Hozir insoniyatning atrof-muhitga munosabatini koʻrib, tabiatga qarshi kurashga astoydil bel bogʻlaganmi, deya oʻylab qolasiz. Biz uchun oddiy tuyulgan holatlar — daraxtlarning tagini betonlash, kesish va, ayniqsa, ularni skotch bilan “boʻgʻish”, tanasini teshib, turli eʼlon yoki afishalarni yopishtirish kabilar bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bobi 39-bandida tashqi reklama obyekt (konstruksiya)larini past balandlikdagi devorlarda va daraxtlarda oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.
Talabalar shaharchasidagi archalarni reklama qogʻozi bilan “bezagan” oʻquv markazi xodimining fikricha, ularning oʻz xizmatini boshqacha tartibda targʻib qilish imkoniyati cheklangan. Maxsus eʼlonlar taxtalari ham koʻp emas. Odamlar doim ham bunday peshtaxtalarga qaramaydi.
Fuqarolarning fikriga koʻra, bu masalaga yechim topish qiyin emas. Jumladan, talaba Saidkamol Soliyev bunday deydi:
— Hammani qoʻlida mobil telefon bor. Koʻchada yurganda ham ijtimoiy tarmoqlardan bosh koʻtarmaymiz. Turli reklamalarni, oʻzimizga foydali maʼlumotni topish uchun baribir internetga yuzlanamiz. Shuning uchun oʻquv markazlari va shu kabi tadbirkorlik subyektlari oʻz xizmatini targʻib qilishda SMMdan foydalansa, tabiatga zarari tegmagan boʻlardi.
Boshqa bir talaba — Dilnoza Mirzayevaning aytishicha, tashrif qogʻozini tarqatish ham samara beradi. Faqat buning uchun odamlarda ekologik madaniyat boʻlishi kerak. Qogʻozni olgan zahoti yerga emas, belgilangan joyga tashlashi lozim.
— Daraxtlarga yelimtasma, mix, ilgaklar yordamida eʼlonlar yopishtirilishiga koʻp guvoh boʻlamiz, biroq unchalik ahamiyatga ega emas, deb hisoblaymiz, — deydi “Ekolog” jamoat birlashmasi rahbari, ekojurnalist Nargis Qosimova. — Vaholanki bularning barchasi tirik daraxtning nafas olishida toʻsqinlik qiladi. Tanasining moʻrtlashuviga, chirishigacha olib boradi. Daraxtning kislorod manbai ekanini hisobga olsak, bitta daraxtni yoʻqotish ham hozirgi sharoitda katta talafotga sabab boʻlishi mumkin.
Ekologik madaniyatni odamlar ongiga majburan singdirib boʻlmaydi. Lekin ona tabiat bilan bogʻliq muammoning katta-kichigi yoʻq. Yechim esa uzoqda emas, oʻzimizda. Ekologik masʼuliyat susaygan joyda qonunchilik yordamga kelishi darkor.
Komila HAMROYEVA,
OʻzMU talabasi









