Yomgʻir suvidan moʻmay daromad topayotgan maktab yigʻilgan mablagʻini qanday sarflanadi?

    Ancha vaqtdan buyon maktabdagi boʻsh yerdan unumli foydalanish ustida izlanib yurgan direktorni eng birinchi navbatda suv masalasi oʻylantirardi. Axir bu yaqin atrofda oqar suvning oʻzi yoʻq.

    Bundan tashqari, maktab hovlisi kichik boʻlsa ekan, ozgina suv bilan muammoni hal qilib qoʻysa. Aslida, Dehqonobod tumanining aksariyat hududiga oqar suv kelmaydi. Yangi ekilgan daraxtni amal oldirishning oʻzi mushkul. 97-maktab binosi qurilganiga ham hali koʻp boʻlgani yoʻq. Qurilishdan qolgan hududni tozalab, yerni ekishga tayyorlab olishning oʻzi boʻlmadi. Buning uchun katta mehnat sarflandi.

    Yangi joyda bitta niholni koʻklatishning oʻzi boʻlmaydi. Oʻtgan yili maktab hovlisida ilk marta oʻtqazilgan nihollarning aksariyatini yozning jaziramasidan saqlab qolish oson kechgani yoʻq. Imkon darajasida hashar qilib, chelaklab suv quygan holatlar boʻldi. Shu sabab keksa bogʻbonlar maslahatiga quloq tutib, iqlimga mos nihollarni ekishga harakat qilinmoqda. Bu esa oʻz samarasini bermay qolmaydi. Xususan, jamoada mehnat qilayotgan Juma ota Baratovning bogʻdorchilikda tajribasi katta. Uning oʻgitlariga quloq tutgan odam kam boʻlmaydi. Hovlidagi yashillik nishonalari ham u kishining tavsiyasi asosida boʻlgani aniq.

    Joriy yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida direktor nafaqat daraxt ekish, balki shu jarayonda yangi gʻoyalarini ham amalga oshirishga kirishdi.

    Dastlab oʻtgan yili noyabr oyida maktab hovlisidagi ochiq yerni yaxshilab haydab, ekishga hozirladi. Shundan soʻng mevali daraxtlar urugʻini olib keldi. Oʻzi bosh boʻlib, yaxshi niyat bilan yerga qadadi. Hisobiga koʻra, nasib etsa, ikki-uch yilda naq yigirma ming dona koʻchat yetilishi kerak.

    Agar buni pulga hisoblaydigan boʻlsa, kamida uch yuz million soʻm boʻladi.

    Hozircha mevali nihol urugʻi unchalik koʻp joyni egallamadi. Hali ochiq maydon anchagina. Yerning boʻsh yotganidan koʻra, undan unumli foydalangan afzal.

    Qolgan joyga kavrak ekishni niyat qildi. Tumanda bu borada mutaxassislar yetarli. Tajribali dehqondan urugʻ olib, yaqinda ekishni boshlab yubordi.

    — Barchasini kimdir qilib berar, deya qarab oʻtiradigan vaqt emas, — deydi maktab direktori Sherzod Mengliyev. — Bugun intilgan kishi har bir sohada oldinlamoqda. Eng muhimi, boqimandalik kayfiyatidan xalos boʻlib, intilsangiz kam boʻlmaysiz. Anchadan beri taʼlim muassasamiz hovlisidan qoʻshim-cha daromad olish manbaini qidirib yurardim. Koʻchatchilikni yoʻlga qoʻyishni reja qildik. Buning uchun, birinchi navbatda, mevali daraxt nihollari yetishtiradigan bogʻ qildik. Hozir ekilgan urugʻ nish urishni boshladi. Bundan tashqari, “Yashil makon” doirasida bir qancha manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ham ekib chiqdik. Endi ularning orasiga kavrak urugʻini sepyapmiz. Tumanimizda kavrak yetishtirish tajribasiga ega malakali kishilar koʻp. Yana bir tomoni, iqlimimizga mos. Sohaning aksar yetakchilari koʻrsatmalariga asosan, aynan kavrak koʻchatini yetishtirishni maqsad qildik. Koʻpgina hududlarimizda kavrak plantatsiyalari barpo etilmoqda. Shu bois, uning koʻchatiga talab yuqori. Hozir chamalashimiz boʻyicha yerga sochilgan urugʻdan 200 ming dona nihol koʻkarib chiqadi. Ikki yilda tayyor boʻladigan niholning donasini oʻrtacha 2 ming soʻmdan sotishimiz mumkin. Ayni paytda maktab hovlisining oltmish sotixdan ziyod yeriga kavrak ekildi.

    Boshida koʻpchilik ishonmagandi. Bugun esa direktorning tashabbusi maktab jamoasi to-monidan ham qoʻllab­quvvatlanmoqda. Mazkur loyiha ertangi kunda qoʻshimcha daromad olib kelishi hech kimda shubha qoldirmayapti. Shu bilan birga, joriy yilda ekilgan daraxtlar parvarishiga ham imkon yaratildi.

    Bunga biz ham oʻz hissamizni qoʻldan kelgancha qoʻshishga harakat qilyapmiz. Oʻtgan yili ekkan daraxtlarimizning be-xato koʻklab ketishiga erishdik. Hozir taʼlim maskanimiz atrofini koʻrgan kishining koʻzi quvnaydi.

    — Ancha yildan beri bogʻdorchilik bilan shugʻullanib kelaman, — deydi maktab ishchisi Juma ota Baratov. — Boshqa hududlarni bil-madimu biz taraflarda bitta niholni amal oldirish ancha mushkul. Boisi, namgarchilik juda kam. Tuprogʻimiz qumli. Shuning uchun ogʻir mehnat talab qiladi. Albatta, atrof yashillikka burkansa, barchamiz uchun yaxshi.

    Bugungi saʼy­harakatlar qisqa fursatda samara koʻrsata boshlaydi. Maktab direktori rejasiga koʻra, yaqin ikki­uch yilda daromad uch yuz­toʻrt yuz million soʻmdan oshib qoladi. Qoʻshimcha ishlab topilgan mablagʻlar esa, eng avvalo, iqtidorli oʻquvchilarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi. Shu bilan birga, kam taʼminlangan oilalar farzandlarini oʻquv qurollari bilan taʼminlash, ayrim ehtiyojmand bitiruvchi yoshlarning oliy taʼlimdagi oʻqish­lari uchun kontrakt pullarini toʻlab berishga sarflanadi.

    — Oʻquvchilarimiz orasida bilimga chanqoq, zukkolari juda koʻp, — deydi Sh.Meng liyev. — Viloyat hamda respublika tanlovlarida, fan olimpiadalarida doimo ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelishadi. Ishlab topilgan daromadning bir qismini oʻquvchilarning boshqa shahar-larda boʻladigan tanlovlarda ishtiroki uchun yoʻl xarajatlariga ham ishlatish belgilangan. Shuningdek, faol oʻqituvchilarni doim qoʻllab borish, maktab stipendiyasini tashkil etish rejamizda bor. Kelgusida imkon yarata olsak, boshlangʻich sinf oʻquvchilarimiz uchun maktabda bepul tushlikni joriy etish maq-sadimiz bor. Loyihamizni bosqichma­bosqich amalga oshirib borsak, oʻzimiz uchun imkoniyatlar eshigi ochilib boraveradi.

    Eʼtibor qaratgan boʻlsangiz, ushbu taʼlim maskani rahbari tashabbusidan oʻrnak olar-lik jihatlar anchagina. Bizni qiziqtirgani esa bu yerda suv tejamkorligini qulay usulda yoʻlga qoʻ yib olganida boʻldi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, hududda oqar suv muammo. Ammo dorivor oʻsimlikni, qolaversa, daraxtlarni sugʻorish uchun obihayotning oʻrni katta. Buning soddagina usuli esa jamoa ishini osonlashtirgani aniq. Yaʼni maktabning orqa tomonida 100 tonnali hovuz mavjud. Uni maxsus mashinalarda suv tashib toʻldirish katta xarajatga tushishi aniq. Beminnat yomgʻir suvi esa bu uchun eng maqbul yoʻl. Hozir maktab tarnovlaridan tushayotgan yomgʻir-qor suvlari toʻgʻridan toʻgʻri hovuzga yoʻnaltirilgan. Suv omborchasi toʻldirilgach, vaqti kelib, yomgʻirlatib sugʻorish uskunalari orqali ekinzor toʻliq sugʻorila boshlanadi.

    Sirasini aytganda, 97-maktab jamoasi tashabbusi boshqa umumtaʼlim muassasalarida ham joriy etiladigan boʻlsa, birinchi navbatda, bugun kattagina mablagʻ sarflanib sotib olinib, ekilayotgan nihollar ertaga hech bir muammosiz boʻy koʻrsatishi aniq. Bundan tashqari, qoʻshimcha daromad topish ham mumkin.

    Akbar RAHMONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri