Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan avtotransport vositalari 760 mingga yetgan (yiliga 76 mingtaga ortib bormoqda), transport vositalari doimiy harakatlanadigan asosiy yoʻl koʻcha tarmoqlari uzunligi esa 470 km boʻlib, 380-400 ming avtotransport harakatlanishiga moʻljallangan.
Shu bilan birga kunlik shaharga kirib chiquvchi avtotransport soni 160-220 ming atrofida boʻlib, kun davomida shahar yoʻllarida 900 mingga yaqin avtotransport navbatma-navbat harakatlanmoqda. Bu esa yoʻl tarmogʻi 2 barobar koʻp avtotranport yuklamasiga xizmat qilayotganini anglatadi.
Transportda harakatlanishning 25 foizi, yaʼni 1,5 millioni avtobus, metro, mikroavtobuslarda, qolgan 4,5 millioni shaharda kun davomida harakatlanadigan 900 ming avtotransportda amalga oshiriladi.
Transport oqimini samarali boshqarish tizimi yoʻqligi sababli tirbandliklarda harakat tezligi 7 km/soatgacha tushib ketishi, aholining yoʻlga sarflaydigan vaqti bundan 3-4 yil oldingiga nisbatan qariyb ikki barobarga ortgani, oqibatda sekin harakatlanayotgan transportlarning ortiqcha yoqilgʻi sarfi va zararli gazlar hajmi, iqtisodiy yoʻqotishlar va mamlakatimiz ekologiyasiga zarar ham ortib bormoqda.
Aholini shaharda harakatlanishga boʻlgan ehtiyojini toʻliq, sifatli va xavfsiz jamoat transporti bilan taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Aynan shu muammolarni yechimlari boʻyicha 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-111 sonli, 2023-yilda esa PQ-59 sonli qarorlari bilan tizim islohotlari, maqsadli koʻrsatkichlar hamda islohotlarni amalga oshirish mexanizmlari tasdiqlab berildi.
Mazkur qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida soʻngi yillarda jamoat transportini isloh qilish yuzasidan qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Hususan, 2022-yilda Toshkent shahri uchun 200 dona oʻrta sigʻimli SAZ LE 60 rusumli va 190 dona katta sigʻimli MAN rusumli avtobuslar va ilk bor 20 dona zamonaviy elektrobuslar xarid qilindi.
Joriy yilda jamoat transportini mukammal yangilash yuzasidan amalga oshirilgan loyihalar natijasida qoʻshimcha 1 000 dona avtobuslar xarid qilindi. Jumladan, metan gaz yoqilgʻisida harakatlanuvchi 500 ta katta sigʻimli “YOUTONG” va 200 ta oʻta katta sigʻimli “KINGLONG” avtobuslari hamda 302 ta “YOUTONG” elektrobuslari olib kelindi.
Mazkur harakat tarkibi ilmiy asoslangan texnologiyalar asosida tashkil etilgan yangi zamonaviy yoʻnalishlarga ajratgan holda, yani magistral, xalqa, bogʻlovchi va yetkazib beruvchi yoʻnalishlarga biriktirildi.
Renovatsion loyihalar va xaridlar natijasida, bugungi kunda jamoat transporti harakat tarkibining soni 1 959 tani (2022-yilda 1 485 ta), harakat tarkibining oʻrtacha yoshi 3,5 yil (2022-yilda 7,5 yil), jamoat transportidan foydalanish darajasi 24 foizni (2022-yil 19 foiz), yangi yoʻnalishlar tarmogʻi 167 tani (2022-yilda 144 ta), avtobuslarning kunlik qatnovlar soni 25 404 tani tashkil etishi hisobiga (2022-yilda 14 999 ta) jamoat transportining oraliq intervalini 18-20 daqiqadan 8-10 daqiqaga qisqartirishga erishildi.
Natijada oʻtgan yillarda kunning tigʻiz vaqtlarida jamoat transporti salonidagi tiqilinch, toʻlaligi hisobiga undan foydalanish imkoniyati boʻlmagan qariyb yarim million yoʻlovchi sifatli avtobus xizmatlaridan foydalanmoqda.
Maʼlumot uchun, 2030-yilda harakat tarkibi sonini 2 247 taga, harakat tarkibi oʻrtacha yoshini 2,6 yil, jamoat transportidan foydalanish darajasini 40 foizga, yangi yoʻnalishlar tarmogʻi sonini 178 taga koʻpaytirish, qatnovlar sonini 27 412 taga yetkazish va natijada oraliq intervallarni 5-8 daqiqagacha qisqartirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda, avtobuslarning 1 020 tasi (52 foiz) siqilgan tabiiy gazda, 322 tasi (16,6 foiz) elektr quvvatda, 617 tasi (31,4 foiz) dizel yoqilgʻisida harakatlanmoqda.
Jamoat transportining jozibadorligini oshirish va avtobuslarning muntazam va bir maromda harakatinini tashkil etish maqsadida, 2023-yilda Toshkent shahrida avtobuslar uchun 186,6 km alohida ajratilgan yoʻlaklar tashkil etilishi belgilab olingan boʻlib, shundan 48,2 km masofada (Amir Temur koʻchasi – 10,4 km, Ahmad Donish koʻchasi – 8,5 km, Navoiy, Beruniy – 6,2 km, Mirzo Ulugʻbek, Feruza, Yuzrabod, Mahtumquli – 23 km) alohida yoʻlaklar tashkil etildi.
Avtobuslar shahar jamoat transportining asosiy vositasi boʻlib, aholining aksariyati ulardan har kuni ishga, oʻqishga yoki boshqa joylarga yetib borish uchun foydalanadi. Shu bois aholi harakatchanligini taʼminlashda muntazam va ishonchli avtobus qatnovini tashkil etish muhim vazifadir.
Soʻnggi yillarda Toshkent Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan shaharlardan biriga aylandi, shahar aholisi esa tez koʻpayib bormoqda. Bu esa jamoat transportiga boʻlgan talabni qondirish uchun koʻproq avtobus va yoʻnalishlarga ehtiyoj tugʻdiradi.
Shu sabablarni inobatga olgan holda avtobuslar harakati holatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar va dasturlar faol amalga oshirilmoqda. Avtobuslar parkini yangilash, transport-infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrildi. Avtobuslar harakatini samarali boshqarish uchun haydovchilar tayyorlash ham yoʻlga qoʻyilib, zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, yangi elektrobuslarni ishga tushirish orqali jamoat transporti faoliyatining ekologik jihatiga ham eʼtibor qaratilmoqda.
Ekspertlar Anvar Djurayev – “Toshshahartransxizmat” AJ raisi (+998 91 162 31 02);
Murod Abidov – Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish “Loyiha ofisi” rahbari (+998 90 323 79 99).
Shuhrat Nazarov – Avtomobil yoʻllar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari (+998 93 505 26 06);
Fozil Rajabov – Avtomobil yoʻllari instituti ilmiy-tadqiqot instituti masʼul xodimi (+998 90 167 59 45);
Ilhom Hojiyev – Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi boshqarma boshligʻi (+998 97 710 39 81).









