Kichik biznes egasidan tortib, katta ishbilarmon doira vakiligacha bari qaysidir yoʻnalishda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, eksportni yoʻlga qoʻyish orqali mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshmoqda. Shu bois, bir kishini boʻlsa ham ish bilan taʼminlagan odam bugun tadbirkor sifatida eʼzozlanib, uning erkin faoliyati uchun barcha sharoit, imkoniyatlar yaratib berilyapti.
Bir vaqtlar tadbirkorlarga “muttaham”, “soliq toʻlashdan qochuvchi”, “noqonuniy ish qiluvchi” sifatida qarashlar ham boʻlgan. Odamlar tadbirkorlik qilishga qoʻrqib qolgan, oʻzining biznes vakili ekanini yashiradigan davrlarni ham koʻrdik. Mamlakatimizda chinakam tadbirkor qiyofasi, haqiqiy ishbilarmonlik muhiti yangi Oʻzbekistonda shakllandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bugun yurtimizda tadbirkorlik iqtisodiyotimiz lokomotiviga, soha vakillari esa zamonamiz qahramonlariga aylangani rost.
Oʻtgan qisqa davrda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar oʻz samarasini berdi. Jumladan, sohaga doir qabul qilingan qonun, farmon va qarorlarga asosan, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo boʻyicha koʻplab cheklovlarga barham berildi.
Ana shular natijasida yurtimizda “tadbirkor boʻlaman”, degan insonlar soni orta boshladi. Soha yildan-yilga rivojlanishi ortidan tadbirkorlikning turli yoʻnalishlariga jadal kirib kelayotgan yurtdoshlarimiz koʻpayib boryapti. Kerak boʻlsa, bitta mahallada oʻnlab tadbirkor ish boshlayapti. Birgina oʻtgan yilning oʻzida mamlakatimizda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga, oʻrta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, jami 10 mingga yetgani buning isboti.
Ammo hech bir ish kamchilik, qiyinchiliklarsiz boʻlmaydi. Tadbirkorlik sohasi ham juda katta yoʻnalish va unda doim hal etilishi lozim boʻlgan muammolar, ishbilarmonlarni qiynaydigan katta-kichik masalalarning boʻlishi tabiiy. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan uch yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazayotgan ochiq muloqotlari esa oʻrtaga tashlanayotning masalalarning yechimida katta turtki boʻlmoqda. Muammolarni ham, takliflarni ham tadbirkorlarning oʻzi koʻrsatib beryapti, ularning yechimi esa qonuniy asoslar bilan hal etilmoqda.
Prezidentimiz har bir ochiq muloqotda ana shu masalalar asosida qator yangi tashabbuslarni ilgari surishi sir emas. Xususan, 2021-yili boʻlgan ochiq muloqot boʻyicha 57 ta, 2022-yilda esa 55 ta tashabbus ilgari surilgan. Ularning natijasida biznesni yuritishda koʻplab yengilliklar boʻldi. Masalan, oʻtgan yilgi takliflar asosida biznes subyektlari mikro, kichik, oʻrta va yirik toifalarga boʻlinib, ular bilan alohida ishlash yoʻlga qoʻyildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish muddati qisqartirilib, oʻtgan bir yil ichida 6 mingta korxonaga 20 trillion soʻm qaytarib berilgan.
Shu yilning 18-avgust kuni davlatimiz rahbarining yurtimiz tadbirkorlari bilan oʻtkazgan navbatdagi ochiq muloqoti ham koʻtarinki ruhda oʻtganiga guvoh boʻldik. Ochigʻi, tadbirkorlarimizda ishonch, dadillik, gʻayrat yanada ortgan. Ularning safi kengayib borayotgani esa hammasidan ham quvonarli. Aksariyati, muloqot oldidan takliflar berish jarayonlarida ham faol ishtirok etgan. Tahlillarga koʻra, bu yil bildirilgan takliflarda avvalgi yillardagi kabi individuallik emas, balki sohadagi muammolarni oʻrtaga tashlash jihatlari koʻproq. Yaʼni, ishbilarmon doira vakillarida, endilikda, shaxsiy biznesini rivojlantirish bilan birga, soha taraqqiyotini koʻzlash, yurtimiz iqtisodiy rivojlanishiga daxldorlik hissi ortayotgani koʻzga tashlanadi. Shu jihatdan, ochiq muloqot tadbirkorlarimiz kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshib, ularni yangi marralar sari ruhlantirdi. Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan biznes vakillarini yillar davomida qiynab kelayotgan yana koʻplab masalalarga yechim aytilib, yangi tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, beshta asosiy yoʻnalish koʻrsatilib, ularning har biri oʻz ichiga koʻplab tashabbuslarni qamrab olgani bilan ahamiyatli.
Endilikda, kichikdan oʻrta biznesga oʻtish istagida boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangicha yondashuv yoʻlga qoʻyilib, biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mavjud jamgʻarmalar faoliyati ham, ishlash usuli ham tubdan oʻzgaradigan boʻldi. Bundan tashqari, sanoat ipotekasi tizimi yoʻlga qoʻyilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi. Buning uchun har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi. Sanoat zonalarida ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilib, investitsiya majburiyatlari bajarilgandan soʻng yer maydonlarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi. Shu kabi qator taklif va tashabbuslarning toʻlaqonli hayotga tatbiq etilishi orqali tadbirkorlar safi yanada kengayib, ular oʻz faoliyatida erishayotgan yutuqlari bilan bugungi islohotlarning lokomotiviga aylanishadi.
Zero, davlatimiz rahbarining har bir tashabbusi, soʻzlari tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, odamlarni ishbilarmon qilishga yoʻgʻrilgan. U kishining “Har bir mamlakatda tadbirkorlar katta kuch-qudrat boʻlib kelgan. Oʻzbekistonimizda ham iqtisodiyotni rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga harakat qilyapmiz. Bunga eng katta hissa qoʻshayotgan kim? Tadbirkorlar! Sizlar har biringiz qahramonsiz, fidoyisiz. Biz sizlar bilan faxrlanamiz”, deya bildirgan fikrlari soha vakillarida ertangi kunga boʻlgan umid va ishonchni yanada mustahkamladi.
Hech shubhasiz, yurtimizda uchinchi bor oʻtkazilgan mazkur muloqot kichik biznes vakillarining, xususiy tadbirkorlarning oʻz faoliyatini yanada kengaytirish va rivojlantirishi uchun katta imkoniyatdir. Bu imkoniyat ularda daxldorlik hissini oshiradi, oʻziga ishoch va ildam qadamlar bilan halol mehnat qilishiga zamin yaratayotir.
Qahramon ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati









