank kartasiga oʻtkazib beriladi.









