Men pensionerman. Bankdan kredit olsam boʻladimi?

    AOKAda Oʻzbekiston Banklari assotsiatsiyasi axborot xizmati rahbari Hadiya Abdullayeva ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda shu kabi bir qator muhim savollarga javob qaytarildi.

    — Men pensionerman. Bankdan kredit olsam boʻladimi?

    — Javob: Respublikamizda pensionerlar uchun ham ajratiladigan kreditlar mavjud. Ular Xalq bankining taʼminotsiz pensiya-overdraft kreditidan foydalanishi mumkin.

    Ushbu kredit summasi pensiya miqdorining 50 foizigacha, ammo bazaviy hisoblash miqdoringning toʻrt baravaridan koʻp boʻlmasligi belgilangan.

    - Pensionerlarga mazkur kredit turi 12 oy muddatga beriladi.

    - Foiz stavkasi – yillik 17 foizdir.

    Bank tomonidan talab etiladigan zarur hujjatlar – ariza va pensionerning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasidir

    Shu bilan birga, hozirda respublikamizdagi boshqa tijorat banklari ham oʻz ichki kredit siyosatidan kelib chiqib pensionerlar uchun mikroqarz, isteʼmol kreditlari ajratishi mumkin. Ularning aniq shartlari esa tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida koʻrsatib oʻtilgan.

    — Kredit tariximni qayerdan tekshirsam boʻladi. Umuman, uni olish tartibi qanday shakllangan?

    — Kredit tarixi – bir soʻz bilan aytganda, qarzdorning soʻnggi besh yil ichidagi oʻz oldidagi majburiyatlari baja olishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardir. Yana ham aniqroq aytadigan boʻlsak, bu sizning qarz oluvchi sifatida moliyaviy intizomingiz belgilaydi.

    Kredit tarixi sizni avvalgi olgan kreditlaringizdan qarzingiz bor-yoʻqligini koʻrsatadi.

    “Kredit-axborot tahliliy markazi” Kredit byurosidan siz hech qanday sabablarni koʻrsatmasdan, yiliga faqat bir marta bepul oʻz kredit tarixingiz toʻgʻrisidagi maʼlumotni olish huquqiga egasiz. Qoʻshimcha kredit hisobotini olish narxi esa Bazaviy hisoblash miqdorining 0,05 barobarini tashkil etadi.

    Shuningdek, kredit tarixini elektron tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali - My.gov.uz veb saytidan bilib olishingiz mumkin.

    Kredit skoringi nima? Va umuman uning kredit tarixidan farqi nimada?

    — Kredit skoringi - bu Sizning kreditni toʻlay olish qobiliyatingizni ballar berish orqali baholash tizimidir. Yaʼni, 500 ballik tizimda baholanadi. Sizga beriladigan ballar muddati oʻtgan qarzdorlikning mavjud yoki yoʻqligi, shuningdek, daromadlarga, faoliyat turiga, yosh va turmush holatlari hamda boshqa shu kabi omillarga bogʻliqdir.

    Yaʼni, kredit skoringi, sizning nafaqat avvalgi kreditlardan qarzingiz bor yoki yoʻqligini, balki sizning daromadingiz qanday, yoshingiz, olinayotgan mablagʻni qaytarish loyoqatingiz qay darajadaligini baholaydi.

    Skoring ballini oshirish uchun oʻz kredit tarixingizni kuzatib borishingiz, qarz yuki hajmini koʻpaytirmasdan, majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarib borishingiz zarur. Bu borada kichik eslatma:

    Kreditni qaytarish jadvalga muvofiq sanalarini yodda saqlashga harakat qiling

    Har safar toʻlovni amalga oshirgandan soʻng bank mobil ilovasi yoki veb-saytdagi oʻzingizni shaxsiy kabinetingiz orqali tekshirib boring.

    Yosh tadbirkorlarga innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilyapti, degan xabarni eshitdim. Bu boʻyicha batafsil maʼlumot bersangiz?

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13 –iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (PF 6260-son) farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan “Yoshlarning innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun” kredit mablagʻlari ajratilmoqda.

    Mazkur kredit summasi – 270 mln soʻmdan 540 mln soʻmgacha, kredit muddati – 7 yil, 3 yillik imtiyoz davri bilan beriladi

    Ushbu kredit shartlari boʻyicha yanada toʻliq maʼlumotni, Milliy bankning rasmiy veb-saytidan olishingiz mumkin.

    — Men avtokredit olgandim. Kredit shartnomasi uch yilga tuzilgandi. Ammo men kreditni bir yilda toʻlab boʻldim. Shartnoma boʻyicha mashinani uch yilga sugʻurta qilgandim. Endi qolgan ikki yillik sugʻurta summasini qanday qaytarib olsam boʻladi?

    — Bu holatda, birinchi oʻrinda fuqaro bilan tijorat banki oʻrtasidagi tuzilgan kredit shartnoma shartlariga muvofiq ish tutiladi. Endi murojaatchi misolida aytadigan boʻlsak, tijorat banki bilan uning oʻrtasida imzolagan shartnomasida aniq koʻrsatilib oʻtilganidek, fuqaro kredit qarzini 1 yilda qoplab boʻlgani uchun, uning tomonidan toʻlangan 3 yillik sugʻurta pulining qolgan 2 yillik summasi qaytarilib beriladi.

    Shu oʻrinda bir eslatma, hurmatli yurtdoshlar, har qanday shartnoma imzolashdan oldin, uning shartlari bilan toʻliq tanishib chiqish lozim. Agar biror joyida ikkilansangiz mutaxassisga murojaat etish kerak. Unutmang, bu siz uchun juda muhimdir. Chunki kelayotgan murojaatlar oʻrganilganda, koʻpchilik oʻzlari tomondan imzolangan shartnoma shartlarini oʻrganmagan holda eʼtiroz bildirishadi. Haqiqiy holat oʻrganilganda esa, ular ushbu hujjatni hatto eʼtibor bilan oʻqimaganliklarini tan olishadi. Afsuski bu kabi holatlar soʻngi paytlarda koʻp uchramoqda. Aynan bu kabi holatlarga tushmaslik uchun esa shartnoma shartlarini toʻliq oʻrganish kerak.