Singapur, Xitoy, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Malayziya, Yaponiya singari davlatlar oʻz-oʻzidan iqtisodiy va madaniy barqaror davlatlar sirasida eʼtirof etilmaydi.
Oʻqitish jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada talabalar bilimini mustahkamlash, ularga yoʻnalishi boʻyicha sohaga oid koʻnikmalarni shakllantirish, albatta, samarasini beradi. Shu maʼnoda, taʼlim sifatini oshirish, oʻqitish jarayonida nazariya va amaliyotni uygʻunlashtirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish maqsadida universitetlar va ishlab chiqarish sanoat korxonalari oʻrtasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan endilikda kunduzgi taʼlim shaklidagi 2–4-bosqich talabalar uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlar “4+2”, jumladan, darslarning 4 kuni OTMda, 2 kuni umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtash tartibida olib borilmoqda. Shuningdek, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab, 14 ta taʼlim yoʻnalishida sirtqi taʼlim shakliga qabul bekor qilindi. Bu yoʻnalishlardan tashqari sirtqi taʼlim shakli boʻyicha pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yillik ish stajiga ega boʻlganlar oʻqishga qabul qilinishi belgilandi. Pedagogik OTMning qoʻshma taʼlim dasturlarida tahsil olayotgan talabalarning oʻqish davri uchun toʻlov-kontrakt qiymatini davlat byudjeti mablagʻi hisobidan qoplab berish tartibi joriy etiladi. Albatta, bu ham pedagogika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarning bevosita korxona-tashkilotlarga moslashuvchanligi, ixtisosligi boʻyicha koʻnikma va malakaga ega boʻlishi, tajriba orttirishiga katta yordam beradi.
Qarorda har yili kamida 5 foiz professor-oʻqituvchi xorijiy davlatlarga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuborilishi koʻzda tutilgan. Bu ham taʼlim tizimida xalqaro tajribalarni oʻrganish va amaliyotga tatbiq etishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Bugun pedagogika yoʻnalishida tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadigan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida amaliyot va nazariyani uygʻun holda olib borish borasida qator ishlar bajarilmoqda. Xoʻsh, oʻquv tanishuv amaliyotining muhimligi nimalarda koʻrinadi?
Oʻquv-tanishuv amaliyotida talabalar umumiy oʻrta taʼlim muassasasining ijtimoiy, taʼlimiy muhiti, muassasa subyektlari oʻrtasidagi munosabatlar, ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchilar bilan ishlash prinsiplari, mediasavodxonlik va boshqalar toʻgʻrisida amaliy koʻnikmalarga ega boʻladi. Shuningdek, amaliyotchilar muassasa rahbariyatining ish yuritish jarayoni, boshqaruvchilik faoliyati, fan oʻqituvchilarining dars davomida oʻquvchilar bilan hamda sinf rahbarining tarbiyaviy faoliyat yuzasidan bolalarga munosabati, meʼyoriy hujjatlari bilan tanishishi kerak.
Amaliyotning maqsadi boʻlajak oʻqituvchilarning amaliy-kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish va pedagogik amaliyotga tayyorlashdan iborat. Talabalarni taʼlim muhitiga moslashtirish, olingan nazariy bilimlarni mustahkamlash, oʻquv jarayonini yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻquv meʼyoriy hujjatlar bilan tanishtirish, koʻnikmalarini hamda oʻquv muassasalaridagi taʼlim-tarbiya jarayoniga xos xususiyatlar toʻgʻrisida tasavvurni shakllantirish, mediasavodxonlik va kommunikativ qobiliyatni rivojlantirish ham uning vazifasidir.
Amaliyot jarayonining muhimligi shundaki, talaba umumiy oʻrta taʼlim muassasasi toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻladi, jamoa bilan ishlashi koʻnikmasi shakllanadi, pedagogik muhitga oʻrganadi. Dars va sinfdan tashqarida oʻquvchilar bilan ishlash mexanizmlari bilan tanishadi. Oʻquv-meʼyoriy hujjatlarning yuritilishi, sinfxonalarga qoʻyilgan gigiyenik talablar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish va ularning meʼyoriy hujjatlarini rasmiylashtirish kabilar toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻladi.
Dunyo tajribasida ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi bogʻliqlik, oʻzaro hamkorlik doimiy ravishda natija berib kelgan. Xususan, Yaponiyada ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi (koʻpincha umrbod) munosabatlar yapon madaniyatining ajralmas qismidir. Bu jarayon oʻzaro oilaviy munosabatlarga oʻxshaydi, yaʼni sodiqlik evaziga himoya va moliyaviy, ijtimoiy majburiyatlar taʼminlanadi. Eng muhimi, yangi xodim yoshiga, korxona-tashkilotda oʻtagan amaliyotiga qarab ishga olinadi.
Xodim kompaniyaning barcha amaliyotini puxta oʻrganib, ushbu jarayonda qatnashib, yetarli tajriba orttiradi. Kompaniyaning taʼsirchan mexanizmi axloqiy koʻnikmalar orqali shakllantiriladi va xodim butun umr korxonaga mehr qoʻyadi. Yangi xodim oʻz vazifasini toʻliq bajarish uchun kompaniyaning yozilmagan qoidalarini oʻrganishi kerak.
Shu maʼnoda, yapon kompaniyalaridagi ish haqi tizimi malaka darajasiga asoslanadi. Malakalarni baholash tizimida ikkita iyerarxiya mavjud boʻlib, biri kasbga, ikkinchisi darajaga koʻra belgilanadi. Xodim bir vaqtning oʻzida faqat bitta darajaga koʻtarilishi mumkin. Har qanday martaba uchun minimal vaqt va tajriba mavjud. Bundan tashqari, xodimning malaka darajasi har doim toʻplanishi va oʻsib borishi kerak, deb hisoblaydi yapon mutaxassislari.
Yana bir muhim jihati, yirik yapon kompaniyalari ishga olishning asosiy strategiyasi yuqori sifatli, tajribasiz oʻrta maktab bitiruvchilarini pastki darajadagi lavozimlarga olishni maʼqul koʻradi. Bitiruvchilar umumiy bilimi uchun ishga olinadi. Keyin sezilarli darajada moslashtiriladi. Bu ham kompaniyaning zaxira kadrlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda, taʼlim jarayonida amaliyot tushunchasi dolzarbligini yoʻqotmaydi. Yosh kadrlar ichidan esa saralash imkoni tugʻiladi.
Kamolaxon ABRORXONOVA,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti kafedra
mudiri, pyedagogika fanlari
boʻyicha falsafa doktori, dotsent









