Oʻzbekistonda telefon raqamni saqlagan holda aloqa operatorini oʻzgartirish tizimi – “MNP” ishga tushdi

    Bugun, 27-oktabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN–2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini koʻchirish xizmati (MNP) ishga tushirildi.

    Xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari oʻrtasida sogʻlom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi.

    Uning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat koʻrsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.

    Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga koʻchganda oʻz abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi. Bu raqam yoʻqotilishining oldini oladi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.

    Mobil aloqa abonentlariga oʻz mobil raqamlarini saqlagan holda oʻzlari xohlagan mobil aloqa operatori xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining taqdim etilayotgani xizmatning eng qulay tomonidir.

    Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar oʻzi oʻtishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami koʻchirilgan yangi sim kartani olib ketadi.

    Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat koʻrsatadi. Ular tomonidan mijozlarga mobil aloqa xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda. Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori oʻzgartirilsa, koʻchirilgan raqamlar oʻz shaklini va koʻrinishini saqlab qoladi.