Xalq konstitutsiyasi – qadr-qimmat va insoniy huquqlarning bosh kafolati

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish uchun oʻtkaziladigan umumxalq referendumiga ham sanoqli kunlar qoldi. Har birimizga daxldor bu muhim siyosiy voqelikka katta hozirlik koʻrilmoqda. Bu jarayonda Konstitutsiyamiz yangi tahririning amaldagisidan farqli jihatlariga toʻxtalish oʻrinli boʻladi.

    Birinchidan, amaldagi Konstitutsiyaning 128 moddasi 155 taga koʻpayib, uning normalari 275 tadan 434 taga oshirildi.

    Ikkinchidan, Konstitutsiya yangi tahririning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida qoʻshilgan hamda inson huquq va erkinliklariga oid normalar 3,5 baravar koʻpaygan.

    Kelib tushgan takliflarning har toʻrttadan bittasi Asosiy qonunimiz yangi tahriridan joy olgani ham u xalqimiz xohish-irodasini oʻzida mujassamlashtirganidan dalolatdir.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari kafolatlari mustahkamlanayotgani alohida eʼtiborlidir.

    Jumladan, 50-modda “taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi”, degan norma bilan toʻldirildi. Bu alohida taʼlim olishga muhtoj shaxslarning inklyuziv taʼlim olishini davlat doimiy kafolatlash majburiyatini oʻz zimmasiga olishini anglatadi.

    Maqsad aniq – aholining yordamga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, himoya qilish, taʼlim muassasalari sharoitlarini imkoniyati cheklangan bolalar manfaatlarini hisobga olgan holda yaxshilash orqali nogironligi boʻlganlar uchun taʼlim va kasbiy-texnik tayyorgarlikdan teng foydalanish imkoniyati hamda barcha uchun xavfsiz, samarali oʻqitish muhitini yaratish.

    Qonun hujjatlarida jamiyatimizning bir boʻlagi boʻlgan, alohida yordamga muhtoj bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, sogʻlom bolalar qatoridan oʻrin olib, oʻz qobiliyati va imkoniyatlarini koʻrsata olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan. Xususan, 2020-yil 23-sentyabr kuni yangi tahrirda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga ilk bora “inklyuziv taʼlim” tushunchasi kiritildi. Nogironlik endilikda tibbiy masala emas, balki inson huquqlari masalasi, deya qonuniy eʼtirof etildi. Taʼkidlash joizki, nogironligi boʻlgan bolalar uchun toʻsiqlardan xoli va inklyuziv muhitni yaratish orqali ularning toʻliq va sifatli taʼlim olishini taʼminlash bola huquqlarini amalga oshirishning samarali yoʻllaridan biri sifatida belgilandi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan 21 ming 231 bola uchun ixtisoslashtirilgan 90 ta maktab faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, yengil darajadagi nogironligi boʻlgan 18 mingga yaqin oʻquvchi maktablarda sogʻlom bolalar bilan birgalikda taʼlim olmoqda.

    Chin insoniylik nuqtayi nazaridan qaraganda, nogironligi boʻlgan bolalar ham sogʻlom tengdoshlari kabi umumiy oʻrta taʼlim olish huquqiga ega. Ularga zarur sharoitlar yaratilishi, jumladan, brayl yozuvidagi darsliklar, surdotarjimon oʻqituvchilar boʻlishi shart. Agar bunday sharoitlar yaratilmasa, ular huquqi kamsitilishiga olib keladi.

    Davlatlar konstitutsiyaviy rivojlanishini oʻrganishga asoslangan tahlillarga tayanib aytish mumkinki, oʻz Konstitutsiyasiga nogironligi boʻlganlar tengligi toʻgʻrisidagi qoidani kiritgan birinchi mamlakat Kanada boʻlib, unda: “Har bir shaxs hech qanday kamsitishsiz, shu jumladan, irqi, millati, dini, jinsi, yoshi, aqliy yoki jismoniy nuqsonlaridan qatʼi nazar, qonun oldida tengdir”, deyilgan.

    Germaniyaning Asosiy qonunida ham xuddi shu mazmundagi norma mustahkamlab qoʻyilgan: “Hech bir inson nogironligi sababli kamsitilishi mumkin emas”. Qonunga koʻra, har bir fuqaro “reabilitatsiya qilinish va odatiy hayot tarziga integratsiyalashish huquqiga ega”, mamlakatning Konstitutsiyasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining nafaqat federal darajadagi, balki barcha mahalliy federal yerlar hamda jamoalar doirasidagi quyi darajalari, shuningdek, turli jamoat idoralari va muassasalari zimmasiga barcha toifadagi nogironligi boʻlganlarni “imkon qadar odatiy hayot tarziga kiritish, integratsiyalash” boʻyicha barcha choralarni koʻrish masʼuliyatini yuklaydi.

    Nogironligi boʻlganlarning huquqlari Vengriya Konstitutsiyasida ham oʻz aksini topgan. “Vengriya har kimga kamsitishlarsiz, xususan, irqi, tanasining rangi, jinsi, nogironligi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, tugʻilishi yoki boshqa biror maqomidan qatʼi nazar, asosiy huquqlarni kafolatlaydi. Davlatning “alohida chora-tadbirlar orqali oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar va nogironlar himoyasini taʼminlashi” koʻrsatilgan.

    Dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarini oʻrganish koʻrsatdiki, ularda ham nogironligi boʻlgan har qanday shaxsning barcha joyga kirishi, jamoat transportidan va maʼlumotlardan, imo-ishoralar tili, brayl alifbosi yoki boshqa tegishli aloqa vositalaridan foydalanishi, nogironligi bilan bogʻliq zarur materiallar, moddalar va qurilmalarga ega boʻlishi, oqilona mehnat sharoiti, mehnat qoidalari, amaliyoti yoki muolajalardan foydalanish huquqi mustahkamlangan.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham har kim uy-joyli boʻlish, sogʻliqni saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, taʼlim olish, davlat xizmatlaridan foydalanish, oʻz siyosiy irodasini erkin bildirish huquqiga egaligi kafolatlanayotgani mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili amalda oʻz ifodasini topayotgani, qolaversa, Asosiy qonunimiz haqiqiy maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganidan dalolat beradi.

    Ilhom SUVONOV,

    Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti

    ilmiy kotibi, falsafa doktori (PhD)