TDYU Kovorking markazi Oʻzbekistondagi davlat oliy taʼlim muassasalari orasida tashkil etilgan birinchi kovorking markazi boʻlib, uning maydoni 500 kvadrat metrdan iborat. Markazda kutubxona, muzokaralar xonasi, ommaviy tadbirlar maydoni, oʻquv xonasi va dam olish hududi mavjud.
Tadbirda bugungi kunda huquqiy sohada texnologiyaning oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotganini hamda universitet ham mazkur jarayonga moslashishi kerakligini taʼkidlandi. Qayd etilganidek, bugungi kunda koʻplab yuridik amaliyotlar inson aralashuvisiz, zamonaviy texnologiyalar asosida bajarilyapti. Masalan, ayni paytda sunʼiy intellekt tomonidan shartnomalar va bitimlar tuzilyapti yoki elektron hujjat tizimida ishlanyapti.
Kovorking markazidan 50 nafardan ortiq talaba bepul ofis sifatida foydalanishi, shuningdek, ular huquqiy soha, ayniqsa, huquqshunoslar faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish, yaʼni “Legal Tech” sohasida startap loyihalarini inkubatsiya va akseleratsiya qilish dasturlari ishtirokchisiga aylanishi mumkin.
Talabalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Innovatsion jamgʻarma shakllantirilgan boʻlib, talabalar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion startap loyihalar xolis va ochiq tanlov asosida moliyalashtiriladi. “Legal Tech” laboratoriyasi va IT Parkning biznesni rivojlantirish yoʻnalishi mutaxassislari tomonidan talabalarga IT mahsulotlarni yaratish boʻyicha uslubiy koʻmak beriladi.
TDYU Kovorking markazidagi bunday sharoitlar universitetda “Universitet 3.0” modelini qoʻllash va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda huquqiy sohani tubdan oʻzgartirish uchun imkoniyat yaratadi.
Tadbirda Kovorking markazi mutaxassislari tijoratlashtirishga tayyor boʻlgan universitetlar va ilmiy muassasalarda ilmiy tadqiqotlarni monitoring qilish va boshqarish tizimi, ilmiy tadqiqot natijalari maʼlumotlar bazasi, huquqshunoslarni onlayn ishga qabul qilish tizimi va soha vakillari uchun ijtimoiy tarmoq kabi loyihalarni ishtirokchilar eʼtiboriga taqdim etdi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Shuningdek, Kovorking markazida faoliyat yuritayotgan biznes maktabida IT Park mutaxassislari tomonidan ilk mashgʻulot oʻtkazildi.









