Quacquarelli Symonds — QS World University Rankings xalqaro reyting agentligi 2023-yilgi dunyo universitetlarining “Fan sohalari reytingi” (Subject Rankings) natijalarini eʼlon qildi.
Unga koʻra, Oʻzbekiston milliy universiteti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari” Milliy tadqiqot universiteti 4 ta (zamonaviy tillar, matematika, fizika va astronomiya, atrof-muhit) fan boʻyicha TOP-500 oliy taʼlim muassasalari qatoridan oʻrin egalladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston oliygohlari ilk bor sohalar boʻyicha reytingda ishtirok etdi. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari” Milliy tadqiqot universiteti “Muhandislik va texnologiya” sohasi boʻyicha reytingda 451–500-oʻrin va “Tabiiy fanlar” boʻyicha 501–520-oʻrinni egalladi. Bu haqida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.










