Samarqanddagi doktorantlar maktabi dunyodagi 110 ta ilmiy-tadqiqot instituti hamda klinik tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qiladi

    Ta'lim 11 Iyul 2023 1312

    Qariyb  3000 yillik tarixga ega Samarqandda bugun tibbiyot sohasida salmoqli natijalarga erishilmoqda.

    Zotan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davriga munosib hissa qo‘shgan, buyuk allomalar yetishib chiqqan bu qadim shahar bugun ham o‘z bag‘rida yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun Uchinchi Renessans poydevorini yaratuvchi malakali mutaxassislarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shmoqda.

    O‘zining qariyb bir asrlik faoliyati davomida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ta’lim, ilmiy-tadqiqot va klinik salohiyatini faol rivojlantirmoqda, moddiy-texnik bazasini mustahkamlanmoqda. Hozirgi vaqtda Samarqand davlat tibbiyot universiteti (SamDTU) mamlakatimizdagi eng yirik va mustahkam ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Uning tarkibida Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti, L.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti va uning klinikasi, Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi faoliyat ko‘rsatyapti.

    Hozirgi kunda universitetning 9 ta fakultetida 11 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, olti yuzdan ortiq professor-o‘qituvchi o‘quv va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Ular orasida 265 nafar tibbiyot fanlari nomzodi (Doctor of Philosophy, -PhD) va 85 nafar fan doktori (Doctor of Science, DSc) ilmiy darajasiga ega xodimlar mavjud. 2020–2022 yillar oralig‘ida ilmiy darajali xodimlar soni 3 barobar oshdi. Bu keyingi yillarda ilmiy salohiyatning jadal o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Misol uchun, 2020 yilda 22 ta, 2021 yilda 46 ta, 2022 yilda 77 ta dissertatsiya himoya qilindi. Ushbu davrda 128 nafar tadqiqotchiga PhD, 17 nafar DSc ilmiy darajasi berildi.

    Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi o‘z oldiga oliy maqsadni belgilab olgan. U ham bo‘lsa, mamlakatimizning hech bir fuqarosi shifo izlab o‘zga yurtlarga ketmasligi uchun tibbiyotning deyarli barcha sohalarini rivojlantirib, xalqimizga vijdonan xizmat qilishdan iborat.

    Universitetning ko‘p qirrali faoliyatining ajralmas qismi — ilmiy ishlar va innovatsiyalar hisoblanadi. Ilm maskanimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda tahririyat-nashriyot bo‘limlari samarali faoliyat yuritmoqda.

    Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining qarori asosida Samarqand davlat tibbiyot universiteti qoshida hozirgi kunda ilmiy daraja beruvchi 2 ta ilmiy kengash ish olib boradi.

    Professor Jasur Rizayev rahbarlik qiluvchi ilmiy kengash tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) darajasini olish uchun stomatologiya, otorinolaringologiya, sport tibbiyoti, professor Azamat Shamsiyev rahbarligidagi ilmiy kengash esa tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun akusherlik va ginekologiya, ichki kasalliklar, pediatriya, bolalar xirurgiyasi ixtisosliklari bo‘yicha dissertatsiya himoyasini o‘tkazish huquqiga ega.

    Mazkur ilmiy kengashlar dissertatsiyalarni himoya qilish uchun eng qulay shart-sharoitlarni ta’minlab, tadqiqotchilarga materiallarni tayyorlash va yuritish bo‘yicha malakali yordam ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, ta’lim maskanida ilm-fan rivojlanishi uchun barcha sharoit yaratilgan va imkoniyatlar yanada kengaymoqda.

    Samarqand davlat tibbiyot universitetining tayanch doktorantura va doktoranturasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xorijiy mamlakatlarda magistratura dasturlari doirasida, xususan, Janubiy Koreya va Fransiyada ta’lim olgan yoshlar qabul qilingan va ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali davom ettirmokda.

    2023 yilda tayanch doktorantura va doktoranturaga o‘qishga qabul qilish o‘tgan yillardagidan ancha farqli va salmoqli bo‘ldi. Bunda doktoranturaga kiruvchilar chet tilini bilish bo‘yicha malaka sertifikatiga ega bo‘lish talabi kiritildi. Davlat test markazining chet tilini bilish darajasini aniqlash sinovlari natijalaridan so‘ng 53 nafar talabgor tayanch doktorantura va doktoranturaga o‘qishga qabul qilindi. Shu tariqa hozirgi kunda ishlab chikarishdan ajralgan holda 17 ta tibbiyot ixtisosliklari bo‘yicha 90 nafar falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini tayyorlayotgan shaxs tayanch doktorantura va doktoranturada o‘qitilmokda.

    So‘nggi ikki yilda SamDTUda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasini o‘qish muddati tamom bo‘lishidan oldin 6 nafar tayanch doktorant himoya qilgani ham bugungi avlodning maqsad sari qat’iy ishtiyoq-intilishlarini namoyon etib turibdi.

    Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi rahbari Antonina Kim tashabbusi bilan SamDTUda doktorantlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu maktab ilmiy ishlar olib borish uchun ko‘p tarmoqli yondashuvga asoslanadi va bo‘lajak olimlarning salohiyatini shakllantirishga yordam beradi.

    Maktab ishining asosiy mavzulari olingan ma’lumotlarga statistik ishlov berish hamda xorijiy tillarni chuqur o‘rganishga qaratilgan. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda dunyo mamlakatlarining 110 ta ilmiy-tadqiqot instituti va klinik tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Bundan tashkari, SamDTUda tillar kafedrasi hamkorligida doktorantlar uchun xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil kilingan. Chet tilini o‘rgatish kurslari 3 oy davom etadi.

    Dissertantlar ilmiy ishlari natijasini xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda ma’ruza kilishadi, Web of Science va Scopus ma’lumotlar bazasiga kiruvchi jurnallarda maqolalarini e’lon qiladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan yosh olimlar o‘rtasida yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda ilmiy malaka oshirish uchun tanlov o‘tkazildi. Tanlov natijalariga ko‘ra, SamDTU farmatsevtika va toksikologik kimyo kafedrasining assistenti Umida Fayzullayeva g‘olib deb topildi va “Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universitetiga ilmiy jihatdan malaka oshirib, tajriba almashishga yuborildi.

    Universitetimizning yosh olimlari Ulug‘bek Ochilov, Rushen G‘afforov, Mashrab Yusupov “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya tanlovi orqali yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy mahoratini oshirish amaliyotini o‘tadi, nazariy va amaliy bilimlarini chuqurlashtirdi.

    Bu kabi ishlar zamirida inson omili uchun zarur bo‘lgan ilm va amaliyot jamlanmasi yotibdi. Inson salomatligiga daxldor kasb egasi bo‘lishning o‘zi ham sharafli, ham mas’uliyatli. Olim-shifokor bo‘lishning zalvori undan-da katta. Olim zahmati bejiz igna bilan qudduq qazishga qiyoslanmaydi. Bu vazifalarni zimmaga olish, odamlar dardiga darmon bo‘lish tinimsiz izlanishni, yuqori tibbiy malaka bilan bir qatorda ilm-ma’rifatli bo‘lishni ham talab qiladi.

    Hamza HAMROYEV,

    Samarqand davlat tibbiyot universiteti dotsеnti