Qirgʻizistonlik yoshlar Andijonda

    Andijon shahridagi “Vella Elegant” mehmonxonasi konferens-zalida boʻlib oʻtgan Oʻzbek-Qirgʻiz yoshlari forumi ikki qoʻshni xalq, umuman, Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    — Yoshlar har qanday davlatning ertasi, porloq kelajagini taʼminlovchi ulkan kuch, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Oybek Yuldashev. — Ana shu kuch, doʻstlik, hamkorlik aloqalari qanchalik mustahkamlansa, yurtimiz, mintaqa, yaʼni Markaziy Osiyo taraqqiyoti yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

    Oʻzbek va qirgʻiz yoshlarining faol ishtirokida oʻtgan muloqotlar, maqsadlar uygʻunligini koʻrsatdi. Shundan soʻng qirgʻizistonlik yoshlar Andijon shahridagi “Yoshlar texnoparki” faoliyati bilan tanishdi. Yoshlarning IT sohasidagi bilim va salohiyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan, eng zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan “Yoshlar texnoparki”da qator loyihalar doirasida yoshlar 3D modellashtirish, robototexnika, grafik dizayn hamda dasturlash yoʻnalishlari va boshqa zamonaviy kasblarga oʻqitilmoqda.

    Forum qatnashchilari bu yerda tashkil etilgan “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Markazda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni zamonaviy kasblarga oʻqitish, tadbirkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

    Oʻzaro tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston” yoshlari forumi qatnashchilari yurtimizdagi mahallabay ishlash tizimi bilan tanishish, mahallalarda joriy etilgan yoshlar yetakchisi lavozimi va ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Andijon shahridagi “Barkamol” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻldi.

    Yoshlar yetakchisi tomonidan olib borilayotgan ishlar, tadbirkor va hunarmand yoshlar bilan muloqotlar qilishdi.

    Andijon shahridagi “Ekopark”da madaniy koʻngilochar tadbirlar oʻtkazildi.