Toshkentda “Mehribon taksi” ish boshladi

    Ijtimoiy hayot 31 May 2022 2961

    Toshkentda “Mehribon taksi” ish boshladi, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati.

    Taʼkidlanishicha, mehribon taksi - faqatgina jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun xizmat koʻrsatadi.

    Anʼanaviy taksilardan farqli ravishda bu avtomobillar tayanch-harakat aʼzolarida muammolari bor insonlarga moʻljallangan hamda har bir yoʻlovchidan tushgan mablagʻning maʼlum foizi nogironlarni ijtimoiy muhofaza qiluvchi tashkilotlarning hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.

    Nogironligi bor shaxslarning kundalik yumushlarini samarali hal qilishda taksi transport xizmati ham ahamiyatli hisoblanadi. Xususan, imkoniyati cheklangan fuqarolarni tibbiy-profilaktika muassasalariga, dorixonalarga, ijtimoiy himoya muassasalarga, madaniy xordiq chiqarish maskanlariga qulay va xavfsiz borib, kelishlari uchun xizmat qiladi.

    Shuningdek, baʼzida ular ayrim zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish uchun turli idoralarga murojaat qilishlariga toʻgʻri keladi. Bunda hami“Mehribon taksi” nogironligi bor fuqarolarga samarali xizmat koʻrsata oladi.

    Mazkur xizmat Markaziy Osiyo mintaqasida ilk amaliyot boʻlib, yil sayin unga talab va ehtiyoj ortib bormoqda.

    Maʼlumot uchun: Statistik hisob-kitoblarga koʻra, bugungi kunda Toshkent shahrida 6000 ga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan fuqarolar istiqomat qilmoqda. Ulardan 300 ga yaqini esa tayanch- harakat aʼzolarida nuqsoni bor insonlardir. Yurtimizda ularni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish uchun koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Mehribon taksi” ham shu yoʻnalishdagi qulayliklardan biridir.