Muhtaram Prezidentimizning “YAngi O'zbekiston strategiyasi” asarida “Mamlakatimizning tashqi siyosat sohasidagi muhim ustuvor yo'nalishi dunyoning etakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlari bilan strategik sheriklik hamda hamkorlikning muvozanatlangan tizimini shakllantirishdan iborat” ekanligi ta'kidlandi.
Barchamizga ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2022 yil 24 iyundagi qarori bilan «O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini umumxalq muhokamasiga qo'yish to'g'risidagi qaror qabul qilindi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Konstitutsiyaning muqaddimasida ham bir qator o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilganligini kuzatish mumkin. Ma'lumki, Konstitutsiya muqaddimasi uning kirish qismi sifatida u konstitutsiyani qabul qilish maqsadini o'zida mujassam etadi. Muqaddimada Konstitutsiyaning asosiy qismida batafsil ochib beriladigan konstitutsiyaviy tuzum belgilari va yo'nalishlari mazmuni ifodalaydi.
Binobarin, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida muqaddima qismida “O'zbekistonning jahon hamjamiyati va eng avvalo, qo'shni mamlakatlar bilan o'zaro bir-birini qo'llab-quvvatlash, hamkorlik va hurmat qilish, tinchlik va totuvlik asosidagi uyg'un, do'stona munosabatlarini mustahkamlashga hamda rivojlantirishga intilib” degan mazmundagi band kiritilgan.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur norma, o'z navbatida, yangi O'zbekistonning jahon hamjamiyati va eng avvalo, qo'shni mamlakatlar bilan o'zaro bir-birini qo'llab-quvvatlash, hamkorlik va hurmat qilish, tinchlik va totuvlik asosidagi uyg'un, do'stona munosabatlarini mustahkamlashga hamda rivojlantirishga intilishi mazmunan mafkuraviy, g'oyaviy va siyosiy jihatdan yo'naltirilganligini ifodalaydi.
Shuningdek, Konstituttsiyaviy Qonun loyihasida Konstitutsiyaning 17-moddasiga ham mamlakatimizning tashqi siyosatini ifodalovchi bir qator o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan bo'lib, mazkur o'zgartirish va qo'shimchalar O'zbekistonning bugungi kundagi tashqi siyosatining asosiy maqsadlarini mujassam etgan.
Qonun loyihasida 17-moddaning birinchi qismi o'rniga quyidagicha birinchi va ikkinchi qismlarni kiritish taklif etilgan:
“O'zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to'la huquqli sub'ektidir. Uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo'l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga hamda xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
O'zbekiston barcha davlatlar bilan do'stona va tinchliksevarlik tashqi siyosat olib boradi”.
Qonun loyihasida Konstitutsiyaning 17-moddasiga kiritilgan ushbu o'zgartirish va qo'shimchalar halqaro huquqning umum e'tirof etilgan tamoyillarini o'zida mujassam etgan bo'lib, halqaro huquqning davlatlar tashqi siyosatining zaruriy mezonlarini ifoda etgan. Zero, yangi O'zbekiston barcha davlatlar bilan do'stona va tinchliksevarlik tashqi siyosat olib borishi bilan bir qatorda xalqaro huquq normalarini hurmat qilishi va unga og'ishmay amal qilishini ham ifoda etadi.
Inson huquq va erkinliklarini xurmat qilish tamoyili. BMT Nizomining 1-moddasida tashkilot a'zolari orasidagi hamkorlik nazarda tutilib, “inson huquqlari va barchaning irqi, jinsi, tili va dinidan qat'i nazar asosiy huquqlarining hukumat tomonidan rag'batlantirilishi va rivojlantirilishi” nazarda tutilgan. Qonun loyihasiga ushbu tamoyilning kiritilishi inson huquqlariga oid xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishini ta'minlaydi.
Tashqi chegaralarning buzilmasligi (yaxlitligi) tamoyili. Xalqaro huquqning an'anaviy tamoyili bo'lgan davlat chegaralari daxlsizligi tamoyiliga juda o'xshash bo'lib, davlat chegaralari daxlsizligi tamoyilining mazmun va mohiyati davlatlarning ma'lum joydagi mavjud chegara chizig'iga rioya qilish majburiyatlarini o'z ichiga oladi, bu ma'lum joydagi chegara chizig'ining bemalol o'zgartirilishi va tegishli ruxsatsiz yoki qoidadan tashqari ravishda uni kesib o'tishga yul kuymaslikning oldini oladi.
Davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyili. BMTning Nizomi kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid solish, davlatning hududiy yaxlitligi (daxlsizlik) va har qanday davlatning siyosiy mustaqilligiga qarshi qo'llanishini ta'qiklab qo'ygan.
Nizolarni tinch yo'l bilan hal qilish tamoyili. BMT Nizomining 2-modda 3-bandida “BMTning barcha a'zolari xalqaro nizolarni xalqaro tinchlik, xavfsizlik hamda adolatga xavf solmaydigan holda tinch vositalar bilan hal qiladilar”, deb bayon etilgan. Ularda urush usulida murojaat qilish huquqi chegaralanib, xalqaro nizolarni tinch yul bilan hal qilish vositalari rivojlantirilgan va davlatlar zimmasiga bunday vositalarni qo'llash majburiyati yuklangan.
Yangi O'zbekistonning har bir davlat bilan tashqi siyosat olib borishdagi do'stona munosabati, tashqi siyosiy faoliyatning eng muhim vazifalari sifatida O'zbekistonning xalqaro maydondagi imidji, o'rni va obro'sini mustahkamlashga qaratilgan barcha davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik va do'stlik munosabatlarining barqaror tizimini barpo etish, xorijiy mamlakatlar bilan do'stona, teng huquqli munosabatlarni va o'zaro manfaatli hamkorlikni muttasil va izchil rivojlantirishga qaratiladi.
Yangi O'zbekistoning tashqi siyosatida tinchliksevar davlat sifatida jahonga yuzlanshi mamlakatimizning tashqi siyosatda tinchlikparvarlikka asoslangan, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy vositalar bilan hal etishga qaratilgan yo'ldan boradi.
Muhtasar aytganda, yangi O'zbekistonning tashqi siyosatda do'stona va tinchliksevar davlat sifatida konstitutsiyaviy e'tirof etilishi uning diplomatik imidjini yanada oshirishda muhim o'rin tutadi. Shu bois, qonun loyihasidagi Konstitutsiyaning O'zbekiston tashqi siyosatiga oid normalarga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar xalqaro va davlatlararo munosabatlarda yangicha yondoshuv va samarali tashqi siyosiy faoliyatni amalga oshirishni ta'minlashga xizmat qiladi.
Abrorjon Otajonov,
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali direktori yuridik fanlar doktori, professor









