Shu yil 16-may kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Unda xalq orasida “Shukrullo domla” deb tanilgan Fargʻona viloyati Toshloq tumani bosh imomi va “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi Shukrullo Egamberdiyevning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari muhokama qilindi.
Yigʻilishda imom-xatibning eʼtirozlarga sabab boʻlgan chiqishlari va fikr-mulohazalari imomlik maqomiga toʻgʻri kelmasligiga urgʻu qaratildi.
Sh.Egamberdiyev majlisda muhokamaga sabab boʻlgan chiqishlarida xatoga yoʻl qoʻyganini eʼtirof etdi va uzr soʻradi. Imom-xatib kelgusidagi faoliyatida bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻymasligini bildirdi.
Ichki nazorat komissiyasi bayon etilganlarni inobatga olib, Shukrullo Egamberdiyevga “hayfsan” intizomiy jazosi berish va Toshloq tumani bosh imomi vazifasidan ozod etish toʻgʻrisida xulosa qildi.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston musulmonlari idorasida tuzilgan Ichki nazorat komissiyasi diniy soha xodimlari faoliyatini tartibga solish, kamchiliklarga yoʻl qoʻyganlarga taʼsir choralarini qoʻllash va halol-pok xizmat qilayotganlarni himoya qilish hamda ragʻbatlantirish kabi vakolatlarga egadir.









