Namanganda ilk bor xalqaro asal festivali boʻlib oʻtadi

    Turizm 16 Oktabr 2022 1178

    28–30-oktabr kunlari Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” istirohat bogʻida Birinchi Namangan xalqaro asal festivali oʻtkaziladi. Festival Turizm va madaniy meros vazirligi Namangan viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilmoqda.

    Festival davomida 250 dan ortiq mahalliy va xorijlik asalarichilar oʻz mahsulotlarini namoyish etadi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari asal mahsulotlari, asalarichilik, asal yigʻish va asalari uylari haqida barcha maʻlumotlarni bilib olish, qolaversa, asal mumidan malham ishlab chiqarish, asalarichilik hunarmandchiligi buyumlarini tayyorlash, asalning bir nechta navlarini tatib koʻrish imkoniga ega boʻladilar.

    Bundan tashqari, tadbir dasturidan respublikamizda qishloq xoʻjaligi turizmini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan “Ilmiy-amaliy konferensiya” va asal koʻrgazmalari, sport musobaqalari, mehmonlar uchun konsert, shuningdek asalarichilik sohasidagi yetakchi mahalliy va xorijlik asalarichilik sohasidagi mutaxassislardan mahorat darslari oʻrin olgan.

    Festival doirasida “Afsonalar vodiysi” istirohat bogʻida “Eng yaxshi qadoqlangan asal” va “Eng tabiiy asal” nominatsiyalari boʻyicha tanlovlar oʻtkazish ham rejalashtirilgan.