Ayni ushbu jihatlarni inobatga olgan holda joriy yilning 27-sentyabr kuni poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “Xalqaro avtomobil tashuvlari: muammolar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi va Oʻzbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolangan edi.
Tomonlar oʻrtasida imzolangan mazkur memorandum avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida koʻp sonli professional haydovchilarni, shuningdek, boshqa ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlash/qayta tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan oʻquv markazini tashkil etish va ishga tushirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni nazarda tutadi.
Bugungi kunga kelib mazkur oʻquv markazi oʻz faoliyatini boshladi. Transport vazirligi koʻmagida Oʻzbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi va Litva avtomobil tashuvchilar milliy assotsiatsiyasi (LINAVA) bilan hamkorlikda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida faoliyat yurituvchi mahalliy va xorijiy korxonalarning malakali haydovchilarga boʻlgan talabini qondirish, qolaversa, ushbu sohada xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqarolarni qonuniy asosda ish bilan taʼminlashni tashkil etish maqsadida oʻquv markazida ilk amaliy harakatlar boshlandi.
Ushbu markaz tomonidan Litvaning TVG transport kompaniyasi bilan hamkorlikda Litvada haydovchilik sohasida ishlash istagida boʻlgan mamlakatimiz fuqarolari uchun tanlov jarayonlari oʻtkazilmoqda. Mazkur tanlovda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Toshkent shahri va Toshkent viloyati filialidan roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar ishtirok etishmoqda.
Tanlov jarayonida haydovchilarning avtotransport vositasini boshqarish boʻyicha bilim va koʻnikmalari sinovdan oʻtkazilmoqda. Ushbu jarayondan muvafaqqiyatli oʻtgan haydovchilar ikki hafta davomida nazariy bilimlarini mustahkamlash boʻyicha oʻquv kursida malaka oishirishadi.
Transport vazirligi bevosita Oʻzbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda ushbu oʻquv markazi faoliyatini rivojlantirib, avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida koʻp sonli professional haydovchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan Oʻrta Osiyoda yagona boʻlgan markazga aylantirishni rejalashtirgan.









