Joriy yil mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 31 yil to‘ldi hamda bu borada davlatimizning hududiy yaxlitligini saqlash va Qurolli Kuchlar tizimini yaxshilashda juda ko‘p amaliy islohotlar olib borildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy-vatanparlik ruhida tarbiyalash, ularni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaydigan, mustaqil fikrli, mard va jasur etib tarbiyalash eng dolzarb masala bo‘lib, bu borada yoshlar tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, har bir harbiylashtirilgan tashkilotlarda Yoshlar ittifoqining yetakchilari faoliyati joriy qilinib, ular orqali mazkur tashkilotlardagi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratildi.
Yoshlar press klubida harbiy tuzilmalardagi yoshlar yetakchilari bilan Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi X.Sattarovlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligida faoliyat yuritib kelayotgan boshlang‘ich tashkilot yetakchilari va yosh harbiy xizmatchilar ishtirok etib, ular tomonidan 2022 yil davomida yoshlar siyosati yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Shuningdek, tashkilotlarda yoshlar masalasida uchrayotgan muammolar yoshlar tashkiloti rahbarlariga bildirilib, muammolarini yechimi masalalari muhokama qilindi.
Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari – Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev tomonidan yoshlar siyosati yo‘nalishida olib borilayotgan yangi islohotlar, yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik masalalari taqdimoti namoyish qilindi.
Bundan tashqari harbiy tuzilmalarda 2023 yilda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jinoyatchilik profilaktikasi va huquqiy savodxonlikni yuksaltirishdagi “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, bu boradagi ishlarni natijali amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Uchrashuv yakunida yoshlar yetakchilariga 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” bayrami munosabati bilan Yoshlar ishlari agentligining sovg‘alari topshirildi.











