Xorijda ishlash istagidagi fuqarolar uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida mamlakatimizda 2018-yildan xususiy bandlik agentliklari (XBA) faoliyatiga ruxsat berilgan edi.
Biroq, o'tgan davr mobaynida ayrim XBA tomonidan fuqarolarni aldash va ishonchini suiiste'mol qilish holatlari sodir etilgan.
Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida “Xususiy bandlik agentliklari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, 2020 yilning 14 noyabridan ular faoliyatida jiddiy o'zgarishlar joriy etilgan.
Amaldagi tartibga ko'ra:
✅ fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo'yicha litsenziyaga ega XBA axborot va maslahat xizmatlari uchun BHMning bir baravaridan, ya'ni 300 ming so'mdan ko'p pul olishi mumkin emas.
✅ shuningdek, chet ellik ish beruvchi va hamkori bilan shartnomalar tuzmasdan, fuqarolarga xizmat ko'rsatish taqiqlanadi hamda ushbu shartnomalar XBAning rasmiy veb-saytida joylashtirilishi lozim.
O'tgan davr mobaynida XBA reestridan 116 ta yuridik shaxs ro'yxatdan o'tgan bo'lib, hozirgi kunda ulardan 9 tasi (shundan 1 tasining litsenziyasi vaqtinchalik to'xtatilgan) fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni xorijda ish taklif qilayotgan tashkilotlarning litsenziyasi borligiga ishonch hosil qilishi, shartnoma tuzayotganda, uning shartlarini o'qib, to'liq tushunib imzo qo'yishga chaqirmoqda.
Agar fuqarolar XBA bilan nizoli vaziyatlarga duch kelsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qilishi mumkin.









