Fuqarolar va yuridik shaxslar muayyan holatlarda oʻzlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilishi mumkin.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga murojaat qilish hamda sudda fuqarolik sud ishlarini yuritish bilan bogʻliq jarayon Fuqarolik protsessual kodeksi bilan tartibga solinadi.
Qonunda sudga murojaat qilish shakliga nisbatan qatiy talablar belgilangan.
Konstitutsiyamizda har bir shaxsning oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish huquqi kafolatlangan. Buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqni hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatni himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga boʻlgan huquq — keng koʻlamli, haqiqiy demokratik, konstitutsiyaviy huquq boʻlib, unda odil sudlov eshigi har bir inson uchun ochiqligi mujassamdir.
Fuqarolar va yuridik shaxslar muayyan holatlarda oʻzlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilishi mumkin.
Chunki hayotda aliment majburiyatlarini bajarmaslik, zarar yetkazganlik, shartnoma majburiyatlarini buzish bilan bogʻliq fuqarolik, oila, mehnat qonunchiligida belgilangan huquqlar buzilishi holatlari uchrab turadi.
Bunday hollarda fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudlarga murojaat qilish lozim.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga murojaat qilish hamda sudda fuqarolik sud ishlarini yuritish bilan bogʻliq jarayon Fuqarolik protsessual kodeksi bilan tartibga solinadi.
Qonunda sudga murojaat qilish shakliga nisbatan qatiy talablar belgilangan. Murojaat fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha daʼvo arizasi shaklida, buyruq tartibida koʻriladigan ishlar boʻyicha va alohida tartibda yuritiladigan ishlar, shuningdek, protsessual qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda esa, ariza shaklida berilishi talab qilinadi.
Ushbu kodeksning 2-moddasida qayd etilganidek, fuqarolik sud ishlarini yuritish vazifasi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, ijtimoiy adolatni, fuqarolar oʻrtasida tinchlik va totuvlikni taʼminlashga koʻmaklashishdan iborat.
Bunday vazifalarni amalga oshirish uchun sud fuqarolik ishlarini toʻgʻri hamda oʻz vaqtida koʻrib chiqishi lozim. Bu oʻz navbatida, muayyan protsessual maqsadni bajarishga qaratilgan bir necha bosqichni oʻz ichiga oladi.
Fuqarolik protsessida dastlabki va juda muhim bosqich — fuqarolik ishini qoʻzgʻatish bosqichi hisoblanadi. Bu bosqichda oʻn kun ichida sudya yakka tartibda uchta masalani, yaʼni arizani ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishi zarur.
Buning uchun sudya arizachi tomonidan Fuqarolik protsessual kodeksining 189-191-moddalari talablariga rioya qilingani yoki qilinmaganini sinchiklab tekshiradi. Ayniqsa, arizaning mazmuniga nisbatan, shu jumladan, daʼvogar va javobgarning shaxsiga oid maʼlumotlar, daʼvo talabining nimadan iborat ekanligi, daʼvoga asos sifatida keltirilayotgan holatlar va bu holatlarni tasdiqlovchi dalillar arizada aniq koʻrsatilishi shartligi toʻgʻrisidagi qonunda belgilangan talablar bajarilganligi muhim hisoblanadi.
Eʼtibor qaratish shart boʻlgan yana bir jihat — ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari javobgarlarning soniga mutanosib ravishda taqdim etilganini, shuningdek, davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganini tekshirishdir.
Mazkur tekshirishlar natijasiga koʻra, sudya ariza qonunda nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda berilgan, deb topsa, uni ish yuritishga qabul qilish va fuqarolik ishini qoʻzgʻatish, aks holda arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki arizani qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Shu oʻrinda yana bir haqli savol tugʻiladi: qaysi hollarda sudya arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etadi? Bu savolga Fuqarolik protsessual kodeksining 194-moddasida aniq javob topish mumkin. Yaʼni, agar:
- arz qilinayotgan talab sudga taalluqli boʻlmasa;
- fuqarolik ishlari boʻyicha sudning, iqtisodiy sudning yoki maʼmuriy sudning yoxud chet davlat vakolatli sudining ayni bir taraflar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki daʼvogarning daʼvo talablaridan voz kechgani yoki taraflar kelishuv bitimi tuzilgani sababli ishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi mavjud boʻlsa;
- fuqarolik ishlari boʻyicha sudning, hakamlik sudining ish yuritishida ayni bir taraflar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ish mavjud boʻlsa;
- ayni bir shaxslar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan hakamlik sudining qabul qilingan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boʻlsa, bundan fuqarolik ishlari boʻyicha sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berishni rad etgan hollar mustasno;
- ayni bir shaxslar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan hakamlik muhokamasini tugatish toʻgʻrisida chiqarilgan ajrim boʻlsa, sudya arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etadi.
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: xoʻsh, ariza qachon va qanday hollarda qaytarilishi mumkin? Agar Fuqarolik protsessual kodeksining 195-moddasiga muvofiq:
- ariza muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;
- manfaatdor shaxs nomidan ariza ish yuritish vakolatiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa;
- ish mazkur sudning sudloviga tegishli boʻlmasa;
- ariza Fuqarolik protsessual kodeksining 189-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda berilgan boʻlsa;
- bitta arizada bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan oʻzaro bogʻliq boʻlmagan bir nechta talab birlashtirilgan boʻlsa;
- arizani sudning ish yuritishiga qabul qilish va ishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida ajrim chiqarilguniga qadar arizachidan arizani qaytarish haqida ariza kelib tushsa;
- ariza boʻyicha davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligi toʻgʻrisida hujjat taqdim etilmagan yoki ularni toʻlashni kechiktirish haqida iltimosnoma berilmagan yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;
- mol-mulkni (ashyoni) egasiz deb topish toʻgʻrisidagi ariza qonunda belgilangan muddatdan oldin yoki mol-mulkni (ashyoni) aniqlash va hisobga olish yuzasidan qonunda nazarda tutilgan tartib buzib berilgan boʻlsa;
- daʼvogar nizoni javobgar bilan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilish tartibiga rioya etilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan boʻlsa, ariza qaytariladi.
Arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish va arizani qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimlardan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar turlichadir.
Birinchi ajrim sudga shu masalada qayta murojaat qilish imkoniyatidan mahrum etsa, ikkinchi ajrimda koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin manfaatdor shaxs sudga umumiy tartibda takroran murojaat qilish huquqiga ega.
Qonun mazmuniga koʻra, har ikki holatda ham sudya chiqargan ajrim yuzasidan umumiy tartibda xususiy shikoyat qilinishi, protest keltirilishi mumkin








