Surxondaryoda g'alla xirmonlari to'lmoqda

    Ayrim tumanlardagi g'allakorlar allaqachon xirmonlarni to'ldirib, respublikada birinchilardan bo'lib davlatga don sotish shartnoma rejasini bajardi.

    Bu yil yurtimizda g'alla hosili mo'l bo'ladigan. Qulay ob-havo sharoiti va ancha zamonaviylashgan agrotadbirlarning o'zidanoq dehqon va fermerlar joriy yilgi hosilga katta umid bog'lagan edi. Soha vakillari esa mamlakatimizda 1 million 32 ming gektar maydonda 7,5 million tonnadan ortiq, ya'ni o'tgan yilga nisbatan 1,5 million tonna ko'p bug'doy etishtirilishini hisob-kitob qilgan. Nihoyat, iyun oyining ilk kunlaridan yig'im-terim davri boshlanib, g'alvir suvdan ko'tariladigan vaqt keldi. Hududlardagi mirishkor dehqonu fermerlarimiz kutilganidan ham ko'proq hosil olib, xirmonlarni “baraka” bilan to'ldirmoqda.

    Surxondaryo viloyati janubiy mintaqada joylashgani bois, dehqonchilik mahsulotlari boshqa hududlarga nisbatan erta pishib etiladi. Iqlim sharoitining issiqroq bo'lishi mirishkor aholiga bu yil ham qo'l keldi. Viloyatning barcha tumanlarida boshlangan g'alla o'rimi hozir avj pallada. Ayrim tumanlardagi g'allakorlar esa allaqachon xirmonlarni to'ldirib, respublikada birinchilardan bo'lib davlatga don sotish shartnoma rejasini bajardi.

    Angor tumani ana shunday etkchilar qatorida. Tumanda bu yil 5 ming 650 gektar er maydoniga g'alla ekilib, 16 ming 21 tonna, shundan 6 ming 316 tonna tovar don va 9 ming 705 tonna urug'lik don sotish rejalashtirilgan edi. O'z vaqtida olib borilgan agrotexnik tadbirlar sabab 6 ming 317 tonna tovar don sotilib, reja ortig'i bilan bajarildi. “Zamin Angor klaster” MCHJ va “Saidnosirxon”, “Angor Xomkon mirishkori”, “Xomkon mirishkor dehqonlari”, “Xonnazarov Zafar”, “Ravshanbek polvon Angor”, “Qoraqir tomchilari”, “O'ktambek Sunnatbek” kabi fermer xo'jaliklari har gektardan 75-80 tsentnerdan hosil olishga erishdi.

    Fermerlarning daromadi ham shunga yarasha bo'lmoqda. Axir, Prezidentimizning joriy yil 28-maydagi “G'allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi tarixiy qarori bilan yurtimizda 1-iyundan boshlab ilk bor g'allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o'tildi. Qaror bilan davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug'doy narxi o'tgan yildagi 1 million 550 ming so'mdan joriy yil hosili uchun 3 million so'mga, ya'ni 2 baravarga oshirildi.

    Bu imkoniyatlar fermer va klasterlarning ishtiyoqini yanada oshirgan. Shu kunlarda tumanda g'alla o'rim-yig'imi qizg'in davom etmoqda. Klaster hamda fermer xo'jaliklari tomonidan yana 9 705 tonna urug'lik don hamda 5000 tonna birja savdolari orqali qo'shimcha sara don sotish rejalashtirilgan. Yuqoridagi qaror bilan g'allachilik klasterlari va fermerlarga bug'doyni bozor narxida to'liq erkin sotish huquqi berilgani bois, mirishkorlarning bu hosildan oladigan daromadi bir necha barobar yuqori bo'lishi kutilmoqda. Ya'ni, fermerlar bu yil o'zi etishtirgan g'allaning davlat rejasiga topshirganidan qolgan qismini birja savdolari orqali erkin narxlarda sotmoqda.

    Klasterlar — asosiy tayanch

    Oziq-ovqat xavfsizligi, bozorlarda narxlar barqarorligini ta'minlash bugun dunyo xalqlarini birdek o'ylantirayotgan vaqtda qishloq xo'jaligi iqtisodiyotning asosiy lokomotiviga aylandi. G'allachilik esa mazkur sohaning eng muhim tarmoqlaridan biridir. Don va un mahsluotlari aholining birlamchi oziq-ovqat ehtiyojlari sirasiga kiradi. Shu bois, g'alla hosili qancha mo'l bo'lsa, dasturxonlarimiz shuncha to'kin bo'ladi. Yurtimizda g'allachilik tarmog'ining klasterlashib borayotgani ham hosildorlikni oshirish, arzon va sifatli mahsulot etishtirishga xizmat qilyapti.

    Birgina Surxondaryo viloyatida bugunga qadar qishloq xo'jaligining turli tarmoqlarida 500 ga yaqin klaster va kooperatsiyalar faoliyati yo'lga qo'yildi. Termiz tumanidagi “Indenim Cluster” g'alla klasteri misolida oladigan bo'lsak, mazkur tizim hududdagi o'nlab fermer xo'jaliklarini o'zida birlashtirib, g'alla urug'ini erga qadashdan to hosilni yig'ib olib, sotishgacha bo'lgan jarayonlarda bosh-qosh bo'lmoqda. Klaster agrotadbirlar davomida ham g'allakorlarga zarur mineral o'g'it, yoqilg'i-moylash materiallari, ish haqi va boshqa moddiy resurslarni o'z vaqtida etkazib berdi. Natijada, tumandagi dehqon va fermerlar belgilangan 5 333 tonna g'alla rejasini ortig'i bilan bajardi.

    Barcha fermer xo'jaliklari g'alla xirmoniga o'zlarining munosib hissalarini qo'shdilar. Ayniqsa, “Anvar Do'stlik”, “Sharof Moxinur”, “Farxodbek Yangiariq” kabi fermer xo'jaliklari har gektardan 77-78 tsentnerdan hosil olishga erishdi.

    Aslida, g'alla xirmonini to'ldirish katta g'alaba. Don mahsulotlari mamlakatning rizq-ro'zi, to'kin dasturxoni demakdir. Bugun Termiz tumanida qolgan maydonlardagi boshoqli don mahsulotlarini o'rib-yig'ib olish ishlari davom ettirilmoqda. G'alabadan ruxlangan tuman dehqonlari paxtachilik va boshqa sohalarda ham yuqori natijalarga erishish uchun astoyidil mehnat qilyapti.

    Qarorlar qanday ishlayapti?

    Aslida, qishloq xo'jaligi eng qadimgi sohalardan biri, undagi ayrim texnologiyalar esa minglab yillar oldin yaratilgan. Ammo bugungi taraqqiyot asri an'anaviy yondashuvlar o'rnini ilg'or texnologiyalarga bo'shatib berishni talab etadi. Bu amaliyotda ish jarayonini bir necha barobar engillashtirib, ko'proq hosil olishni ta'minlaydi.

    Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida qishloq xo'jaligini ilmiy asosda va intensiv rivojlantirish orqali dehqon, fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo'jaligining yillik o'sishini kamida 5 foizga yetkazish vazifalari belgilab olingan. Bu sohani eng zamonaviy va tejamkor texnologiyalar asosida rivojlantirishni faol davom ettirishimizni anglatadi.

    Surxondaryo viloyatida ham bu boradagi ishlarning ko'lami kengayib boryapti. Tumanlarda Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etilib, ularda “Yagona darcha” tamoyili asosida ko'plab agroxizmatlar ko'rsatish yo'lga qo'yilmoqda. Joriy yil Qishloq xo'jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ilk bor 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablag'lari jalb qilinmoqda. Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlari 5 barobarga ko'paytirilib, 430 ming gektarga yetkaziladi. Qolaversa, 90 ming gektar yangi yerlar o'zlashtirilishi, unda bog' va tokzorlar barpo etilishi borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda.

    Reja bo'yicha bu yil jami 27 622 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Bugungi kungacha viloyatda tomchilatib sug'orish texnologiyasi bo'yicha rasmiylashtirilgan shartnomalarga asosan 9847 gektar maydon uchun jami 198,8 milliard so'm mablag' moliyalashtirilib, quruvchi-pudrat korxonalari hisobiga o'tkazilgan. 7992 gektar maydon uchun esa subsidiya olish bo'yicha hujjatlar tayyorlangan.

    Umuman, dehqon va fermerlarning yaxshi daromad olishi, o'z yerida erkin ishlashi uchun sharoit yaratilsagina, qilayotgan mehnatidan ko'ngli to'ladi. Ya'ni, manfaatdorlik va adolat bo'lgan joyda, albatta, o'zgarish va o'sish bo'ladi. Bugun mamlakatimiz qishloq xo'jaligi korxonalari rivoji uchun xizmat qiladigan kuchli qonunchilik tizimi barpo etilmoqda. G'allachilik yo'nalishidagi islohotlar ana shu katta harakatlarning muhim qismidir.

    Zoyir QULIYEV,

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

    “O'zagroinspeksiya”ning Surxondaryo

    viloyat boshqarmasi bosh inspektori