Qatʼiy ishonch ruhi bugun har birimizni ulkan maqsadlar sari chorlamoqda

    Fikr 27 Iyul 2022 2593

    Tabiatda buyuk sehr, katta kuch bor. Bashariyat paydo boʻlibdiki, tabiat qonunlari, turmush shaklu shamoyili doim oʻzgarib keladi. Hech qachon bir yil ikkinchisiga oʻxshamagan, har bir otayotgan tong oʻz husni va mazmuni bilan oʻzgacha. Mana shunday abadiy qonuniyat asosida yashaymiz. Lekin bunga har doim ham eʼtibor bermaymiz, goʻyo hammasi shunday boʻlishi kerakdek.

    Aslida-chi? Oʻzgarayotgan hayotimiz ham, umrimiz mazmuni ham, dunyoqarashimiz, bugunu ertamiz ham — har kunimiz harakatdan iborat. Gap bu harakatning maqsadi, oliy va ezgu niyatlar, orzu-umidlar koʻlamida.

    Shu maʼnoda, keyingi olti yillik yangilanish davri va xalqimiz orzusini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi islohotlar mazmundorligi haqida har qancha gapirsak kamdek tuyuladi.

    Prezidentimiz 2021-yili 17-avgust kuni “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan suhbat-intervyusida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qoʻyganimiz haqida gapirar ekan, jumladan, bunday degan edi: “Taʼkid­lash kerakki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish — bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir.

    Yangi Oʻzbekiston — demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan doʻstona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatdir”. Davlatimiz rahbarining mana shu olijanob maqsadi bugun har birimizni yangi marralar sari chorlab, qalbimizni ruhlantirib turibdi.

    Bu evrilish nimalarda aks etadi? Avvalo, ishonchda.

    Prezidentimiz 2017-yil 28-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish, rahbarlar shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish bilan bogʻliq masalalar muhokamasiga bagʻish­langan yigʻilishda “Odamlarimiz ertaga yoki uzoq kelajakda emas, balki bugun yaxshi yashashni, munosib hayot kechirishni istaydi. Shuning uchun biz olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirishimiz, ularning sifati va samaradorligini yanada oshirishimiz zarur”, deya taʼkidlagan edi.

    Bungacha ham davlatimiz rahbari ijro intizomini kuchaytirish, qabul qilinayotgan har bir meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini soʻzsiz taʼminlash yuzasidan barcha tizim masʼullari oldiga qatʼiy vazifalar qoʻygan edi.

    Bugun oʻylab qarasak, mana shu jonkuyar faoliyat va qatʼiy talab naqadar muhim boʻlganini anglaymiz, qaysiki marra va maqsadlarimizga erishgan boʻlsak, barchasida intizom bosh omil ekanini tushunamiz.

    Shu tariqa hayotimizga qatʼiy tartib-intizom kirib kelganiga ham qariyb olti yil boʻlibdi. Endi uning samarasini tahlil qilsak.

    TARTIBLI, INTIZOMLI, MAQSADLI YASHASh FORMULASI

    Birinchidan, hokimlar, vazirlar, qoʻmita va kompaniyalar raislarining shaxsiy masʼuliyati oshdi. Xalq bilan muloqot tiklandi.

    Shu oʻrinda bir qarashda kichik, lekin maʼnan taʼsiri katta bir elementni aytib oʻtamiz. Davlat idoralari, boshqaruv organlari, ijro hokimiyati baland temir panjaralar bilan oʻrab olingan edi. Bu temir panjaralar oddiy xalqqa sira ochilmas, ichkarida nimalar boʻlayotganidan hech kimning xabari boʻlmasdi. Ichi dardga toʻla odamlar temir panjaralar atrofida sarson kezar, harakatlari besamar ketardi.

    Nihoyat shu devor olib tashlandi. Ichkariga toza havo kirdi, tashqariga esa xalqchil siyosat soyasi tushdi. Hokim xalqni, oddiy odamlarni taniy boshladi. Fuqarolar, dastlab, ishonchsiz kayfiyatda oʻz dardini aytishga kirishdi. Chunki uzoq yillar yechimini topmagan muammolar birdaniga, bir-ikki kun yoki oyda hal boʻlishiga hech kimda ishonch yoʻq edi-da. Yoʻq, boʻlar ekan, boʻldi. Buning uchun Prezidentimiz shaxsiy namuna koʻrsatdi. Mahallalarga, xonadonlarga, el orasiga oʻzi kirib bordi. Odamlar bilan qoʻl olishib koʻrishdi. Shoir aytmoqchi, quchoq ochib xalq ichiga kirdi. Boshqalardan ham shuni talab qildi. Shu paytgacha viloyat hokimi yoki biron vazir tugul, oʻz tumanining hokimi bilan ham qoʻl berib koʻrishmagan oddiy odamlar uchun nihoyatda katta ishonch va hayoti yaxshi tomonga oʻzgarishiga quvonchli mujda edi bu.

    Xalq ichiga kirib, dardini eshitadigan, muam­molarni hal qilishga qodir rahbarlargina ishlay boshladi, xizmat vazifasiga loqaydlik va
    beparvolik bilan munosabatda boʻlganlarning esa ­“javobi berildi”. Bunga hammamiz guvohmiz. Bu xalq yoʻli boʻldi, xalqchil islohotlar shunday bosh­landi. Bir soʻz bilan aytganda, ijro intizomi kuchga kirdi. Har bir qonun, farmon va qarorlar amalda oʻz ifodasini topishiga xalq ishonchi ortdi.

    Ikkinchidan, rahbarlarning oʻz ishiga vijdonan yondashuvi mahallalarga ham koʻchdi.

    “Suyunchi” filmida aytilganidek, har bir mahallaning “vijdoni” paydo boʻldi. Shunda “kimoʻzar” bahsi boshlandi. Bu sogʻlom raqobat muhiti edi. Axir hamma oʻz uyi, uning atrofi va mahallasi obod boʻlishini istaydi-da.

    Siz, necha yillar uyquda boʻlib kelgan “mahalla vijdoni” qanday uygʻondi, deb oʻylaysiz? Ishonamizki, bir xil fikrdamiz: avvalo, vijdon uygʻonishi atrof-muhit bilan bogʻliq jarayon. Yaʼni yon-atrofimizda boʻlayotgan amaliy ishlar, odamlar hayotini oʻzgartirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar hammani quvontirdi.

    Agar sizga kimdir eʼtibor berib, munosib hayot tarzi vaʼda qilsa, shuningdek, buni amalda koʻrsatsa, oʻz-oʻzidan harakat mexanizmi hosil boʻladi. Yurtimiz mahallalarida ham shunday kechdi. Prezident mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, infratuzilmani yangilash, ijti­moiy himoyani kuchaytirish siyosatini boshladi. Buning uchun barcha moliyaviy manbalar ham aniq-tiniq belgilandi.

    “Xarob va fayzi yoʻq joyda yashayotgan aholining kayfiyati ham, kelajakka intilishi ham boʻlmaydi. Ikkinchi tomondan, ular ham fuqarolarimiz, nima uchun ular sharoit yoʻq joyda yashashi kerak?”, deya bong urdi davlatimiz rahbari. Boshqacha aytganda, uzoq yillar bizga boʻlaveradi, degan kayfiyatni oʻzgartirdi, mudroq qalblarni sergak torttirdi. Shu-shu mahallalar butkul obod boʻla boshladi.

    “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini eslaylik. Dastlab, Manas qishlogʻidan bosh­langan obodonlik ishlariga hammamiz havas bilan qaragan edik. Koʻp oʻtmay bu yangilanish shukuhi mamlakat boʻylab avj oldi. Uygʻoq vijdon bilan aytsak, bugun oʻzgarishlar epkini kirib bormagan bironta ham mahalla yoʻq.

    Uchinchidan, tartibli, intizomli, maqsadli yashash formulasi shakllandi.

    Turmush iziga, maromiga tushsa, odam oʻzini isloh qila boshlaydi. Faol, barakali va maqsadli kun tartibi shakllanadi. Mana, masalan, ertalab farzandini bogʻchaga olib borayotgan ota-onalar soni keyingi besh yil mobaynida 40-50 foizga koʻpaydi. Demak, endi ular oilasi kun tartibidan farzandining bogʻchadagi tarbiyasi bilan bogʻliq muhim oʻzgarishlar oʻrin olgan. Oʻgʻil-qizlari kelajagidan koʻngli toʻqlik tolei bor.

    Yana bir misol. Mahallalarda barpo etilgan sport maydonchalari, yangi qurilgan yurish va yugurish yoʻlakchalarida sayr qilib yurgan yoshu qarini tongda ham, oqshomda ham koʻp koʻryapmiz. Bundan anglashiladiki, Yangi Oʻzbekiston odamlari kun tartibida oʻz salomatligini saqlashga muhim oʻrin ajratmoqda.

    Yangilangan kun tartibimizda maʼnaviy yuksalish omillariga ham alohida vaqt sarflanayotir. Rostini aytsak, avval vaqt yetmas, sharoitimiz yoʻl qoʻymas edi. Chunki bugungidek aholiga markazlashgan xizmatlar elektron shaklda koʻrsatilmas, qogʻozbozlik va ortiqcha yugur-yugurlar tinkamizni quritardi. Bunga misollar koʻp. Birgina pasport tizimidagi tashvishli yelib-yugurishlarni eslash kifoya. Toshkent shahriga vaqtincha roʻyxatda turish uchun ham haftalab, oylab yugurar edik. Aytaylik, Toshkentu olis Xorazm oʻrtasida qatnab, necha yuz ming soʻmlab pul sarflab, endigina maqsadga yetdim deganda, keyingi olti oylik tashvishi gardanni ezib turardi.

    Farzandiga tugʻilganlik guvohnomasi, bankdan naqd pul olish, uyiga kadastr hujjatlarini tayyorlash, pensiyani intiqib kutish, svet, suv, gaz idoralariga borib, uzoq navbatni kutib pul toʻlash... Bugun bularning barini uyda, ishda oʻtirib, telefonimiz yordamida bajaryapmiz. Davlat xizmatlari odamlar uyiga kirib bordi. Ortiqcha vaqt va mablagʻ sarfidan xalos boʻldik. Bu vaqt va tejalgan pullarni kitob mutolaasiga, madaniy-maʼnaviy hordiqqa sarflayapmiz.

    Avvallari ishga hafsalasiz kelar, uyga borishga ham koʻp shoshilmas edik. Bugun koʻchada ham, ishda ham, uyda ham joʻshqin muhit hukmron. Nega shunday boʻlganiga quloq tutganmizmi?

    Chunki har bir yurtdoshimizning hayotdan umidi katta, maqsadlari aniq. Yoʻlimiz ochiq, munosib yashash uchun barcha imkoniyatlar yaratildi, sharoitlar qilindi. Bu ham kun tartibimizga katta oʻzgarishlarni kiritdi.

    Eʼtibor bersak, kechki soat oʻn-oʻn birlarda ham metroda vagonlar toʻla boʻladi. Besh-olti yil oldin bu vaqtda metroda yoʻlovchilarni kam koʻrardik. Kechki yoʻlovchilarning aksariyati yoshlar. Bugungi yigit-qizlarning kun tartibi besh-olti yil oldingi yoshlar hayotidan tubdan farq qiladi. Yangi Oʻzbekiston yoshlari oʻqishdan boʻsh vaqtini qoʻshimcha mashgʻulotlarga, ishga sarflaydi, oliy taʼlim muassasalarida kechki va sirtqi taʼlim shaklida bilim olish imkoniyati yaratildi. Xiyobonlardagi yashil maysazor ustida kitob oʻqiyotgan yoshlarimiz ham koʻpaydi. Hammasi xotirjam, kelajagidan koʻngli toʻq. Maqsadi aniq — ular Uchinchi Renessans bunyodkorlari. Harakat ham shunga yarasha boʻlishi kerak.

    Hozir shular haqida oʻylar ekanman, Prezidentimizning yana bir gapi yodimga tushadi: “Yangi Oʻzbekistonning nafasi, surʼati va shiddatini, avvalo, aziz oʻgʻil-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida koʻraman”.

    Bu yuksak ishonch bugun har birimizning niyatimizda aks etadi: munosiblik baxti hammamizga nasib etsin.

    Hayotimizda aks etayotgan tartib-intizom mahsuli haqida uch asos bilan gapirdik. Aslida, gap koʻp. Lekin, eng muhimi, kun tartibimizga bugungi zamonning oʻzi olib kirgan yangi oʻzgarishlar har birimizning hayotimiz yaxshilanayotganidan dalolat berib turibdi.

    ORTGA QAYTMAS YOʻL

    Biz yuqorida xalqimizning islohotlarga ishonchi haqida soʻz yuritdik. Bor gapni yashirmaymiz: jamiyatning inersiya taʼsiridagi oqibatlarini koʻrdik. Nafaqat koʻrdik, balki uning jabrini ham tortdik. Qoʻzgʻalmaslik kuchi jamiyatni qat-qat qobiqlarga oʻraydi. Shunda byurokratiya kampaniyasi avj oladi, amalda boʻlmagan ishlar qogʻozlarda oʻz aksini topadi, “jozibali soʻz” oʻyini boshlanadi. Eng achinarlisi, mana shu inersiya asorati oddiy xalq yelkasiga ogʻir turmush yuki boʻlib tushadi.

    Shunday ogʻir sharoitda katta, xalqchil islohotlar eshigi ochib yuborilgach, tanti va mehnatkash, har qanday qiyinchilikni birgalikda yengib oʻtishga qodir yurtdoshlarimiz televizor qarshisidan ketmay qolganida ham gap koʻp edi.

    Ular har kuni, har soatda Prezidentimizning televizor orqali chiqishini kutar, videoselektor yigʻilishidagi tashabbuslarini, rahbarlar oldiga qoʻygan vazifalarni tahlil qilar, deyarli har kuni qabul qilinayotgan yangi farmon va qarorlardagi imtiyoz va imkoniyatlardan xursand boʻlardi. Viloyatlarga tashriflari esa odamlar uchun katta bayram edi. Boisi, bu tashriflar chogʻida 25-30, hatto 40-50 yil naridan kelayotgan muammolarga yechim topilar, odamlar oʻz dardini kimga aytishni bilardi.

    Prezidentimiz taʼkidlaydi: “mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, ijro organlari ishidagi oʻzgarishlarni joylarda odamlar sezishi kerak. Buning uchun quyi boʻgʻindagi ishlar samaradorligini oshirish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash barcha rahbar va mutasaddilar faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur”.

    Shu kabi uzoq va intiq kutilgan islohotlarning jadal roʻyobiga minnatdorlik hissi paydo boʻldi. Yaʼni xalqimiz Shavkat Mirziyoyevni “Mening Prezidentim”, degan yuksak maqomga koʻtardi. Bu kelajakka katta ishonch edi.

    Bu besh-olti yil oldingi gaplar. Oʻshanda biz endigina Harakatlar strategiyasi asosida ish boshlashga tayyorgarlik koʻrayotgan edik. Nihoyasi xayrli boʻldi. Strategiyada koʻzlagan maqsadlarimizga toʻla erishdik.

    Bir gap hech yodimdan chiqmaydi, har doim masʼ­uliyat yuklab turadi. Oʻsha yillari davlatimiz rahbari kuyunchaklik bilan taqdir bizning chekimizga nihoyatda masʼuliyatli vazifa yuklagani, hech birimizga oson boʻlmasligi, chunki oldimizda xalqimizning bugungi turmush sharoitini tubdan yangilash, farzandlarimizga nurli kelajak yaratish nasibasi tushgani haqida aytgan edi.

    Albatta, bu yoʻl oson boʻlmasligi har birimizga ayon. Davlatimiz rahbarining nuktadon siyosati, uzoqni koʻra bilish qobiliyati, buyuk davlatchiligimiz tajribasi, xalqimizning donishmand feʼli bilan shu maqsadimiz yoʻlida katta yutuqlarni qoʻlga kiritdik. Mustahkam poydevor qurib oldik. Endigi navbat “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari”. Eng muhimi, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, biz boshlagan islohotlar, taraqqiyot yoʻlidagi saʼy-harakatlar, xalqimiz turmushi farovonligi, farzandlarimiz baxti uchun koʻrayotgan chora-tadbirlarimiz ortga qaytmas tus oldi.

    JAMIYATIMIZNING YANGI QIYOFASI

    Hozir kim bilan gaplashmang, vaqt juda tez oʻtayotgani haqida aytadi. Haftalar, oylar, yillar shitob bilan kechmoqda. Bu nimadan dalolat?

    Odatda, vaqt qachon sekin oʻtayotgandek tuyulishini yaxshi bilamiz. Bekorchilikda. Demak, bugun vaqt shitob bilan oʻtayotganida ham xayrli hikmatni koʻramiz. Odamlar harakatga tushgan. Bu bugungi va ertangi qadrli kunimizga boʻlgan ishonchli ­harakat.

    Shu oʻrinda yana bir xayrli toleni aytgimiz keladi. Bugungi Oʻzbekiston odamlari orzuli xalq. Ular endi orzu qilishga, oʻz oldiga katta-katta maqsadlar qoʻyishdan qoʻrqmaydi. Chunki inson ­qadri ulugʻlangan yurtda yashayapmiz.

    Inson qadri haqida gap ketganida yana uch muhim islohotni eʼtirof etmoq lozim.

    Birinchi: erkin fikr aytish, jamiyatdagi voqea-hodisalarga, davlat boshqaruviga munosabat bildirish imkoniyati.

    Oddiy hayot tarzi shunchalik murakkabki, uni baʼzan anglash qiyin kechadi. Bepoyon sahroning oʻz qonun-qoidalari, yaylovdagi choʻpon-choʻliqning yashash tamoyili, tabiat bilan uygʻun ehtiyojlari bor. Xuddi shuningdek, zamonaviy, ilgʻor jamiyat ham oʻz hukmiga ega. Shunday ekan, koʻplashib, kengashib ish koʻrish hamisha muhim, bu — tadbirlarning samarali boʻlishi kafolati.

    Bugun, fikrimizcha, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvi yuzasidan bildirayotgan har bir fikri, istagi-yu ehtiyoji oʻrganilayotgani zamirida, avvalo, ularning manfaati turgani ham shunda, aslida.

    Ikkinchi: “inson — jamiyat — davlat” ­tamoyilining amaldagi ifodasi.

    Prezidentimiz har doim insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerakligini taʼkidlaydi. Siyosiy va ijtimoiy tutumlarimiz ham shu prinsipga ­hamohang olib borilmoqda.

    Inson, avvalo, jamiyat asosini tashkil qiladi. Insonsiz jamiyat yoʻq. Oʻz, navbatida, faol insonlar bilan toʻla jamiyat qudratli davlat asosiga xizmat qiladi. Mana shu uzilmas halqa bugun hayotimiz asosiga aylangani ham bor gap.

    Uchinchi: ijtimoiy himoya va inson kapitaliga eʼtiborning mutlaqo yangi bosqichiga oʻtilgani.

    Ijtimoiy himoyani oʻz hayotida sezgan har bir fuqaro xotirjam yashaydi. Xotirjamlik tafakkur qilishga, fikr tiniqligiga olib keladi. Inson kapitaliga eʼtibor esa taraqqiyotning uzviy rishtasini mustahkamlaydi.

    Shu oddiy, lekin nihoyatda aziz aqidaga asos­langan jamiyatda har doim katta evrilishlar boʻlganiga tarix guvoh. Bugun Oʻzbekiston ham shu yoʻlda ekani xalqimiz baxti.

    Bir soʻz bilan aytganda, bugun insonlarning yorqin fikrlari bilan yoʻgʻrilgan jamiyatimizning yangi qiyofasi shakllandi. Bunda hech kim bir-biriga begona emas, hech kim yolgʻiz, oʻz holiga tashlab qoʻyilmagan. Mana bu ham biz erishgan eng katta natijalardan biri, aslida.

    BUGUNNING GAPI

    Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev yaqinda mamlakatimizga tashrifi chogʻida davlatimiz rahbari olib borayotgan islohotlar yuqori natijalar berayotganini eʼtirof etib, “Prezident Shavkat Mirziyoyev belgilagan barcha rejalar amalga oshyapti va ular toʻliq roʻyobga chiqishiga ishonaman”, dedi.

    Gapning chinini aytganda, atrofda, uzoq-yaqinda doʻst bor, dushman bor. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi katta yurishlarimiz koʻpchilikning havasini keltirdi, albatta, lekin, afsuski, tirnoq ostidan qir qidiradigan, biz boshlagan islohotlarga mensimay, ishonmay qaraganlar ham boʻldi.

    Aslida biz bu ishlarni maqtanish, koʻz-koʻz qilish uchun qilmayapmiz. Shunday boʻlsa-da, borini gapirish vazifamiz. Ha, yoʻqni yoʻq, borni bor, deb gapirishni ham oʻrgandik. Oʻrni kelganda aytaylik, Prezidentimiz jurnalistlardan doim haqiqatni aytishni soʻraydi. “Ortiqcha maqtamanglar, ­ borini yozinglar”, deydi.

    Xullas, aytmoqchi boʻlganimiz, bugun xalqaro siyosat maydonida “Yangi Oʻzbekiston ruhi”, degan keng qamrovli ibora paydo boʻldi. Oʻzbekiston tashabbuslari katta minbarlarda yangrab, uning eʼtirofi Prezidentimiz ilgari surgan tashab­buslar BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinayotganida, rasmiy Toshkent nufuzli xal­qaro anjumanlar, mintaqalararo tinchlik muhitini mustahkamlash maqsadidagi maslahatlashuvlar manziliga aylanganida ham koʻzga tashlanadi.

    Bugun konstitutsiyaviy islohotlar ogʻushidamiz. Taʼkidlash joizki, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining yettita yoʻnalishida qamrab olingan 100 ta katta maqsadni amalga oshirishga kirishdik. Eʼtibor bersak, shu maqsadlarning barchasi “Inson qadri uchun”, degan tamoyil ­bilan sugʻorilgan.

    Yangi hayotimizda inkishoflar koʻp. Bularning barchasini takomiliga yetkazish, zamon talab­lariga mos rivojlantirish, oldimizga qoʻygan oliy maqsadlarga yetish uchun ham konstitutsiyaviy ­islohot zarurligini hammamiz yaxshi tushunamiz.

    Shu bois, soʻzimiz yakunida aytmoqchimizki, xalqimizning immanent qonunlari bor. Bu kengashib ish koʻrish, yetti oʻlchab, bir kesish, ilmga intilish, birdam, hamjihat boʻlib yashash, keksani hurmat, kichikni izzat qilish, siylaganni siylash, yaxshi-yomon kunlarda ham shukr qilib yashash, iymon-eʼtiqod bilan ish koʻrish, oqibatli boʻlish demakdir.

    Bu xislatlar asrlar mobaynida ikkita ­Renessans davriga beshik boʻldi. Eʼtibor bersak, IX asrdan boshlangan Birinchi Renessans oradan besh asr oʻtgach — XIV asrda yana qayta takrorlandi. Bugun XXI asrning birinchi choragi adogʻidamiz. Tabiat oʻlchamlari ham Buyuk Tamaddunga zamin hozirlayotgani chin boʻlsin, deymiz.

    Soʻzimizni esa Prezidentimizning quyidagi gapi bilan muxtasar qilsak: “Yangi Oʻzbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan gʻoyaviy-maʼnaviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng koʻlamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”.

    Ha, har birimizning aziz Vatanimizga mehrimiz cheksiz. Shu buyuk mehr bizni jonajon yurtimizni asrab-avaylashga, hamjihat va ahil yashashga, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishga undab turadi. Eng muhimi, bugun xalqimiz dunyoqarashi oʻzgargan, ezgu maqsadlarga erishishga katta ishonchi shakllangan. Demak, Taraqqiyot strategiyamizda koʻzlangan maqsadlar va undan keyingi qutlugʻ marralarni zabt etishimizga hech kimda shubha yoʻq.

    Salim DONIYOROV