Oila – baxt-saodat maskani

    Fikr 14 May 2022 85983

    Dunyoda shunday bir maskan borki, har birimiz unga intilamiz. Ishdan, mehnat jarayonlaridan shu oshiyon sari shoshamiz. Unda bizni chorlaydigan yaqinlarimiz mehri, umrimiz mazmuni boʻlgan jigargoʻshalarimiz yurak tafti mujassam. Bu albatta oilamiz, xonadonimizdir.

    Har bir inson baxtli boʻlishga haqli, u baxtni orzu qiladi, baxtga intiladi. Insonlar baxtli boʻlsa, oilalar baxtli boʻladi. Oilalar baxtli boʻlsa, jamiyat mustahkam boʻladi.

    Oilani mustahkamlash nafaqat mamlakat, balki dunyo miqyosidagi ahamiyatli masala hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 1993-yil 20sentyabrda 15-mayni Xalqaro oila kuni sifatida nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Mazkur hujjatning qabul qilinishidan koʻzda tutilgan asosiy maqsadlardan biri ham oilalar ahilligi va mustahkamligiga erishishdir.

    Jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sanalmish mamlakatimizda ham xalqaro meʼyorlarni jamiyatimiz hayotiga toʻliq tatbiq etilishi yoʻlga qoʻyilgan. Bunda oila tushunchasi, uning mazmun-mohiyati, jamiyatda tutgan oʻrniga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Xususan, joriy yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining: “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni; “Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori; “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

    Albatta, mazkur normativ-huquqiy hujjatlar bir qator ijobiy jihatlarni qamrab olganki, uning negizida oilalarni mustahkamlash, qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar bilan ishlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari aks etgan.

    Bugungi kunda Sirdaryo viloyatining 871 mingdan ziyod aholisi 221 mingdan ortiq oilalarda istiqomat qiladi. Bu yorugʻ olamda hayot bor ekan, oila bor, farzand neʼmati bor. Shunday bebaho neʼmatlar bilan siylaganiga shukrona qilish barobarida aziz dilbandlarimiz baxti-kamolini koʻrishni niyat qilamiz, dunyodagi barcha yaxshiliklarni ularga tilaymiz. Zero, ular sabab ota-onalik baxtiga erishdik.

    Oila deb ataluvchi mustahkam qoʻrgʻonning ustuni ota boʻlsa, unga fayz kirituvchi onadir. Ona mehrining cheksizligi asrlar mobaynida oʻz isbotini topgan. Dunyoda ona mehrining, ayol muhabbatining bahosini oʻlchaydigan mezon, tenglashtiradigan boylik yoʻq. Bu xilqatda nozik taʼb, buyuk qalb, nazokatli koʻngil, betakror fidoiylik, onalik jasorati, rafiqalik masʼuliyati mujassam. Har bir ayol oʻz oilasi, qoʻrgʻoni, koʻngli tinch, yurti va farzandi omon, boshida turgan bosh panohi-turmush oʻrtogʻi sogʻ boʻlsa, hamisha oʻzida yashashga, turmushda katta oʻzgarishlar yasashga kuch topa oladi.

    Hayotimizga mazmun bagʻishlaydigan, bizni hamisha oʻz bagʻriga chorlaydigan oilamiz mustahkam boʻlsin. Oʻz oilasini, farzandlari tarbiyasini oʻrniga qoʻyish barobarida jamiyat hayotida, fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat, boringki, barcha sohalarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning baxt maskanlarida tinchlik va totuvlik hukm sursin.

    Nargiza Tojiboyeva,
    Sirdaryo viloyati hokimi oʻrinbosari

    viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi.