Oʻrta asrlarda ham bobolarimiz muzqaymoq yegan(mi?)

    Rohatijon bizning davrimizdagi muzqaymoqdir. Manbalarga koʻra, Buxoro shahrida hatto maxsus rohatijon sotuvchilar rastasi boʻlgan. Qadimgi turkiy xalqlar dasturxonida yana bir xil taom boʻlgan.

    Suvning qattiq holati muzdir. qadimgi davrlardan boshlab muzdan tabobat, qandolatchilik, tez buziluvchan mahsulotlarni saqlash kabi maqsadlarda foydalanilgan. Yana Abu Bakr ar-Roziy, Abu Ali ibn Sino kabi mashhur olimlar oʻrta asrlardayoq turli kasalliklarni davolash uchun muzni zarur tibbiy vosita sifatida ishlatgani manbalardan maʼlum.

    Qadimgi Markaziy Osiyodek issiq va quruq iqlimli oʻlka boʻylab, xususan, yilning issiq fasllarida maxsus inshoot va moslamalarsiz muzni uzoq vaqt saqlash imkoniyati yoʻq edi. Bunday inshootlar muzxona deb atalgan boʻlsa-da, zamonamizda ushbu noyob qadriyat ilmiy jihatdan tadqiq etilmagan. Ammo baʼzi qadimgi adabiyotlar muzxona, hatto muz uchun ishlatiladigan ayrim uskunalar ham mavjud boʻlgani xususida shohidlik beradi.

    Jumladan, Mahmud Koshgʻariy “Devoni lugʻotit turk” asarida bunday inshoot “buzluq”, yaʼni muzxona, muz saqlanadigan joy deb atalgan. Davrining yirik madaniyat va savdo markazlari hisoblangan Samarqand, Buxoro kabi shaharlar oʻrta asrlardayoq oʻziga xos qandolatchilik sanʼati bilan nom qozongan. Bu yerlarda turli shirinliklar qatori tarkibi va tayyorlanish texnologiyasi, masalligʻi bilan ajralib turuvchi totli yegulik — “rohatijon” tayyorlangan.

    Rohatijon bizning davrimizdagi muzqaymoqdir. Manbalarga koʻra, Buxoro shahrida hatto maxsus rohatijon sotuvchilar rastasi boʻlgan. Qadimgi turkiy xalqlar dasturxonida yana bir xil taom boʻlgan. Turfa koʻkatlar qoʻshilib, qor, muz yoki suvga qoʻyib sovitilgan holda isteʼmol qilingan. Afsuski, “Devoni lugʻotit turk”da ushbu taomning nomi aniq koʻrsatilmagan. Balki undan keyingi soʻz (qacha — qop, xalta) tuzilishiga koʻra goʻjadir.

    Goʻja hanuz Samarqand, Jizzax viloyatida “koʻcha” tarzida ifoda etiladi. Nima boʻlganda ham ushbu qadimiy taom tayyorlanishida muz-qor ishtirok etgani biz uchun qiziqarli holat. Goʻsht, sut singari sifati tez buziladigan mahsulotlarni jaziramadan saqlash uchun ham muzxona deb ataluvchi shunday maxsus inshootlar tashkil etilgan. Ular elektr bilan ishlaydigan hozirgi sovuqxonalarga juda oʻxshab ketadi.

    Har uchala holatda ham muz yilning turli fasllarida, xususan, Markaziy Osiyodek issiq va quruq iqlimli hududlar uchun xos boʻlgan yoz oylarida oʻta zaruriy ashyoga aylangan. Shu bois, suvning nafaqat suyuq, balki kristall koʻrinishiga talab katta edi. Biroq suvni sovitib, sunʼiy ravishda muzga aylantiruvchi texnika — muzlatkichlar ixtiro etilmagan oʻrta asrlarga xos sharoitda muzni haroratli oylarda saqlash katta muammo boʻlgan.

    Chunki u 0°S havo haroratida eriy boshlaydi. Muammoni hal etish uchun maxsus muzxonalar qurilgan. Ularni baʼzan muzxona, yaxxona yoki yaxdon deb ham atashgan. Keksa jurnalist Abdurahmon Asadovning aytishicha, XX asr boshlarida Nurota shahri yaqinidagi Gʻozgʻon qishlogʻida yashagan mashhur qandolatchi Umr Mahmarahimovning shunday muzxonasi boʻlgan.

    Buning uchun u baqqollik doʻkoni tagidagi yerni oʻyib, yertoʻlasimon chuqur qazigan. Uning sathi boʻylab toʻrtburchak koʻrinishida oʻrachalar kovlanib, tagi va yon devorlari suvalgan. Oʻraning ichiga odam boʻyi kattaligidagi bir necha oʻnlab sopol xum joylashtirilgan. Oʻz navbatida, ular boʻgʻziga qadar tuz bilan qurshab, koʻmilgan. Xumlarning ichiga esa muz boʻlaklari solingan. Ushbu chora xum ichidagi muzning erib ketmasdan uzoq vaqt saqlanishini taʼminlagan.

    Kerak paytda ehtiyojga yarashasi olinib, ishlatilgan. Misol uchun, rohatijon tayyorlashda muz yupqa qirilib, zarralari tut shinnisiga aralashtirilgan holda dasturxonga tortilgan. Bunday lazzatli yegulik, ayniqsa, yozning haroratli kunlari xoʻrandaga rohat bagʻishlagan. Umr Mahmarahimovning rohatijoni shunchalar mashhur boʻlganki, undan tatib koʻrish uchun Amir Olimxonning oʻzi Gʻozgʻonga kelganini hamon qishloq ahli, keksalar aytib yuradi.

    Amir kelmasligi ham mumkin edi, biroq rohatijon tez erib ketgani uchun qandolatchi uni tortiq qilib Buxoroga olib bora olmagan. Shu bois, Amir Olimxonning shaxsan oʻzi Gʻozgʻonga tashrif buyurgan va Umr baqqolning mehmoni boʻlgan (maʼlumotlarga koʻra, Buxoro arkining ham yaxdoni boʻlgan. Ark muzxonasining oxirgi xodimi sifatida shaharning Labi hovuz mahallasida istiqomat qilgan yuz yoshli Polvon boboni xotirlashadi).

    Muzbardorlar qish faslida muzni zaxira qilib olib qoʻygan. Ular yoz faslida yaqin atrofdagi baland togʻlardan muz tashib keltiruvchi va alohida malakaga ega kishilar guruhi boʻlib, zaxira muzni maxsus inshootda saqlagan. Ularning toza va qalin muz boʻlaklarini saralash hamda saqlashda qoʻllaydigan uskunalari ham boʻlgan. Misol uchun, Mahmud Koshgʻariyning yozishicha, kerakli muz boʻlagini qish faslida sovuq suvdan yoki odam boʻyi keladigan xumdan tortib olishda asqotadigan asbob “irgʻoq” deb atalgan. Qish faslida zaxira qilingan muz tugaganda esa uni muz savdosi bilan shugʻullanuvchi tijoratchilar togʻning baland qismidan olib tushgan.

    Muz boʻlaklari tuyaning maxsus oshlangan terisiga oʻralib, jazirama oftob nuridan muhofaza qilingan holda, faqat salqin kechalari yoʻl bosib, manzilga yetkazilgan. Shu tariqa Yaxdon, Yaxxona, Muzxona, Muzrabot kabi xalq geografik terminlari asosida koʻplab toponimlar shakllangan. Bizning davrimizda ular qadimgi gidrotexnik inshoot sifatida saqlanib qolmagan boʻlsa-da, jonli muloqot, baʼzan toponimlar oʻzagida hamon uchraydi.

    Masalan, Muzxona deb ataluvchi tepalik Qoraqalpogʻistonning Beruniy tumani hududida boʻlib, u qadimgi Kat qalʼasining gʻarb tomonida joylashgan. Tepalik Shayx Abbos vali maqbarasiga tutash boʻlib, u Xorazmning qadimgi poytaxti Kat qalʼasi yoki Qalʼai Fir tarixida alohida oʻrin tutadi. Chunki tepalikning Muzxona deb ataluvchi yertoʻlasi boʻlgan.

    Katliklar qadimdanoq uning sathiga sholi poxoli toʻshab, Amudaryo suvi muzlagan pallada undan qalin muz parchalarini uzun toʻrtburchak shaklda kesib keltirgan va ichkariga taxlab qoʻygan. Yertoʻla sathida muz palaxsalari saqlansa, devori boʻylab oʻyib yasalgan koʻplab tokchalarda shahar ahlining goʻsht, sut kabi sifati tez oʻzgaradigan mahsulotlari saqlangan. Har bir oilaning oʻz tokchasi boʻlgan.

    Hech kim birovning tokchasidagi mahsulotlarga koʻz olaytirmagan. Shu tariqa ushbu muzxona halollik, poklik ramzi sifatida ham elaro mashhur edi. Ayniqsa, Xorazmning tilyorar qovuni, uzumi qadimdanoq mashhur boʻlgani bois, bu noz-neʼmatlar atoqli mehmonlar uchun hatto bahorgacha aynan shu muzxonada avaylab saqlangan. Xususan, mahalliy zodagon oilalar dasturxoni uchun Kat muzxonasi katta ahamiyat kasb etgan.

    Bozor yaqin boʻlgani uchun baʼzan savdogarlar tez buziluvchi mahsulotlarni vaqtincha ushbu muzxonada saqlagan. 1969-yili Amudaryo suvi toshib, yon-atrofni bosdi. Kat-Beruniy muzxonasiga ham suv kirib, ishdan chiqardi. Ammo toponim sifatida hozirga qadar saqlanib qoldi. Yurtimiz boʻylab baʼzi toponimlar etimologiyasida ham shunday soʻz uchraydi.

    Masalan, Surxondaryo viloyatida Muzrabot nomli tuman bor. Yaxdon — muzxonalar tabiiy koʻrinishda ham uchraydi. Ularning geografik joylashuvi togʻlarning dengiz sathidan 2500-3000 metr yuqori qismiga toʻgʻri keladi. Togʻlarning qishin-yozin muzi erimay turadigan joyi ham yaxdon deb ataladi. Bunday joy nomlari bizning davrimizda yaxdon toponimi tarzida kam boʻlsa-da, Urgutsoyning va Boʻstonliq tumani hududidagi Axsarsoyning yuqori qismida saqlanib qolgan.

    Asror Nizomov,

    geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi