Qisqa davr ichida Oʻzbekiston xalqi mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallashiga asos boʻluvchi ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi, milliy davlatchilik, maʼnaviy qadriyatlar, din, urf-odatlar va anʼanalar qayta tiklandi. Soʻnggi yillarda qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini demokratlashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarining mustahkamlanishi boʻyicha ijobiy natijalarga erishildi.
Oʻzbekiston tarixining zarvaraqlariga bitilgan, Mustaqilligimizning qonuniy asoslari deb bilgan normativ-huquqiy hujjatlarga toʻxtalamiz.
1991-yilning 31-avgust kuni Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining 6-sessiyasida mamlakat mustaqilligi eʼlon qilindi.
Oʻsha kunning oʻzida “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini eʼlon qilish toʻgʻrisida” qaror hamda “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari toʻgʻrisida” qonun qabul qilindi.
Shu tariqa mamlakatimiz milliy hayot tarzimiz, ruhiyatimiz, qadriyat va urf-odatlarimiz eʼzozlangan, tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik taʼminlangan holda, iqtisodiy-ijtimoiy larzalarsiz yangi davrga qadam qoʻydi.
Ming shukrki, Oʻzbekistonda bir tuzumdan ikkinchi tuzumga oʻtish tinch kechdi.
Xalq irodasi bilan, koʻplab muhokamalardan soʻng qabul qilingan Mustaqil Oʻzbekiston Konstitutsiyasida ushbu tabarruk zaminda istiqomat qiluvchi har bir millat va elatlarning haq-huquqining qonun oldida tengligi belgilab qoʻyildi.
Shoʻro davridagi Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasida inson manfaatlaridan davlat manfaatlarining ustunligi qonunlashtirib qoʻyilgan edi. Mustaqil yurtimiz Asosiy qonunida esa davlat ham, jamiyat ham, avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilishi, uning haq-huquqlarini himoya etishi ustuvor tamoyil sifatida aniq belgilab qoʻyilgan.
Mustaqillik yillari davomida barcha jabhalarda, jumladan, taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sogʻliqni saqlash, sport, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviyat sohalarida, turmush tarzimiz mazmunida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi.
“Inson manfaatlari - oliy qadriyat” shiori oʻrtaga tashlandi. Insonning eng ustuvor va muqaddas huquqlaridan biri – bu tinch yashash huquqi ekani, davlat va jamiyatning burchi ana shu huquqni barcha qonuniy vositalar bilan kafolatlab berishdan iboratligi, bu huquqni amalga oshirish davlat va jamiyatni demokratlashtirishning eng muhim sharti ekani, demokratiyaning insonparvarligi ham shu bilan belgilanishi kun tartibidan joy oldi.
Albatta, mustaqil yurtimiz taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qoʻshilishi, demokratik jamiyat qurish eng avvalo, qonunlarimizni takomillashtirishni taqozo qiladi, shu boisdan ham, qonunchilik sohasida misli koʻrilmagan islohotlar oʻtkazildi.
Keyingi yillarda mustaqil yurtimizda qonun ustuvorligi birinchi oʻringa chiqdi. Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash demokratik huquqiy davlat barpo etishning bosh mezoni boʻlib qoldi.
Konstitutsiya va qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, fuqarolarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini shakllantirish birinchi darajadagi muhim vazifa etib belgilandi. Bu gʻoyat muhim ahamiyatli masala boʻlib, har bir shaxsda qonunlarga, inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishni hamda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishni kun tartibiga eng asosiy masala qilib qoʻyildi.
Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimizning 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida“gi farmonida belgilab berilgan vazifalar eng dolzarb boʻlib qolmoqda.
Bugun, Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 29 yilligi arafasida, ortga qarab, deyarli 30 yil davomida bosib oʻtilgan sharafli yillarni koʻrishimiz mumkin. Oʻzbekiston oʻzi tanlagan yoʻllardan sobitqadam bormoqda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipida, sharqona demokratik fuqarolik jamiyati qurish yoʻlidan ogʻishmay ketayotir. Yuksak huquqiy bilimli va huquqiy madaniyatli xalqi bilan buyuk kelajak qurish -qatʼiy maqsadidir. Shu oʻrinda mustaqil davlatimizni qoʻllab-quvvatlab, yurt taraqqiyotiga oʻz hissamizni qoʻshish bizning ham fuqarolik burchimizdir.
Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, Mustaqil davlatimiz oʻziga xos va mos sharqona huquqiy davlat qurish yoʻlida ildamlamoqda. Sohibqiron Amir Temur bobomiz aytganidek, “Qayerda qonun hukmronlik qilsa, oʻsha yerda erkinlik boʻladi”.
Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida barchaga xush kayfiyat, yurtimiz tinch va farovon boʻlishini tilayman! Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!
Jamshidxon Nuritdinov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi









