Oʻzbek teatr va qoʻshiq sanʼati rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan atoqli sanʼatkor Lutfixonim Sarimsoqovani mamlakatimizda tanimagan yoxud nomini eshitmagan odam kam topiladi. Yetti yashardan yetmish yoshgacha – hamma uni yo sahnada, yoki ekranda, hech boʻlmasa, televizorda albatta koʻrgan. Uning yuksak sanʼatiga qoyil qolgan, tan bergan, ofarin aytgan.
Men ham esimni taniganimdan beri Lutfixonim Sarimsoqova sanʼatiga oshnoman. “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan”, “Farzandlar” filmlari ekranga chiqqanida tengdoshlarim maktab oʻquvchilari boʻlib, sanʼatning tub mohiyatini tushunib yetmagan edik. Ammo hammamiz shu filmlar xususida gaplashar, ayniqsa, Lutfixon aya ijrosidagi rollar haqida bahslashardik. “Sen yetim emassan”dagi Fotima xolaning mehridaryoligidan hayratga tushsak, “Farzandlar”dagi ona siymosi, ayniqsa, uning aqldan ozib qolib, “Olib ketinglar, meniyam olib ketinglar”, deb dardli yigʻlashi qalbimizni larzaga solar edi. “Mahallada duv-duv gap” filmidagi soddadil ona-chi? Har narsadan hayratga tushib, “Voy, tinib-tinchimagan odamlar-ey, nimalarni oʻylab topishmaydi-ya”, degan gaplaridan zavqlanib kular edik.
Lutfixonim aya bilan ilk “tanishuvimiz” ana shunday boʻlgan. Yillar oʻtgan sari ayaning sanʼatini chuqurroq tushuna bordim. Bu uning oʻzi bilan uchrashish, suhbatlashish ishtiyoqini tugʻdirdi.
1976-yilning sentyabr oyi edi. Oʻsha paytda ayaning 80 yillik yubileyiga tayyorgarlik koʻrilayotgandi. Men “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida ishlar edim. Redaksiya topshirigʻi bilan ayaning uyiga bordim.
Hech esimdan chiqmaydi, kechki payt edi. U vaqtlarda aya Koʻkcha dahasi yaqinida, 1-shahar shifoxonasi atrofidagi hovlilardan birida yashardi. Toʻgʻrisi, ayaning uyiga kirib, avvaliga hayron boʻlganman. Gʻoyat kamtarona, oddiy turmush. Hech qanday hasham, jimjima, ortiqcha jihozlar yoʻq. Torgina, shinam. Hovliga suv sepib, soʻriga gilam solingan. Ayaning turmush oʻrtogʻi Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadjon Tojizoda oʻsha soʻrida oʻtirgan ekan...
Aya va Muhammadjon ota bilan uzoq suhbatlashdim, turli gazetalarni, suratlarni koʻrsatishdi... Darvoqe, el-yurt oʻrtasida mashhur odamlarni biz koʻpincha juda magʻrur, balandparvoz, uncha-muncha kishi bilan gaplashib oʻtirmasa kerak, deb oʻylaymiz. Aslida unday emas. Kasbim taqozosi bilan mamlakatimiz va boshqa yurtlarning bir necha atoqli adiblari, sanʼatkorlari bilan suhbatda boʻlganman. Ularning aksariyati juda oddiy, kamtar, samimiy... Aya ularning hammasidan koʻra kamtarroq, soddaroq koʻrindi menga.
Suhbat asnosida aya ijro etgan rollarni koʻz oldimga keltiraman. Qahramonlaridagi qatʼiyat, aytish mumkinki, baʼzi oʻrinlarda erkakcha xatti-harakatlar (“Paranji sirlari”dagi Mastura satang rolini eslang) naqadar tabiiy chiqqanidan hayratlanib oʻtiribman. Balki sanʼatkorning mahorati shudir, balki aya sahnani sahna, hayotni hayot, deb bilishining natijasidir.
Oʻsha suhbatdan olam-olam taassurot bilan qaytdim. Shundan keyin yana bir necha marta aya bilan goh yuzma-yuz, goh telefonda suhbatlashish baxtiga muyassar boʻldim...
Esimda bor: oʻsha yili kuzda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida ayaning 80 yillik yubileyi keng nishonlandi. Atoqli ijodkorlar, shogirdlari, hamkasblari, qoʻshni davlatlardan kelgan sanʼatkorlar ayani muborak yoshi bilan qutladilar. Oʻshanda ayaning sevinchi cheksiz ekani uning chehrasidan, muloyim boqishidan bilinib turardi.
Mehriboni bor
Men bir qaro kunda tugʻildim,
Tugʻildim-u, shu on boʻgʻildim.
Atoqli shoir Hamid Olimjonning bu satrlari oʻtgan asr boshlarida oddiy oʻzbek oilalarida dunyoga kelgan farzandlarning ahvolini ifoda etadi. Lutfixon ayaning bolaligi ham ana shunday sharoitda oʻtdi. U hali aqlini tanib-tanimay ota-onasidan ayrildi. Oqibatda kishilar eshigida sarsonu sargardon kezishlar boshlandi. Keyinchalik uni xolasi oʻz tarbiyasiga oldi. Lekin... Baxt ham, tashvish ham egiz boʻladi, deyishadi, oradan koʻp oʻtmay Lutfining xolasi ham qazo qildi. Yana odamlar eshigida sangʻish, bir burda non uchun kimlarningdir qoʻliga javdirab termulish...
Bu ham yetmaganday, uni oʻn uch yoshida erga berib yuborishdi. Oʻn uch yosh-a! Mana, “tugʻilgan zahoti boʻgʻilgan kunlar”. Hali koʻchada hammompish oʻynab, kapalak quvlab, lolaqizgʻaldoq terib yurishi lozim boʻlgan qizaloq roʻzgʻor tashvishini chekishi kerak. Naqadar jaholat! Muhabbat, sevgi shavqidan bahramand boʻlish u yoqda tursin, hali bu soʻzlarni eshitib ulgurmagan qizcha hayotning beshafqat qonunlariga roʻbaru kelsa!
Lutfixon zoʻrma-zoʻraki “barpo” boʻlgan oilani tark etdi. Tark etdi-yu, oʻylab qoldi. Xoʻsh, endi nima qilish kerak? Qayerga, kimning oldiga borsin? Oiladan voz kechdi, ammo zamondan-chi? Undan voz kechish, uni tark etish mumkinmi? Buning uchun Lutfi ojiz edi, albatta. Biroq qafasdan uchib chiqqan qush oʻzini qayta qafasga urmaydi. Lutfi ham qafasdagi qush edi – u shu qafasni yorib chiqdi. Mayli, zarhal idishlarda ovqat ichmaydi, kimxob kiyimlar ham kerak emas. Mayli, kishilar eshigida sargardon boʻlsin, mayli, och-nohor qolsin. Lekin qaytib bormaydi. Joni omon boʻlsa, bir kuni oʻtar. Zero, Navoiy hazratlari aytganidek,
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulga tikondek oshyon boʻlmas emish.
Bu lutfining oiladan chiqib ketishi oʻz ozodligi, erki uchun kurashi sari qoʻyilgan ilk dadil qadam edi. Endi taqdiri, kelajagi uchun oʻzi kurashishga ahd qildi. Ana shu niyat bilan tugʻilgan qishlogʻidan bosh olib chiqib ketdi.
Yoʻl yurdi, moʻl yurdi. Oxiri Qoʻqonga kirib keldi. Qayerga borishni bilmaydi. Toʻgʻri kelgan tomonga ketaverdi. Bozordan chiqib qoldi. Qadimiy Qoʻqonning Chorsu bozori. Kun issiq. Ochlik, yoʻl yurish yosh Lutfixonni holdan toydirgan. Shilq etib yiqilib tushganini oʻzi ham bilmay qoldi. Muzday suvdan seskanib koʻzini ochdi. Roʻparasida notanish ayol turar edi. Bu Xolnisa degan doʻppidoʻz ekan. U Lutfini uyiga olib ketdi. Oʻz hunarini unga ham oʻrgatdi. Lutfi kechalari ashula aytib, doʻppi, kashta tikadi.
Sargʻaygan bu daraxtning
Soyaboni bormikin?
Kuyub yongan yurakning
Mehriboni bormikin?
“Kuyub yongan yurakning mehriboni”... bor edi. Ammo buni Lutfi ham, u singari boshqalar ham hali tushunib, anglab yetmagan edi. Bu mehribon – oʻzbek xalqi, oʻzbek millati edi.
Buyuk ustoz
Aya bilan necha marta suhbatlashgan boʻlsam, doimo Hamzaning nomini ehtirom bilan tilgan olardi. “Ustozingiz kim?” degan savolga hech ikkilanmay “Hamza Hakimzoda Niyoziy” deb javob berardi.
Ha, Lutfixon ayaning sanʼatkor boʻlishida, el-yurt nazariga tushishida Hamza hal qiluvchi oʻrin tutgan.
Oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida Qoʻqonda ochilgan xotin-qizlar klubiga Lutfixon ham tez-tez qatnab turdi. U yangi-yangi qoʻshiqlar oʻrganar, shirali ovozi bilan dugonalari olqishiga sazovor boʻlgan edi. U qoʻshiqni berilib, qalb qatlaridan chiqarib kuylardi. Dardu alamlari, hasrati, tugʻilib oʻsgan qishlogʻiga, qarindosh-urugʻlariga sogʻinch tuygʻulari ashula ohangiga singib ketardi. Shundanmi, u kuylaganda hamma sel boʻlib tinglar, dugonalari undan yangi-yangi qoʻshiqlar aytib berishini soʻrashardi.
Bir kuni Lutfi qoʻshiq aytayotganda klubga Hamza kirib keladi. Uni koʻrib Lutfi ashula aytishdan toʻxtaydi. Ammo Hamza Hakimzoda aytaver deb imo qilgach, biroz tortinib boʻlsa-da, qoʻshiq kuylaydi. Shu-shu Hamzaning nazariga tushadi. Shoir Lutfixon bilan tez-tez suhbatlashadi, uning taqdiri bilan qiziqadi, qoʻshiqlaridan oʻrgatadi. Hamzaning taklifi bilan Lutfi Qoʻqon teatriga ishga qabul qilinadi. Bu dargohda oʻsha kezlari Mirshohid Miroqilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim singari oʻzbek sanʼatining qaldirgʻochlari mehnat qilishardi. Ular Lutfini oʻz davralariga oladilar.
– Hamza bilan tanishmaganimda, u kishi menga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, maslahat bermaganida, taqdirim ne kechardi, bilmayman, – degan edi aya oʻsha kunlarni eslab.
U paytlarda xotin-qizlarning sahnaga chiqishi tasavvurga sigʻmaydigan gaplar edi. Tursunoy, Nurxon... Endigina oʻn olti yoshga kirgan Nurxonni oʻz akasi yigirma toʻqqiz joyiga pichoq urib oʻldirdi.
Ana shunday sharoitda sahnaga chiqib ashula aytish, raqsga tushish chinakam jasorat edi. Lutfixon aya ana shunday fidoiylardan biri. Bularning aksariyatiga shoir, dramaturg Hamza rahnamolik qildi. Uning yuzlab shogirdlari qatori Lutfixon ham shogirdlik burchini sadoqat bilan bajarib keldi. Ustoz qalamiga mansub asarlarda rol ijro etganda yayrab ketadi, butun isteʼdod va mahoratini ishga soladi. “Nurxon”dagi mushfiq ona, “Paranji sirlari”dagi Mastura satang, “Maysaraning ishi”dagi uddaburon Maysara obrazlari bunga misoldir...
– Men va menga oʻxshagan qanchadan-qancha xotin-qizlarning sanʼatkor boʻlib yetishuvida ustoz Hamzaning xizmatlari beqiyos, – degan edi aya. – U ham bevosita yordami, ham asarlari bilan bizni tarbiyaladi, saboq berdi.
Hamza asarlari zamondoshlarinigina emas, undan keyingi qanchadan-qancha avlodni ham tarbiyaladi. Hozirgi sanʼatkorlarimiz ham Hamza asarlarini sahnaga qoʻyishni, ularda rol ijro etishni sharaf deb biladilar. Zotan, klassik adiblar qalamiga mansub asarlarni sahnaga qoʻyish, ulardagi obrazlarni sahnaga olib chiqish har bir rejissyor va aktyor uchun mahorat maktabidir. Hamza asarlaridagi Gʻofir, Jamila, Maysara, Oyxon, Xolisxon va boshqa obrazlar ana shunday oʻlmas qahramonlardir. Halima Nosirova, Sora Eshontoʻrayeva, Shukur Burxonov, Olim Xoʻjayev va boshqa koʻplab atoqli sanʼatkorlarimiz mahoratining takomilida Hamza asarlarining ahamiyati juda katta boʻlgani shubhasizdir.
Sahna – mening hayotim
– Sahna – mening hayotim, men baxtimni sahnadan topdim, – degan edi aya. Chindan ham, aya sahnada qariyb oltmish yil ijodiy mehnat qildi. Bu yillar davomida qanchadan-qancha rollar ijro etdi. Ularning har biri oʻziga xos qiyofaga, xarakterga, koʻrinishga, gapirish manerasiga ega. Ularni bir-biri bilan adashtirib, qorishtirib yuborish mumkin emas. “Halima”dagi Halima, “Arshin mol olon”dagi Gulchehra, “Malikai Turandot”dagi Malika, “Farhod va Shirin”dagi Yosuman, “Gulsara”dagi ona, “Oltin koʻl”dagi Jamol xola va boshqalar. Mana shu roʻyxatning oʻziyoq Lutfixon aya isteʼdodidan darak beradi.
Bu obrazlarning har birini alohida tahlil qilish mumkin. Chunki ular shunchaki ijro etilmagan, balki har biri obraz darajasiga koʻtarilgan. Boshqacha aytganda, obrazning tub mohiyati yuksak mahorat bilan ochib berilgan. Tomoshabin aktrisa yaratgan Halima, Gulchehra, Layli, Nurxonning onasi Kimyo xola kabi rollarga xayrixoh boʻlsa, Yosuman, Mastura satang singari obrazlardan dahshatga tushadi. Yosuman Farhodga gul olib kelishi, buni senga Shirin berib yubordi, deb Farhodga gulni hidlatishi hamda hushidan ketkazishi va u behush boʻlib yiqilganda gʻalati bir ovoz bilan kulishini eslang. Uning ovozi, kulgisi tomoshabin yuragiga xanjar kabi sanchiladi. Yoki Mastura satangning “Ey, Norboyvachcha, haliyam boʻlsa belbogʻni roʻmolga almashtirib qoʻya qoling”, degan achchiq kinoyalari-chi. Uning gaplaridan ilon poʻst tashlaydi. Bu soʻzlarni aytayotgan sanʼatkor harakatlarining oʻziyoq olam-olam mazmunga ega.
Lutfixon aya bugun bu rolda, ertaga boshqa rolda sahnaga chiqdi, deylik. Tomoshabin uni darhol tanib ololmaydi. Nega? Sababi, aktrisa oʻzi ijro etgan obrazni obdon oʻzlashtirib oladi, yaʼni rol oʻynamaydi, balki sahnada obraz qiyofasida yashaydi.
Teatrdan chiqqandan keyin esa yana oʻzimiz bilgan oʻsha oddiygina Lutfixon ayaga “aylanadi”. Bu – sanʼatkor mahoratining namunasi. Holbuki, shunday aktyorlar borki, ular bizning zamondosh rolida chiqsa ham, boshqa millat vakillari siymosida koʻrinsa ham, klassik asarlar qahramonlarini oʻynasa ham sahnaga chiqishi, bir ogʻiz gapirishi bilanoq qaysi artist ekanini bilib olamiz. Chunki obrazlarning hammasi bir xil ohangda gapiradi, bir xil yuradi, bir xil kuladi va hokazo. Lutfixon ayani tomoshabin darhol tanimaydi, deganda, mana shu jihatlarni nazarda tutyapman. Aslida tomoshabin taniydi, ammo kim ijro etayotganini, hatto sahnadagi voqealar spektakl ekanini esidan chiqarib qoʻyadi. Muayyan rolni maromiga yetkazib ijro etgan artistni oʻsha obraz nomi bilan atashga ham oʻrganib qolganmiz. Aytaylik, Abror Hidoyatovni – Otello, Olim Xoʻjayevni – Navoiy, Obid Jalilovni – Solihboy, Soib Xoʻjayevni – Toshbolta, Razzoq Hamroyevni – Nasriddin Afandi va hokazo.
***
Lutfixon aya Qoʻqon teatridan keyin Andijon teartiga ishga oʻtdi. U yerda Komil Yashin (adabiy emakdosh), Toʻxtasin Jalilov, Soib Xoʻjayev kabi sanʼatkorlar bilan tanishdi, hamkorlik qildi. Keyin Toshkentga – respublika musiqali drama teatriga ishga keldi. Bu paytda uning aktrisalik mahorati ancha shakllanib, takomillashib qolgan edi. Shu bois, Boborahim Mirzayev, Karim Zokirov, Mukarrama Turgʻunboyeva, Halima Nosirova singari mashhur sanʼatkorlar bilan partnyor boʻlib rollar ijro etishga uncha qiynalmadi...
Oʻzbekistonda opera teatrining ochilishi Lutfixonim sanʼatining yangi qirrasi kashf etilishiga imkon yaratdi. Endi u operalarda partiyalar ijro eta boshladi. “Er-Tyargʻin”da Tama, “Nargis”da Noz-noz partiyalari aktrisa ijodiy tarjimayi holini bezab turibdi.
Muqimiy nomidagi teatr ishga tushgandan boshlab aya ijodiy faoliyatini shu sanʼat dargohida davom ettirdi. Bu sahnada necha oʻnlab rang-barang rollarni ijro etdi. “Xolisxon”, “Farhod va Shirin”, “Nurxon”, “Oltin koʻl”, “Kimga toʻy, kimga aza”, “Ikki bilakuzuk”, “Mavlono Muqimiy” spektakllaridagi rollar shular jumlasidandir. Ularning har biri faqat Sarimsoqova ijodida emas, ayni chogʻda oʻzbek musiqali drama teatri tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Shu bilan birga, yosh sanʼatkorlar uchun mahorat maktabiga aylandi.
Aya 1937-yilni alohida hayajon bilan eslaydi. Oʻsha yili Moskvada oʻzbek sanʼati va adabiyoti dekadasi boʻldi. Shu tantanada Lutfixonim “Farhod va Shirin”da Yosuman, “Gulsara”da Oysara rolini ijro etdi. Oʻsha kezlari Moskva nashrlarida oʻzbek sanʼatkorlari, xususan, Lutfixonim Sarimsoqova ijodi haqida maqolalar berildi. Jumladan, “Pravda” gazetasi “Gulsara” spektaklida Oysara rolini ijro etgan Lutfixonim Sarimsoqova katta dramatik isteʼdodga ega ekanini namoyish etdi”, deb yozgan edi.
Ayaning ijodi toʻgʻrisida turli gazeta va jurnallarda qanchadan-qancha maqolalar yozildi. Zotan, sahnaga 16 ming martadan koʻproq turli qahramonlar siymosida chiqish, faqat chiqish emas, ularning xarakterini ochib berish – bu aytishga oson, xolos. Aslida ular mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanishlar, uyqusiz tunlar hisobiga qoʻlga kiritilgan...
Shu oʻrinda bir narsani taʼkidlamoqchiman. Aya nimagaki erishgan boʻlsa, faqat mehnat, mashq evaziga erishgan. Chunki u na bir oliy oʻquv yurtida, na bir maxsus studiyada tahsil olgan. Faqat hayotdan, ustozlardan oʻrgangan.
Ekran...
Aya ijodini filmlarda ijro etgan rollarisiz tasavvur qilish qiyin. Bu ommaviy sanʼatga u 1931-yili Margʻilon fabrikasida suratga olingan “Ozod” filmida suratga tushish bilan kirib keldi. Shundan soʻng oʻnlab filmlarda turfa obrazlar yaratdi. “Qasam” nomli ilk ovozli filmda ham aya rol ijro etgan. “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan”, “Ikkinchi bahor”, “Hamza”, “Stadionda uchrashamiz”, “Farhodning jasorati”...
Bu filmlar orasida, ayniqsa, “Sen yetim emassan” alohida ahamiyatga ega. Aya ijro etgan Fotima xola obrazi oʻzbek onalarining mehribonligi, bolajonligi, fodoiyligi timsolidir. Filmni koʻrmagan tomoshabin yoʻq hisobi. Shu bois, uni tahlil qilishga ham hojat yoʻq. Bir narsani eslatish kerakki, ayaning oʻzi ham Ikkinchi jahon urushi yillarida boshpanasiz qolgan goʻdak boshini silagan, tarbiyasiga olgan. Katya ismli bu qizchaga Karomat, deb nom qoʻyadi. Aya uni onalik mehri bilan tarbiyaladi, oʻstirdi, voyaga yetkazdi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor Ikkinchi jahon urushi mavzuidagi bir sheʼrida “Ha, ha, oʻsha mashhur Lutfixon aya”, deb bekorga yozmagan edi.
Lutfixon aya sahnada, ekranda ijro etgan rollari tomoshabinlarga ezgulikdan, odamiylikdan saboq beradi. Ijobiy obrazlari oʻrnak boʻlsa, salbiy obrazlari ogohlantiradi.
Men Belarusda boʻlib Minskdagi Ikkinchi jahon urushi muzeyi zallarini aylanganimda, Riga yaqinidagi Salaspils konslageri oʻrnida barpo etilgan yodgorlik muzeyini koʻzdan kechirganimda kinolarda koʻrganimiz, kitoblarda oʻqiganimiz urush voqealarini esladim. Ayniqsa, Salaspilsda fashistlar tomonidan vahshiylarcha oʻldirilgan bolalarning qoʻlidagi raqamlarni koʻrib yuragim uvishib ketdi. Bu ajalxonada yetti ming goʻdak vahshiyona oʻldirilgan. Shunda yodimga Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan bolalar tushdi. Har qalay ular baxtli bolalar ekan. Holbuki, qancha-qancha bolalar evakuatsiya qilinmay qolib ketgan. Afsus...
“Sen yetim emassan” filmi, bu filmdagi Fotima xola obrazi menga shularni eslatadi. Zotan, oʻzbek xalqi qancha bola boʻlsa, joniga joylar edi. Binobarin, bu millatimizga xos fazilatdir. Lutfixonim aya ana shu xususiyatlarni yorqin ochib bera olgan.
Alqissa
Lutfixonim Sarimsoqava sanʼat uchun tugʻilgan. U 95 yoshida (1991-yil) vafot etdi. Bu yillarning har biri olam-olam maʼnoga, voqealarga boy boʻldi. Aya ularni hayajon bilan eslardi. Qoʻqondagi faol xotin-qizlar Tojixon Shodiyeva, Toʻraxon Ibrohimova, Toʻtixon Mavlonbekova, Jannatxon Obidova koʻrsatgan yordam va gʻamxoʻrliklarni aya minnatdorlik bilan yodga olar edi. Har bir rol ustida oylab ishlaganlarini kulib gapirib berardi. “Nurxon” spektaklidagi Kimyoxon rolini sahnada uch ming besh yuz marta ijro etganini eslasa, quvonchdan koʻziga yosh kelardi. Oʻzbekiston xalq artisti, SSSR xalq artisti unvonlarini olgan kunlarni hayajon bilan esga olardi. Oʻsha davrning koʻplab ordenlari bilan taqdirlangan edi.
Plastinkalarni qoʻyib, bir vaqtlar oʻzi kuylagan “Omon boʻlaylik”, “Jambilxon”, “Kuling”, “Oʻzgancha” kabi ashulalarini tinglaganda, xayollar uni uzoq oʻtmishga olib ketardi. Bir vaqtlar odamlar eshigida xor-zor boʻlib yurgan, burda non uchun kishilar qoʻliga moʻltirab termulgan Lutfi elu yurtimizga Lutfixonim boʻlib tanildi. Uni faqat shogirdlarigina emas, butun sanʼat muxlislari aya deb eʼzozladi.
Teatr va kino sanʼati muxlislari, qoʻshiq shinavandalari hamon aya sanʼatini qadrlaydi, eslaydi, aya qatnashgan filmlarni intiqib tomosha qiladi. Ayaga vafotidan keyin 2001-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni berilgani ham bu fikrlarni tasdiqlaydi.
Halol, vijdonan qilingan mehnat qadr-qimmat topadi. Yengil-yelpilik, qoʻl uchida ish qilish, mol-dunyoga berilish yaxshilikka olib kelmaydi, deb taʼkidlardi aya.
Ayaning oʻzi uzoq umri davomida shu gaplarga amal qilib yashadi.
Mamatqul HAZRATQULOV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist









