Uchinchi kurs talabalari “Uzbekistan GTL” zavodiga ishga qabul qilindi

    Ta'lim 18 Oktabr 2022 3666

    “Uzbekistan GTL” zavodida saralab olingan 102 nafar talaba uchun maxsus “Uzbekistan GTL—Internship” dasturi amalga oshirildi.

    Dastur yakunlariga koʻra, iqtidorli va saralab olingan 20 nafar, yuqori bilimga ega boʻlgan 4-bosqich talabalari oʻquv yili soʻngida “Uzbekistan GTL” zavodiga ishga qabul qilindi.

    Joriy yil iyul-avgust oylarida “Internship” dasturini saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan 18 nafar iqtidorli 3-bosqich talabalari esa “Uzbekistan GTL” zavodining ishlab chiqarish xodimlari sifatida, vaqtinchalik mehnat shartnomasi asosida, oylik maosh tayinlandi. Intern xodimlarga, zavod xodimlari bilan bir tengda barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib ular uchun ham maxsus forma va himoya vositalari, uch mahal issiq ovqat, yotoq joy va zavod boʻylab transport bilan taʼminlandilar.

    — “Uzbekistan GTL” zavodida men joriy yil 20-iyun kunidan boshlab “Uzbekistan GTL-Internship” dasturiga qabul qilindim, — deydi Toshkent davlat texnika universitetining 3-bosqich talabasi Xanbekov Amal. — Dastur yakuniga yetgach, bir nechta imtihon va suhbatlardan oʻtdik va vaqtinchalik mehnat shartnomasi imzolandi. Biz bu yerda zavodning xodimi yaʼni intern sifatida universitetda oʻrgangan bilimlarini asosiy texnologik jarayonlarda, uskuna va jihozlarni ishlash prinsiplari hamda tuzilishini oʻrgandik. Bu men uchun juda muhim amaliyot boʻldi. Men universitetda oʻz bilimlarimni yanada kuchaytiraman, sohamga boʻlgan qiziqishimni bir necha barobar oshdi. Internship davrida zavod rahbariyati biz uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Universitetni bitirishim bilan ushbu zavodga ishga kirish uchun astoydil harakat qilaman.

    Bu kabi dastur talabalarda mamlakatimizning neft va gaz sanoati sohasida mehnat qilish naqadar sharafli va shu bilan birgalikda yuqori masʼuliyatli ish ekanligi, sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishda tinimsiz mehnat va bilim olishning oʻta muhim ahamiyat kasb etishi toʻgʻrisida tushuncha hosil qilishlarida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 25-dekabrda “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan neft va gaz sohasidagi taʼlim muassasalaridagi oʻquv dasturlarini zamonaviy talablar asosida qayta koʻrib chiqish, talabalar amaliyotini, “Internship” dasturlarini “Uzbekistan GTL” zavodida tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan edi.

    Iqtidorli talabalar uchun “Uzbekistan GTL-Internship” dasturi doimiy ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.