Saylovoldi tashviqoti – nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun oʻziga xos raqobat maydoni

    Saylovoldi tashviqoti – elektoratni zarur axborotlar bilan taʼminlashga qaratilgan eng muhim bosqich boʻlib, saylov institutlarining faoliyati, fuqarolarning siyosiy huquqlarini amalga oshirish samaradorligini va umuman, xalq hokimiyatchiligini tavsiflovchi mamlakatning demokratik rivojlanish darajasini namoyon qiladi.

    SIYOSIY PLYURALIZM – TARAQQIYOT OMILI

    Mamlakatimizda demokratik institutlar va siyosiy xilma-xillikni rivojlantirish sharoitida saylovoldi tashviqoti masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega. Zotan, saylovlarni faqat fuqarolarga maʼlumot olish huquqi va fikr bildirish erkinligi kafolatlangan taqdirdagina toʻlaqonli erkin va adolatli oʻtgan, deb hisoblash mumkin boʻladi.

    Darhaqiqat, saylovoldi tashviqotining qanday oʻtkazilishi – ELEKTORATNING FUQAROLIK POZITSIYASIni aniqlashtirishga xizmat qilgan holda saylov natijalariga bevosita taʼsir oʻtkazadi. Chunki tashviqot orqali saylovchilarning siyosiy va huquqiy ongi shakllanadi, ularning davlat boshqaruvida ovoz berish tartibidagi ishtiroki asosida siyosiy faolligi oshadi va pirovardida, tashviqot, saylovchilar tomonidan eng munosib xalq vakilini tanlashga taʼsir qiladi.

    Shuning uchun saylovoldi tashviqotini oʻtkazish tartibga soluvchi saylov qonunchiligi normalari – uni oʻtkazishning samarali shakllari va usullarini nazarda tutishi, ijtimoiy voqelikni, jamoat manfaatlarini, axborot texnologiyalaridan keng foydalanish amaliyotini, fan va texnika yutuqlarini hisobga olishi lozim.

    Bu, oʻz navbatida, saylov munosabatlarining demokratik tamoyillarini mustahkamlaydi hamda saylov kampaniyasining xolisligi va izchilligi, haqiqiy xalq vakillarining saylanishini taʼminlaydi.

    Prezident saylovlari orqali davlat rahbari saylanibgina qolmay, balki fuqarolarning xohish-istaklari va davlat siyosatiga nisbatan munosabati aniqlanadi. Eng asosiysi esa taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblangan fikrlar xilma-xilligi, yaʼni SIYOSIY PLYURALIZM ham yaqqol namoyon boʻladi.

    TOʻGʻRI HUQUQIY TARTIBOT – DEMOKRATIK SAYLOVLARNING ASOSIY TALABI

    Saylovoldi tashviqotini toʻgʻri huquqiy tartiboti saylovchilarga turli nomzodlar, siyosiy partiyalar orasidan mustaqil tanlov qilish imkoniyatini berish bilan birga, “TENGLIK” TAMOYILI va saylov protsessi ishtirokchilarining aktiv va passiv saylov huquqini amalga oshirishni taʼminlaydi.

    Aynan, huquqiy tartibot orqali saylovoldi tashviqotining turlari, shakllari, ularni amalga oshirish usullari hamda saylov jarayonlari ishtirokchilarining xatti-harakatlari doirasi mustahkamlab qoʻyiladi.

    Saylov kodeksining 9-bobi saylov tashviqoti oid masalalarga bagʻishlangan boʻlib, 44-moddaga koʻra, saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat hisoblanadi.

    Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizom – ushbu jarayonlar tartibotini belgilab beradi.

    Yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlarga koʻra, saylovoldi tashviqotlarini olib borishning qoʻyidagi bir qator xususiyatlari mavjud:

    Birinchidan, saylovoldi tashviqoti nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan boshlanadi va ovoz berishga bir kun qolganida toʻxtatiladi;

    Ikkinchidan, nomzodlarga saylovoldi tashviqotlarni olib borishda teng huquqlilik taʼminlanadi;

    Uchinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga oʻz mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti davrida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

    Toʻrtinchidan, nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borishning turlari, shakllari va usullarini mazmun-mohiyatini mustaqil belgilash huquqiga egadirlar.

    Beshinchidan, saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek, pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borish taqiqlanadi.

    Saylovoldi tashviqotini tartibga soluvchi huquq normalarining toʻgʻri qoʻllanilishi asosida – jarayonlarda qonuniylik va adolatni taʼminlash hamda saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar, erkin va adolatli saylovlar mezonlariga muvofiq oʻtkazish mumkin boʻladi.

    NOMZOD DASTURI – ISTIQBOLDAGI REJALAR IFODASI

    Saylov oldi tashviqoti – nomzodlarning shaxsi, bilimi va salohiyatini saylovchilar oldida toʻla namoyon qilishga qaratilgan jarayon. Bunda nomzodlarning istiqboldagi rejalari, kelajak siyosati va shaxsiy qadriyat hamda ustuvorliklarini aks ettiruvchi saylov dasturining mazmun-mohiyati muhim ahamiyatga ega.

    Qonunchilikka muvofiq, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturini yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda amalga oshiradi.

    Saylovoldi dasturi – nomzodning siyosiy yoʻnalishini, maqsad va vazifalarini, shuningdek ularni amalga oshirish yoʻlidagi vazifalarni hal qilishdagi usullarini belgilaydigan batafsil hujjatdir.

    Yaʼni, nomzodning dasturi – jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tashabbuslarini aks ettiradi. Unda saylovchilarning ehtiyojlari, maqsad va intilishlari aks etgan boʻlishi lozim. Bu asosida esa Prezidentlikka nomzod fuqarolar ishonchini qozonishi hamda saylovlarda gʻalabani taʼminlashga xizmat qiluvchi hamfikrlar va qoʻllab-quvvatlovchilar guruhini shakllantirishi mumkin boʻladi.

    Ushbu siyosiy institut saylovchilar har bir nomzodning tahlillari va rejalari bilan tanishishi hamda aynan, qaysi nomzod uchun oʻz ovozlarini berishlarini aniqlashtirishlariga xizmat qiladi.

    “TENG HUQUQLILIK” – SIYOSIY RAQOBAT MEZONI

    Qonunchilikka koʻra, saylovoldi tashviqotlarini amalga oshirishda barcha nomzodlar uchun teng huquqlilik kafolatlanadi. Bunda saylovoldi dasturining barcha shakllarida har bir nomzod uchun qonunchilikda birdek imkoniyatlar taqdim etiladi.

    Eng avvalo, siyosiy partiyadan koʻrsatilgan nomzod saylov kampaniyasida ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlarining hajmi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan teng ulushlarda belgilanadi va siyosiy partiya tasarrufiga yetkaziladi.

    Shuningdek, saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda nomzodlarga bir xil hajmdagi efir vaqti va chop etish maydoni bepul taqdim etilishi orqali ularga davlat OAVdan foydalanishda teng imkoniyat beriladi.

    Yaʼni, axborot dasturlari va boshqa axborot materiallarida nomzodlarning saylovoldi faoliyatini yoritib berishda OAVlarda teng sharoitlar yaratib berishi, shu jumladan dasturning davomiyligi va hajmi boʻyicha tenglik taʼminlanishi lozim.

    Bundan tashqari, bosma, koʻrgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalar, bosma mahsulotning elektron koʻrinishlari va boshqa saylovoldi tashviqoti materiallarini toʻsiqlarsiz chiqarish hamda tarqatish uchun nomzodlarga teng sharoitlar yaratib beriladi. Bundagi talab esa saylovoldi tashviqoti materiallari Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

    Bundan tashqari, elektoratga nomzod dasturi mazumun-mohiyatiga oid axborotlarni yetkazishning asosiy usuli sanalgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ham nomzodlarga va ularning ishonchli vakillariga ushbu muloqotlarni olib borishda teng sharoitlar taʼminlanishi qonunchilikda belgilangan.

    Saylov kodeksining 48-moddasiga 2021-yil 8-fevraldagi qonun asosida kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, endilikda saylov komissiyalari saylovoldi tashviqoti davridagi nomzodlar bilan uchrashuvlarni tashqil qilish ishlariga aralashmaydilar.

    Oʻz navbatida, ushbu ommaviy tadbirlar ularning oʻtkazilishi joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklarini kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilgan holda oʻtkaziladi. Bunda, ushbu tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

    Bu oʻz navbatida, elektorat vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etishdagi ortiqcha byurokratiyaga barham berib saylov tashviqoti jarayonida teng raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

    SAYLOVOLDI TASHVIQOTIDAGI TAQIQLAR – QONUNIYLIK KAFOLATI

    Saylovoldi tashviqoti saylovda hal qiluvchi ahamiyatga ega bosqich boʻlgani sababli ushbu jarayondagi xatti-harakatlarning oʻz tartiboti va huquqiy chegaralari mavjud.

    Amaldagi qonunlarimizda saylov tashqviqoti tartibotlarini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy taʼsir choralari belgilangan boʻlib, bundan saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov qonunchiligiga toʻliq rioya etishi va saylov huquqlari samarali amalga oshirilishini hamda aynan masʼullarni jarayonlarda noqonuniy xatti-harakatlarini oldini olish hamda qonuniylikni taʼminlash maqsadi koʻzlangan.

    Xususan, tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borish taqiqlanadi.

    Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga oʻz mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi mumkin emas.

    Nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borish uchun mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladi. Nomzodlarni boshqa manbalardan pul mablagʻlarini oʻtkazish (kiritish), tovarlar yetkazib berish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish shaklida moliyaviy taʼminlash va boshqacha tarzda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi.

    Bunday harakatlarni sodir etganlik uchun esa tegishli javobgarlik belgilangan. Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning
    515-moddasida saylovoldi tashviqotini yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini nomzod, ishonchli vakil, siyosiy partiya vakili, mansabdor shaxs tomonidan buzish – bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilab qoʻyilgan.

    Jinoyat kodeksining 147-moddasida esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoki saylanish, saylovoldi targʻiboti olib borish huquqlarini Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari oʻz vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, aldash yoki ogʻdirib olish yoʻli bilan toʻsqinlik qilish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

    Mazkur normalar, saylovoldi tashviqotida huquqiy tartibotlariga amal qilish naqadar dolzarbligini qoʻrsatish bilan birga jarayonlarda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Shu tufayli, ushbu huquqiy qoidalarni saylov jarayonlarida qonuniylikka putur yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlarni oldini olishga qaratilgan preventiv chora sifatida baholash maqsadga muvofiq

    SAYLOVOLDI TASHVIQOTINI AMALGA OSHIRISH BOʻYICHA ILGʻOR XORIJIY TAJRIBA

    Xorijiy mamlakatlarda saylovoldi tashviqotini amalga oshirishning oʻziga xos jihatlari mavjud boʻlib xususan, Avstraliyada saylovoldi tashviqotini amalga oshirishda nomzod va partiya sarflashi mumkin boʻlgan mablagʻlar miqdori chegaralab qoʻyilgan. Buyuk Britaniyada televideniyadagi pullik siyosiy reklamalar taqiqlanadi.

    Ruminiya, Polshada saylovoldi tashviqoti saylovda ovoz berish kuni eʼlon qilingan sanadan boshlansa, Litvada Adliya vazirligi tomonidan nomzodlar roʻyxati eʼlon qilingan vaqtdan boshlanadi. Mazkur muddat Turkiyada saylovga qadar 15 kun, Slovakiyada 23 kunni tashkil etadi.

    Ayrim mamlakatlar qonunchiligida tashviqotni olib borish taqiqlangan hududlar mavjud. Masalan, Bolgariyada jamoat transportlarida tashviqot olib borishga ruxsat berilmasa, Kanadada turar joylar devoriga saylov tashviqot materiallarini joylashtirish mumkin emas. Polsha va Slovakiyada esa davlat muassasalarining binolari, saylov uchastkalarida saylovoldi tashviqotlarini olib borishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Xorijiy mamlakatlarda saylovodi tashviqoti davri – saylov kampaniyalari uchun siyosiy raqobat maydoniga aylanib ushbu jarayonlarda ayniqsa axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish saylov natijalariga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Xususan, ilgʻor xorijiy mamlakalatda tashviqot davrida onlayn-instrumentlardan foydalanish, jumladan, nomzodning alohida tashviqot platformasini ishga tushirilishi, Twitter, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarining faol yuritilishi hamda maxsus mobil ilovalarning ishlab chiqilishi – saylovlarda gʻoliblikka erishishiga katta taʼsir oʻtkazgan.

    Maʼlumki, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin “jimjitlik kuni” hisoblanadi. Bunda jamoatchilik fikri soʻrovnomalari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish taqiqlanadi. Bundan tashqari, koʻplab xorijiy mamlakatlarda ovoz berishi kuniga yaqin saylov natijalari boʻyicha jamoatchilik fikri soʻrovnomalarini eʼlon qilish mumkin emas. Germaniya va Bolgariyada bu muddat 14 kun, Albaniya va Vengriyada 8 kun, Fransiya, Chexiya va Slovakiyada – 7 kunni tashkil etadi.

    Ilgʻor xorijiy tajriba tahlili asosida eʼtirof qilish mumkinki, Oʻzbekistonning zamonaviy saylov qonunchiligi va saylov tizimi umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga, erkin va adolatli saylovlar mezonlariga muvofiq keladi.

    SAYLOVOLDI TASHVIQOTI – ELEKTORAL-HUQUQIY FAOLLIKNI KUCHAYTIRADI

    Maʼkumki, elektoral-huquqiy faollik – huquqiy va ijtimoiy faollikning eng muhim shakli boʻlib, saylov huquqlarini samarali amalga oshirishdagi fuqarolarning intensiv faoliyatini namoyon qiladi. Saylov tadbirlarining xususiyati, jarayoni va natijasi aynan saylovchilar huquqiy madaniyati darajasiga bogʻliq hisoblanadi.

    Saylov huquqiy madaniyati – saylov jarayoni faoliyati bilan bogʻliq huquq normalari, qadriyatlar, huquqiy institutlar va metodlar uygʻunligini aks ettiradi. Fuqarolarning saylov huquqi madaniyati darajasining yuksakligi esa bevosita ularning saylovlardagi faol ishtiroki, siyosiy qarashlari va fuqarolik pozitsiyasini mustaqil bildira olishi va bu orqali mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarga nisbatan oʻz munosabatini ifoda etishi bilan belgilanadi.

    Shu tufayli, qonunchilik takomillashuvi bilan bir qatorda mamlakatdagi barcha saylovchilar huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularga saylovni oʻtkazishga oid asosiy tamoyillar, saylov jarayoniga, uning oshkoraligi va ochiqligi, xalqaro saylov standartlari va ularning milliy qonunchiligimizga singdirilishiga oid masalalar yuzasidan tashviqot ishlarini amalga oshirish – bugungi davrning eng dolzarb masalalaridan biridir.

    Qayd etish joiz, aynan saylovoldi tashviqotilarida fuqarolarga saylov jarayonlariga oid zarur axborotlar taqdim etiladi. Nomzodlar dasturlari mazmun-mohiyati elektoratga eng maqbul kontentlarda yetkaziladi. Bu orqali esa saylovchilarning huquqiy madaniyati va huquqiy faolligini oshirishga erishish mumkin boʻladi.

    Binobarin, elektoral-huquqiy faollikni oshirish - saylovlarda nomzodlarga boʻlgan talablarni oshishida, nomzod shaxslarning saylovchilarga taqdim etadigan gʻoyalarini yanada chuqurroq mushohada etishida, eng muhimi, har tamonlama munosib shaxslarning saylanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Muxtasar qilib aytganda, saylovoldi tashviыoti jarayonlarida barcha nomzodlar uchun teng huquq va imkoniyatlar taʼminlanishi asosida saylovda nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun teng raqobat muhiti kafolatlanadi. Oʻz navbatida, nomzodlar oʻz saylovoldi dasturlari orqali oʻzining kelajak siyosati, dasturi, mafkurasi yoʻnalishlarini namoyon qilib elektorat oldida oʻz imidjini shakllantiradi.

    Mamlakat miqyosidagi eng yuksak lavozim uchun nomzodning oʻz saylovoldi dasturini odamlarda kuchli qiziqish uygʻotadigan shakllarda saylovchilar ruhiyatiga singdira bilishi esa saylovlarda gʻalabaga erishishining asosiy mezoni hisoblanadi.

    Shunday ekan, ushbu siyosiy jarayonlarda barchamizning faol boʻlishimiz, huquqiy ong va huquqiy madaniyat hamda siyosiy bilimlarimizni yuksaltirib, Vatanimiz ravnaqi va istiqboli uchun befarq boʻlmasdan, saylovoldi tashviqotlariga eʼtiborli boʻlishimiz hamda faol fuqarolik pozitsiyamizni shakllantirish asosida aktiv saylov huquqimizdan foylanishimiz – ertangi kun taqdirimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi!

    Farangiz AVAZBEKOVA,

    yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktor (PhD)