Saudiya Arabistonining yirik kompaniyalari rahbarlari Oʻzbekistonga keladi

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyun 2022 2705

    Oʻzbekiston elchisi Ulugʻbek Maqsudov “K-dot Partners” kompaniyasi raisi Faysal al-Dovud bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Podshohlikdagi 6 ta yirik investitsiya kompaniyasi rahbarlarini (K-dot Partners, Maharah HRC Co., Classera, Ejzal, Royal Comission for Jubail & Yanbu, Food Purity Foundation) joriy yil 13-15-iyun kunlari Toshkentga safarini uyushtirish masalasi muhokama etildi.

    Suhbat avvalida Faysal al-Dovud Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari jadallashib, oʻzaro tashrif almashuvlari tobora ortib borayotganidan mamnuniyat bildirar ekan, bularga misol tariqasida Saudiya Arabistoni investitsiya vaziri Xolid al-Falihning ikki marotaba Oʻzbekistonga tashrifi hamda Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiyaning Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi yuqori darajada va samarali oʻtganini alohida taʼkidladi.

    Soʻnggi yillarda Saudiya hukumatining Oʻzbekiston bilan barcha sohalarda oʻzaro munosabatlarni jadallashtirish hamda uni yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilayotgan eʼtibori mamnuniyat bilan qayd etildi. Buning amaliy natijasi sifatida hozirgi kunda Saudiya Arabistonining koʻplab investitsiya kompaniyalari va shirkatlari oʻzbek tomoni bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga, investitsiya, import va eksport hajmlarini kengaytirishga hamda sarmoyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga boʻlgan qiziqishlari ortib borayotgani alohida qayd etildi.

    Shuningdek, suhbatdosh kompaniya vakillarining Oʻzbekistonga amaliy safaridan koʻzlangan maqsad ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish va loyihalarni oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan muhokama qilish asnosida sarmoya kiritish bilan izohlanishini maʼlum qildi. Ushbu kompaniyalar sogʻliqni saqlash, logistika, qishloq xoʻjaligi, turizm, toʻqimachilik, qurilish, taʼlim, innovatsiya va energetika yoʻnalishlarida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirib, bu borada kompaniya vakillarining yetarli tajribaga ega ekanligi bildirildi.

    Uchrashuv doirasida diplomatik vakolatxona rahbari tomonidan Oʻzbekistonning investitsion va eksport salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi. Xususan, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda xorijiy investor va ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi, “Investor Guide” xabarnomasi va investitsion loyihalar toʻplami taqdim etildi.

    Saudiya Arabistoni delegatsiyasining Oʻzbekistonga boʻlajak safari doirasida respublikamizning bir qator vazirlik va idoralari hamda mahalliy xususiy kompaniyalarda bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo”.