Shuningdek, Buyuk Britaniya hamda A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institut hamkorligidagi “Future English in Uzbekistan” loyihasi doirasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida faol qatnashgan 4 nafar umumtaʼlim maktab oʻqituvchilari, xususan, Fargʻona viloyati, Quva tumani 49-maktab oʻqituvchisi Davlatov Nosir Ergashaliyevich, Toshkent shahar 195-maktab oʻqituvchisi Burhonxoʻjayeva Hushnamo Madaminovna, Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahar 9-maktab oʻqituvchisi Abduazimova Surayyo Shodmonqulovna va Fargʻona viloyati, Quva tumani, 40-maktab oʻqituvchisi Xoʻjayeva Sadoqat Habibullayevnalar ham mazkur konferensiyada qatnashdi..
Konferensiyada institut rahbari Ayubxon Radjiyev ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi, xususan malaka oshirish tizimida olib borilayotgan islohotlar mazmuni, ilk natijalar boʻyicha qisqacha maʼlumot berdi.
Buyuk Britaniya kengashi tashabbusi bilan konferensiyada turli mamlakatdan ishtirok etayotgan malaka oshirish tizimidagi mutasaddi rahbarlar uchun ingliz tilining kelajagi qanday boʻlishi boʻyicha savol oʻrtaga tashlandi. Boshqa davlatlar masʼullari kabi A.Radjiyev ham oʻz fikrini bildirdi. Ingliz tilining kelajagi, malaka oshirish tizimining muqobillashtirilishi, amaliyot va ilmiy-tadqiqot ishlari birgalikda amalga oshirilishi muhimligi taʼkidlandi. Bunda faqat malaka oshirishdagi darslarning oʻziga urgʻu bermasdan, hozirgi holat yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, oʻqituvchilarning qaysi kompetentliklarda oqsoqlanayotganliklarini oʻrganish kabi masalalarga ilmiy yondashgan holda yechim berish va mana shu tadqiqotlar natijasiga koʻra, yangi metodikalarni joriy etish, tizimni isloh qilish muhimligi qayd etildi.
Ingliz tilining kelajagida onlayn, ishdan ajralgan va ajralmagan holda sinxron va asinxron shakllaridagi malaka oshirish kurslarining jadallashishi ehtiyojga, individual trayektoriyaga asoslangan kurs kontentlarini yaratishga eʼtibor berilishi ushbu tilning kelajagidagi muhim omil sifatida taʼkidlandi.
Delegatsiya Buyuk Britaniya kengashi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda hamkorlikning keyingi bosqichlari, xususan, davlatimiz rahbari tomonidan maktab oʻqituvchilariga yangi, ilgʻor metodikalarni joriy qilishda xorijlik mutaxassislarni Oʻzbekistonga jalb qilishdagi masalalar muhokama qilindi.
Buyuk Britaniya kengashi vakillari tomonidan hamkorlikning keyingi bosqichida nafaqat ingliz tili fani, balki boshqa fanlar, xususan STEAM-tabiiy fanlar yoʻnalishi boʻyicha ham xorijlik mutaxassislarni Oʻzbekistonga jalb qilish imkoniyati mavjudligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya kengashi rahbariyati va A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati keyingi bosqichdagi navbatdagi xalqaro konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkazishga kelishdi.
Bu boʻyicha iyul oyida boʻlib oʻtadigan uchrashuvlarda aniq toʻxtamga kelinadi.
A. Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institut
Matbuot xizmati










