Yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar muhokama etildi

    Ijtimoiy hayot 7 Oktabr 2022 14192

    Senatning oʻttiz uchinchi yalpi majlisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish natijalari muhokama etildi.

    Unda Senat tomonidan parlament nazorati doirasida hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash ishlari doimiy ravishda oʻrganib borilayotgani qayd etildi.

    Taʼkidlanganidek, mahallalarda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollarining koʻmagida 583,4 ming mehnatga layoqatli kishiga mehnat organlari tomonidan bandlik xizmatlari koʻrsatilib, ulardan 291,3 ming kishining bandligi taʼminlangan.

    “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 23,9 ming nafar ishsiz fuqaroga 58,2 milliard soʻm miqdorida subsidiya ajratilgan. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 23,8 ming va Xorazm viloyatida 46,8 ming nafar fuqaro 70 ta faoliyat yoʻnalishida oʻzini oʻzi band qilgan.

    Mamlakatimizda ishsiz fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelgan bitiruvchilar bandligini taʼminlash va ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, shuningdek, norasmiy bandlikni kamaytirish boʻyicha yangi taʼsirchan mexanizmlar joriy etilyapti.

    Joriy yil 1-noyabrdan boshlab oʻzini oʻzi band qilishdagi faoliyat turlari yana oʻntaga koʻpaytirildi. 2023-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq miqdori kamaytiriladi. Shaxsiy tomorqa yer uchastkasida oʻnga yaqin faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga ham kafolatlangan mehnat stajiga ega boʻlish imkoniyati beriladi.

    Bu imkoniyatlardan mazkur hududlarda ham keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

    Muhokama jarayonida senatorlar ijobiy ishlar bilan bir qatorda ushbu hududlardagi kamchilik va muammolarga ham eʼtibor qaratdi.

    Qayd etilishicha, xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlarida yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash ishlari tizimli ravishda har oy natijalari boʻyicha muhokama etilmagan.

    Respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat hokimliklari tomonidan taqdim etilayotgan maʼlumotlar oʻrtasida hamon nomutanosibliklar mavjud. Ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi hisobotni shakllantirishda takrorlanuvchi raqamlarni olib tashlash, soliq organi va Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT) elektron maʼlumotlari bazasiga muvofiqligini taʼminlash vazifasi bajarilmagan.

    Ayrim mahallalarda hokim yordamchilarining ishga muhtoj aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlari talab darajasida emas.

    Hunarmandchilikni jadal rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha berilgan imkoniyatlardan foydalanish ishlari oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Ushbu yoʻnalishda faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlar ham ish oʻrinlari hisobotlarida koʻrsatilgan. Bundan tashqari, faoliyati toʻxtagan hunarmandlarga shogirdlar biriktirilgani ham hisobotlarda aks etyapti.

    Auksion orqali sotilgan yer maydonlarida dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari qoniqarli emas.

    Shuningdek, muhokamalar davomida senatorlar tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida oʻrganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish boʻyicha tavsiyalar berildi.

    Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.