Nurafshon davlat universiteti tashkil etiladi

    Ta'lim 14 Dekabr 2022 4817

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nurafshon davlat universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

    Loyihada taʼkidlanishicha, mazkur yangi universitet respublikada mahalliy ishlab chiqarish, sanoat korxonalari, xizmat koʻrsatish tarmoqlari hamda raqamli iqtisodiyot va IT sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, hududlarda zamonaviy fikrlaydigan, raqobatbardosh mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish maqsadida tashkil etilmoqda.

    Universitetda oʻquv jarayoni 2023/2024 oʻquv yilidan kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.

    Oliy taʼlim muassasasiga yangi oʻquv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlari va boshqa yordamchi binolarini qurish uchun “Nurafshon Business City” savdo markazining hududidan 10 gektar yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

    Yangi oʻquv binolari va talabalar turar joylarida qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgunga qadar Universitet Xalq taʼlimi vazirligining Quyi Chirchiq tumani Oydinobod MFYda joylashgan boʻsh turgan binosiga (sobiq Quyi Chirchiq xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kolleji) tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara toʻlovi asosida vaqtincha joylashtiriladi.

    Quyidagilar universitetning asosiy faoliyati yoʻnalishlaridan biri boʻladi:

    • ehtiyoj yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha amaliy koʻnikmalarni egallagan professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;
    • mehnat bozorida raqobatbardosh oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar boʻyicha chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish;
    • oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribalarni, jumladan zamonaviy taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-taʼlim muhitini taʼminlash.