Tovarlar va xizmatlar eksportida hududlarning raqobat ustunligi aniqlandi

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari hududlarning tovar va xizmatlar eksportini tayyorlik darajasi boʻyicha guruhladi.

    Tadqiqotda tovarlar va xizmatlar eksportining hududlarga xos xususiyatlarini ochib berish va tavsiflashda qiyosiy tahlil usuli - RCA (Revealed comparative advantage) indeksidan foydalanildi.

    Tadqiqot natijalariga koʻra, tovarlar va xizmatlar eksporti tayyorlik darajasi boʻyicha 4 guruhga boʻlindi: resurslar (mineral, nooziq ovqat, qishloq xoʻjaligi), qayta ishlangan sanoat tovarlari (kimyo, metallurgiya, toʻqimachilik), yuqori qoʻshilgan qiymatli tovarlar (elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika), servis (xizmatlar).

    Oʻzbekiston eksportining salmoqli qismini qayta ishlangan sanoat tovarlari (34,9 foiz) tashkil etadi. Bu asosan toʻqimachilik sanoati (Andijon, Namangan, Toshkent, Fargʻona viloyatlari, Toshkent shahri asosiy eksportchilar hisoblanadi) va metallurgiya (Toshkent viloyati, Toshkent shahri )ning eksport salohiyati bilan bogʻliq.

    Resurslar, yaʼni mineral (Toshkent, Buxoro viloyati), nooziq ovqat xomashyosi (Navoiy, Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri) va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti (16,5 foiz) (Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlari) jahon bozorida talab yuqori boʻlgan uglevodorod xomashyosi, koʻmir, sabzavot va mevalar mavjudligi bilan bogʻliq.

    Yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar eksportining mamlakat eksportidagi ulushi 5,3 foizni tashkil etadi. Bular asosan elektrotexnika (Toshkent shahri, Toshkent viloyati), farmatsevtika (Toshkent, Sirdaryo, Toshkent, Samarqand viloyatlari), mashinasozlik (Andijon, Samarqand viloyati, Toshkent shahri) tarmoqlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlardir.

    Raqobat ustunligini baholashda hududlarning quyidagi xususiyatlari aniqlandi:

    - mamlakat hududlarining aksariyati resurslar, xususan, nooziq ovqat xomashyosi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatiga ega, sanoat mahsulotlarini qayta ishlashda toʻqimachilik mahsulotlari eksporti salohiyatga ega boʻlib, bu hududiy eksport diversifikatsiyasining ijobiy holatidan dalolat beradi;

    - yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan tovarlar, xususan, elektrotexnika va mashinasozlik tovarlari, shuningdek, xizmatlar eksportida bir yoqlamalik kuzatiladi, bu esa hududlarda eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishni oqilona joylashtirish bilan bogʻliq masalani koʻrib chiqishni taqozo etadi;

    - yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirishda Jizzax, Namangan, Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida katta imkoniyatlar mavjud.

    Umuman olganda, Oʻzbekiston hududlari mahalliy tabiiy xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori texnologiyali innovatsion tovarlarni ishlab chiqarish va xizmatlarni taklif etish hisobiga eksport hajmini oshirish borasida keng imkoniyat va zaxiralarga ega.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti