Aksariyat oziq-ovqat mahsulotlariga saqlanish muddatini uzaytirish va mazasini yaxshilash maqsadida, asosan, tuz, yog', shakar, soya va palma yog'i kabi qo'shimchalarni qo'shish orqali ishlov beriladi.
Shuning uchun mahsulot sotib olishda uning tarkibi haqidagi yo'riqnoma bilan tanishish muhim. Agar beshtadan ziyod qo'shimchani o'z ichiga olgan bo'lsa, uni o'ta qayta ishlangan oziq-ovqat mahsuloti, deb atash mumkin.
O'ta qayta ishlanganlar guruhiga kiruvchi — kolbasa va shunga o'xshash qayta ishlangan go'sht mahsulotlari, qadoqlangan holda sotiluvchi yormalar, tez tayyor bo'ladigan lapshali sho'rvalar, gazlangan shirin ichimliklar, tovuq go'shtidan tayyorlangan naggetlar, kekslar, shokolad, muzqaymoq kabilarni ko'p iste'mol qilish sog'lik uchun zarar keltiradi.
Qayta ishlanmagan yoki kam darajada qayta ishlangan mahsulotlar organizmga ziyon keltirmaydi. Bunday mahsulotlarda vitaminlar va mikroelementlar tabiiy holda saqlanib qoladi. Mevalar-sabzavotlar, sut, go'sht, dukkaklilar, guruch, tuxum shular jumlasidandir.








