Yangi Namangan tumanida suv taʼminotiga bagʻishlangan media-tur oʻtkazildi

    Mamlakatimizda 19 Iyul 2021 2310

    Ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoqlar faollari ishtirokidagi media-tur “Namangan suv taʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan tashkil etildi.

    Unda jurnalistlar va blogerlar Yangi Namangan tumani mahallalarida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yaqindan tanishtirildi.

    Dastlab koʻpgina ijtimoiy muammolar hal etilishi zarur boʻlgan hududlardan biri “Mingterak” mahalla fuqarolar yigʻiniga borildi. 1 ming 80 xonadonga ega, 7 ming 200 dan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mahallada hozirda mavjud suv tarmoqlari eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgan. Hatto bitta xonadon uchun 5 kub suv isteʼmoli 125 ming soʻmgacha tushadi. Ayni kunlarda esa mazkur mahalla hududiga 37 km. masofadan suv tarmoqlari tortilmoqda.

    Xususan, “Saxovat” koʻchasida 2 ming 300 metr qazish ishlari yakuniga yetkazilib, D-110 mm.li 600 metr ichimlik suv tarmogʻi yotqizish ishlari qizgʻin kechmoqda. Bu jarayon tugallangach, 2 ming 520 kishining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji toʻlaqonli qondiriladi. Qolaversa, isteʼmolchilarning obi hayot uchun toʻlovlar miqdorini imkon qadar tushishini ham taʼminlaydi.

    Media-tur ishtirokchilari “Mustaqillikning 10 yilligi” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 10 million litr suv sigʻimiga ega suv saqlash inshooti qurilishiga ham bordi. Mazkur hududda ayni paytda sigʻimi 5 ming kuba boʻlgan 2 ta suv saqlash inshooti barpo etilmoqda. 10 million litr sigʻimga ega mazkur gidro inshoot orqali Yangi Namangan tumanining oltita – “Bunyodkor”, “Yoshlik”, “Oromgoh”, “Mustaqillikning besh yilligi”, “Saxovat” va “Mingterak” mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisiga uzluksiz ichimlik suvi yetkazib beriladi.

    Shundan soʻng, “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yigʻini binosida Yangi Namangan tumanida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga doir chora-tadbirlar boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Taʼkidlanganidek, Yangi Namangan tumani hududidagi sakkizta mahallada jami 70.8 km. masofa boʻylab, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish ishlari bajarildi.

    — Prezidentimizning joriy yil 18-19-fevral kunlari Namanganga tashrifi chogʻida viloyat markazidan 18 kilometr olis manzilda joylashgan “Bunyodkor” mahallasi nomiga munosib emasligi, ushbu hududda infratuzilma obyektlari yaroqsiz holga kelib qolganligi keskin tanqid qilinib, mutasaddilarga bir qator vazifalar yuklatilgandi, - deydi “Namangan suv taʼminoti” MCHJ direktorining birinchi oʻrinbosari Shavkat Abdullajonov. - Davlatimiz rahbarining mazkur topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida, “Bunyodkor” MFY hududida ichimlik suv tarmoqlarini tortish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 149 milliard 100 million soʻmga teng loyihaga koʻra, “Bunyodkor” mahallasiga Yangiqoʻrgʻon tumanining “Buloqboshi” mahallasida joylashgan suv olish inshootidan suv tarmogʻi tortib olib kelinadi.

    Jami 61,6 km., shundan 10,2 km. magistral tarmoq tortish ishlari yakunlanib, 51,4 km. ichki qazish ishlari bitkazildi. 5 ming kuba suv hovuz qazish ishlari uchun maxsus texnikalar jalb etildi. Magistral tarmoqlar uchun “Yangi avlod invest” MCHJ tomonidan D-500 mm.li jami 9 ming 147 metr polietilen quvurlar olib kelib tushirildi. Quvurlarni bir-biriga ulab, 9 ming 43 metrga yetkazilib, 8 ming 834 metr quvur yotqizildi.

    Shuningdek, D-315 mm.li 1 ming 300 metr polietilen quvurlar keltirildi va ularni oʻzaro ulash 1 ming 120 metrga yetkazildi. Hozirda suv montaj ishlariga 13 ta maxsus texnika jalb qilinib, shundan qum va kerakli materiallar tashishda 62 nafar ishchi-xodimdan iborat 5 ta brigada faoliyat yuritmoqda.

    Loyiha doirasida koʻrsatilgan aholi xonadonlaridan 1 ming 683 tasiga 44 kilometr tarmoq tortish nihoyalandi. Natijada “Yangi zamon”, “Sardor”, “Chorvador”, “Ustalar”, “Mustaqillik 10 yilligi”, “Sanoat”, “Gaiston”, “Bogʻbon”, “Bahor” koʻchalarida istiqomat qiluvchi 12 ming 880 aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

    Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan bunday loyiha toʻliq yakunlanganidan soʻng, nafaqat Bunyodkor, balki Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy va Yangi Namangan tumanlaridagi 24 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududlarida yashovchi 127 mingdan ziyod aholi hamda sakkizta ijtimoiy soha obyektining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 230-son qaroriga asosan, “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injinering kompaniyasi” UK obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari Namangan viloyati boʻyicha manzilli roʻyxati boʻyicha tumandagi “Sherbuloq” va “Mingterak” mahallalari aholisi toza ichimlik suviga erishadi.

    Xususan, “Sherbuloq” MFYga 10.8 km. ichimlik suv tarmogʻi tortish rejalashtirilgan boʻlib, hozirda ushbu qarorga asosan 4,7 km.da tarmoq tortish amalga oshirildi. Ayni saʼy-harakatlar natijasida 3 ming 500 aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

    “Mingterak” mahallasining “Saxovat” koʻchasida esa 2 ming 300 metr qazish yumushlari poyoniga yetkazilib, D-110 mm.li 600 metr ichimlik suv tarmogʻi yotqizilmoqda va yaqin orada 2 ming 520 aholi muqaddas neʼmatdan bahramand boʻladi.

    Jamiyat tomonidan Yangi Namangan tumani hududidagi mahallalarga tortilgan, ammo ayni paytda eskirib, yaroqsiz holga kelgan ichimlik suv quvurlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha takliflar tayyorlanmoqda.

    “Paxtalikkoʻl” va “Oromgoh” suv uzatish inshootlarida esa obodonlashtirish, inshootdagi ichimlik suvi tarmoqlaridagi nosozliklarni taʼmirlash va nasos agregatlarini mukammal taʼmirlash jarayonlari avjida.

    Albatta, suv taʼminotidagi bunyodkorliklar tizimli davom ettirilmoqda.

    Abbosbek SATTOROV,
    Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati rahbari.