Shogirdlar kamoli — ustozlar jamoli
Biroq oʻtmishda ular orasida xushovozlari, piri sozlari yulduzdek porlab, xalqona ibora bilan aytganda, “mana-man”, deb yaqqol koʻzga tashlanib turadiganlari, taassufki, uncha koʻp emas.
XX asrning oltmishinchi yillarida Bola baxshi, Hojixon Boltayev, sanʼatni baland maqomga koʻtargan Komiljon Otaniyozov, lirik qoʻshiqlariga oshuftalarni ohanraboday tortgan Faxriddin Umarov, sohir nolalari bilan qoʻshiq shaydolarini “Oʻxshaydi-ku”latib yuborgan Tavakkal Qodirov, dutorini “qul-qul”latib “Indamadi”si bilan koʻngillarni sel qilgan Neʼmatjon Qulabdullayev, oʻzining bas-bariton ovoziyu torning eng tepasida hech qaysi hofiz ishlatmaydigan “bas” atalguvchi qoʻshaloq simni avtomatday dirillatib, dillarni zirillatgan Komiljon Baratov kabilar ana shunday benazir hofizlar timsolida mavqe topishgan.
Nomi tilga olingan hofizlar xalq ongida shakllangan anʼanaviy tasavvurlarni tamomila oʻzgartirib, milliy sanʼatimizga yangicha ruh kiritdilar. Yangi havo millionlab muxlislar qalbini zabt etdi, suyukli hofizlarga aylantirdi. Natijada konsertlari zamonaviy tilda “anshlag” boʻlib, ularga dovruq keltirdi. Biroq, “Shuhrat – ofat” ekan. Ayni holat uzoqqa choʻzilmadi. Salohiyatining favqulodda roʻyobga chiqishi, ommaboplikning taʼsir doirasidan qoʻrqqan sobiq tuzum ideologiyasi tarafidan bunday yetuk sanʼatkorlarning turli vaj-korsonlar bilan yomonotliqqa chiqarilishi, ular atrofida turfa uydirmalar tarqatilishi oqibatida Komiljon Otaniyozov falajga, Faxriddin Umarov va Tavakkal Qodirov taqiqqa, Komiljon Baratov hibsga yoʻliqtirildi.
Bir yomonning bir yaxshisi boʻlganiday, oʻzi suygan hofizlarni sogʻingan, yangi ohanglarni qoʻmsagan xalq toleiga Yaratganning inoyati ila yangi-yangi iqtidorlar, sehrli ovozlar, xush yoquvchi nafaslar paydo boʻldi. Xorazmdan Olmaxon Hayitova, Ortiq Otajonov, Toʻrtkoʻldan Otajon Xudoyshukurov, Toshkentdan Baxtiyor Toʻlaganov, Xayrulla Lutfullayev, Andijondan Oʻrinboy Nuraliyev, Sherali Joʻrayev, Nuriddin Hamroqulov, Fargʻonadan Solijon Mamatov, Qobiljon Yusupov, Nazirjon Nazarov, Qashqadaryodan Tojiddin Murodov, Buxorodan Ahmadjon Shukurov va boshqa yangi nafas, yangi ovozlar qoʻshiqchiligimiz boʻshliqlarini toʻldira boshlashdi. Sir emaski, ular oʻz yoʻnalishlarini topishida oʻzlaridan avvalgi ustozlar maktabi hal qiluvchi omil boʻlgan. Oʻz kamoli bilan ustozlar jamolini koʻrsatgan shogirdlarning oldingi saflarida ismi jismiga mos Kamoliddin Rahimov ham bor edi.
U 1943-yil 12-yanvarda Namangan shahrida tugʻilgan. Toshkent madaniyat institutini tugatgan hofiz ashula saboqlarini, dastavval, Vahobjon Abdullayevdan oʻrgangan. Namangan madaniyat uyi qoshidagi Usta Roʻzimatxon nomidagi ashula va raqs ansamblida xonanda, musiqa rahbari, badiiy rahbar boʻlib ishlagan. 26 yil davomida esa viloyat teatrida yakkaxon xonanda vazifasida faoliyat yuritib, samarali ijod qildi.
Uslubda oʻziga xoslik sirlari
Oʻzining xalqchil ashulalari bilan millionlab muxlislar qalbini ishgʻol etgan manzurnafas hofiz Kamoliddin Rahimovning tez orada tilga tushishi, dovruq qozonishi, vodiydan to poytaxtu voha, qoʻshni mamlakatlar, bora-bora xorijdagi shinavandalar dilini egallashining omillari, sinoatlari, oʻziga xosliklari nimada edi?
“Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar”, deganlaridek, Kamoliddin Rahimov oʻz yoʻlini topishida koʻp ustoz koʻrdi, ulardan hunar va odob darslarini oʻzlashtirdi. Ustozlarining yurish-turishi, muomalasi, qisqasi, xarakterini sinchiklab oʻrgandi. Qaysi fazilat yoqsa, oʻziga yuqtirish, aksincha, yoqmaganlaridan yiroqlashishni bosh mezon qilib oldi. Hatto bir gal suhbatlashayotib, shaxsidagi ajoyib ustunlikni kimdan oʻrganganini soʻraganimda ustozlari Yunus Rajabiy, Orifali Maxsumov, Maʼrufxoʻja Bahodirov, Faxriddin Umarov, namanganlik Nuri maxsum, Vahobjon Abdullayev, Sotvoldi Yoʻldoshev, Nasriddin Majidovning oʻgit-yoʻriqlari asqotganini minnatdorlik bilan qayd etgandi.
Kamoliddin aka taqvo-eʼtiqodda ham sobit, iymon-diyonatda barqaror, namoz-niyozda qoyim, chin maʼnoda, moʻmin-musulmon banda edi. Oʻtgan ajdodlar, ustozlar ruhini tilovat, ehsonu xayrli yumushlar bilan xushnud etishni kanda qilmasdi. Bolalik qadrdonlari, qarindosh-urugʻlari, shogirdlari, hatto “fanat” muxlislari holidan doimo boxabar turar, kun tartibi tigʻiz va bandligiga qaramay, ezguliklarga vaqt ajratar, hafsala qilardi.
Har yili poytaxtdan toʻy mavsumini yakunlab kelganida (odatda aksariyat Ramazon oyi oldidan) mashinasi yukxonasiga oʻzi bilgan nochor oilalarga, kamxarj xonadonlarga, yaqinlariga, ustoz va shogirdlarga qariyb bir oy – Ramazonga yetadigan qozon qaynagulik bozor-oʻcharni tashkillashtirib, tarqatganiga guvoh boʻlganman. Qish fasli ostonasida yigirma-oʻttiz juft kalish, hassa, choponlarni tanish masjid imomlari orqali ehson sohibini bildirmaslik sharti bilan ehtiyojmand kimsalarga hadyalar ulashganidan ham voqifman.
Kamoliddin aka kamtarinlikda namuna ediki, shuhrat choʻqqisida turgan pallalarda ham birovga kalondimogʻlik yoki bepisandlik qilganini sezmaganmiz, desam mubolagʻa emas. Har gal Kamoliddin aka haqida oʻylaganda va u bilan suhbat qurganimda “Buyuklik – oddiylikda”, degan hikmat yodimga tushaveradi. Xalq shoiri Erkin Vohidov choynak va piyola manzarasi ifodalangan “Kamtarlik” sheʼrini xuddi Kamoliddin akaga atab yozganday tuyulaveradi.
Darhaqiqat, Kamoliddin aka odamiylik naqshi edi. Odamga botadigan biror xatti-harakatini, ochigʻi, payqamaganmiz. “Beayb – Parvardigor”, deydilar. Kamoliddin akaning feʼlida kimlardir ayb, kamchilik sanagani ham, ashaddiy muxlisi boʻlganimizdanmi, biz uchun fazilatdek edi. Shunday oʻyga choʻmarkanman, koʻnglimdan sururli fikrlar kechadi. Basharti, oilada, jamoada, mahalla-koʻyda, qarindosh-urugʻlar, yaqin-yiroqlar orasida, jamiyatda haddini, bosar-tusarini bilib, oʻziga gard yuqtirmagan ijodkorning shaxsiy xislatlari uchun unvon yoki mukofot joriy etilsa, unga, hech shubhasiz, ustoz Kamoliddin aka Rahimov muyassar boʻlishiga iymonim komil. Zero, hofizga davlat mukofotlari – “El-yurt hurmati” va vafotidan soʻng “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni berilgani ham bejiz emas, albatta.
Yaxshilarga yondashgan inson
Sanʼatkorlar toʻgʻrisida gap ochilganda, oʻziga xos maktab yaratgan, deyish rasm boʻlgan. Kamoliddin Rahimov har bir qoʻshigʻida maktab yaratgan sanʼatkor!. Yetuklik, ustozlarga sadoqatli shogirdlik, shogirdlarga talabchan va gʻamxoʻr ustozlik, ota-onasi va xalqiga munosib farzandlik, solih va soliha vorislariga mehribon otalik, oʻz sohasining miridan-sirigacha biladigan qomusiy bilimdonlik, qoʻyingki, namuna dorilfununini yaratgan, asl baxtga erishgan sanʼat dargʻasi, boʻlganini tan olmaslik ilojsiz. Aks holda, Kamoliddin Rahimovning oʻzi bu qadar sevimli, qoʻshiqlari bu darajada diltortar boʻlmasdi.
Radioda yoki magnit tasmasida ismi eʼlon qilinmay, qoʻshigʻi boshlanmay, musiqasi yangrashi hamonoq sozni oʻzgacha jaranglatishi, tanburona ingratishidan torni aynan Kamoliddin akaning sehrli barmoqlari chertayotgani sinchkov muxlislarga ayon boʻlardiki, noyob hodisadan hangu mang turardik. Alloma navozanda Turgʻun Alimatov “Torni ozar ustasi Bagatir yasasin-u, oʻzbek hofizi Kamoliddin sayratsin-da!” degani, Bagatirning Bokudagi ustaxonasida Oʻzbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimovning tor ushlab turgan portreti ilib qoʻyilgani fikrimizga dalildir. Oʻsha dargohda hofizning “Koʻchamdan jonon oʻtganda” qoʻshigʻining boshlanishidagi nolaga quloq solgan usta Bagatir ansamblda tanburni kim chalganiga qiziqqani, vaholanki, ansambl va tanbur ham emas, figʻoniy nolalarni Kamoliddin Rahimov usta Bagatir yasagan torda chalganini eshitganida, ishonmagani ham rost.
Maʼlumki, Kamoliddin Rahimovning usta Olim Komilov, Qahramon Dadayev, Tojiali Olimov kabi doirachilarga ragʻbatidan oʻz ijodini doira chalishdan boshlagan. U oʻz davrining qoʻshiqchilari usta Nuri qori, Sotvoldi Yoʻldoshev, Abdurashid Vohidovlarga doira chalgan. Doirachilikdan yetishib chiqqani uchunmi, hofizlar ichida eng usuli bisyorlikda, tagʻin murakkab va teskari usullarda qoʻshiqlar yarata olish, Xorazm suvoralarini ham bemalol uddalashida Kamoliddin akaga yetadigani sanoqli.
Ardoqli hofiz yorqin isteʼdodining nodir mahsullari – “Ul yora ishonmaydur”, “Sogʻinsam otajonim”, “Koʻchamdan jonon oʻtganda” kabi ashulalarni mashhur Joʻrabek Murodov va Sherali Joʻrayev ham sevib ijro etishgani uning isteʼdodiga boʻlgan hurmat va eʼtirofning goʻzal javobidir. Kamoliddin akaning nurli qismatiga xos yana toʻrtta muhim jihatga toʻxtalmasam, mushohadalarim bamisoli kemtik qoladiganday.
Birinchidan, oʻzi bastalagan “Junun vodiysi”, “Sevasanmu?”, “Kutarman zor” kabi oʻnlab qoʻshiqlarini Kamoliddin akaga tortiq qilgan buyuk bastakor Saidxoʻja Xoldorxoʻjayevning ham hofiz kamolotida mislsiz ulushi bor.
Ikkinchidan, Kamoliddin Rahimovbop gʻazallari bilan Fuzuliy, Jomiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Maxtumquli, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov hamda Chustiy, Shoʻxiy, Rashid Xalil, Nuriddin Boboxoʻjayev, Robiddin Isoqov, Qurbonoy Ubaydullayeva, Hakimjon Tursunov, Mamajon Parpiy, Yoqub Ahmadjon kabi namanganlik hamyurtlari ham oʻz sheʼrlari bilan uning qoʻshiqlariga qanot bagʻishlashgan. Nokamtarlikka yoʻymang-u, “Yodimda qoldi”, “Ovvora qilma”, “Men sizni tushimda koʻrib turaman”, “Otajon”, “Qoʻmsash”, “Yaxshilarga yondoshib”, “El ichra nazar topdim” va boshqa oʻnlab ijodiy namunalarimni zabardast xonandamiz ijro etganidan oʻzimni baxtiyor his qilaman. Shunga suyanib, baralla aytish mumkinki, Kamoliddin Rahimov Sharq xalqlari, jumladan, oʻzbek mumtoz va zamonaviy sheʼriyati, shuningdek, Namangan shoirlarining begʻaraz targʻibotchisi edi.
Uchinchidan, faoliyatini Kamoliddin aka bilan boshlagan aktyor va xonanda, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Turdali Saydullayev ham joʻrovozlikda unga uzoq yillar yelkadosh boʻlganini hamkorlikda yaratgan qator-qator dilrabo qoʻshiqlar haqqi unutmaymiz. Joʻrovozlikdagi qoʻshiqlar oʻzbek radiosi oltin fondidagi bebaho durdonalardan hisoblanadi. Kamoliddin Rahimov qoʻshiqlarini magnit tasmalariga muhrlashda zahmatkashlar – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Aminjonov, ovoz sozlovchilar Zayniddin Joʻrayev, Yusufjon Umaraliyevning xizmati tahsinga sazovor.
Toʻrtinchidan, shogird tarbiyalashda ham u kishi ibrat namunasi edi. U ustozlik qilgan elga manzur iqtidorlarni sanab adogʻiga yetish mushkul. Zero, yuqorida taʼkidlaganimizdek, “Shogirdlar kamoli – ustozlar jamoli”. Oʻgʻli Husanboy Rahimovning hozirda ota kasbini dadil davom ettirayotgani ot izini toy bosishiga yaqqol dalolatdir.
Buyuklikka eltgan omillar
Kamoliddin Rahimovning kamolotga erishishida jonajon azim Toshkent muhitining, u yerdagi doʻstlarining, sanʼatimiz peshvolarining, muxlislarning, Shukur ota Rahmatov, usta Nosirxon Tursunov, Abdurazzoq Nabiyev, Hamidjon Tohirjonov, oʻz mualliflik koʻrsatuvlarida, xususan, “Diydor shirin”da Kamoliddin Rahimov siymosiga ixlosmandlik bilan qaraydigan mohir suxandon Muslimbek Yoʻldoshev va boshqalarning hissasi oʻchmasdir.
Kamoliddin aka biror toʻy yoki marosimda marhum ijodkorlar qoʻshigʻini aytib, shuning ortidan besh-toʻrt soʻm topgan boʻlsa, buni qarz hisoblar, xoliroq lahzalarida oʻshalar haqqiga duoi fotiha oʻqib, goʻyo qarzdan oʻzini forigʻ qilar edi. Kamoliddin akaning qaddu bastida salobat, chehrasida nur, qalbida mehr, barmoqlarida sehr, qadamida baraka barq urib turgani shundandir, ehtimol.
Namangan dovrugʻin yoygan qoʻshiqlar va dunyo boʻylab yangragan ovoz
Qobiliyat egalari sanʼatga ikki xil yoʻsinda kirib kelishadi. Birinchisi yonib, ikkinchisi tutab. Yonib kirib kelganlari mangu yonadi, tevarakka ham qoʻr va tarovat bagʻishlaydi. Ikkinchi toifalar esa faqat tutaydi. Biz hikoya qilayotgan qahramonimiz birinchi toifaga mansub, yonib, yuraklarga taft baxsh eta olgani kundek ravshan.
Oltmishinchi yillar oxirlarida oʻzining “Hargiz”, “Qoshiga oʻsma qoʻyib”, “Sevasanmu?”, “Sevganing rostmu” qoʻshiqlari bilan muxlislar yuragini muhabbat vasfi bilan alangalatgani otashin ilhom, ulkan isteʼdod, zahmatli mehnat hosilasidir. Bilʼaks, hofiz kuydan-kuyga, xonishdan-xonishga, kundan-kunga, yildan-yilga, konsertdan-konsertga toʻxtamay oʻsdi, nufuzi oshdi. Konsert dasturlari gavjumlikda olqishu qarsaklar ogʻushida oʻtdi.
Gul shahri bulbuli repertuarining muqim – “Namangandan ketar boʻlsam”, “Namangan tanovori”, “Shahri Namangon”, “Namangan manzumasi”dek jozibador qoʻshiqlari dillardagi gʻurur, faxr-iftixor tuygʻusini joʻshtirgani bilan qimmatli.
Lugʻatimizda “nazarkarda” degan soʻz uchraydi. Bu eʼtiborga tushgan, ulugʻlar nazaridan oʻtganlarga ishlatiladigan purmaʼno soʻzlardan. Kamoliddin Rahimov, hech istisnosiz, ana shunday rutbaga erishganlardan edi. Bu nisbatni olishda ham salohiyati asqotganiga zarracha gumon yoʻq. Hofizning Namangan togʻlari-yu bogʻlari, dilbar goʻshalaridan ilhomlanib yaratgan “Koʻchamdan jonon oʻtganda”, “Qoshingiz qarosimu”, “Laʼlixon”, “Goh-goh koʻrinib”, “Nargiz” kabi yuzlab haroratli qoʻshiqlari Namangan dovrugʻini olamga yoygani inkor etilmas aksiomadir.
Hofiz vodiy, Oʻzbekiston yoki sobiq ittifoq miqyosida, qoʻshni respublikalardan tashqari Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Afgʻoniston kabi xorijiy davlatlarga qilgan gastrol safarlari mobaynida jahonda yangragan ovozi millatimiz va elimizga nufuz keltirgan. Madaniy sayohatlarga tayyorgarlik uchun moʻljallangan ajnabiy tillardagi ashulalari ham uning bisotini bezaydi.
Kelajak avlod uchun oʻrnak
Shu yil boshida viloyat musiqali drama teatrida marhum Kamoliddin Rahimov tavalludiga 80 yil toʻlishi munosabati bilan xotira kechasi tashkil etilgani, maʼnaviy boy hofizning ibratli hayoti va ijodi jamlangan kitob ham nashr qilingani vujudimni hayajonga chulgʻadi.
– Mening Matluba boʻlishimda Kamoliddin Rahimovning beqiyos xizmatlari bor, – deydi Oʻzbekiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva. – Olim boʻlish, katta pogʻonalarga chiqish mumkin, lekin ustozimizdek hassos inson yoʻq. Yosh sanʼatkorlarga ham qoʻllari koʻksida salom berardi, duo qilardi. Menga ham duolarini olish nasib etgan. Odob, axloq, eʼtiqodga chaqiradigan va asrlarga tatiydigan asarlarini biz koʻzimizga surtamiz.
Tadbirda Kamoliddin Rahimov qoʻshiqlarini izdoshlari, taniqli xonandalar talqin etishdi. Hayratlanarlisi, bu qoʻshiqlarni Fargʻona, Buxoro, Xorazm yoʻlida kuylaydiganlar ijro qilsa-da, hammasi aynan Kamoliddin Rahimov qochirimlari va dardli nolalarini chiqarib kuyladi.
– Kamoliddin akaning novatorligi shundaki, u umrboqiy asarlar yaratdi, oʻzbek musiqa merosida yangi sahifa ochdi. Ustozning uslubidagi taronalar, maxsus tor chertish qirralari hozirgilar uchun dasturilamal, kelajak avlod uchun oʻrnakdir, – deydi “Maqom sanʼati” markazi bosh direktori, professor Soyibjon Begmatov.
Istardikki, oʻzbek qoʻshiqchiligining betakror namoyandasi, Oʻzbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibi Kamoliddin Rahimov xotirasini abadiylashtirish, uning nomini Namangan ixtisoslashtirilgan musiqa va sanʼat maktabiga qoʻyish, mahobatli maydonda haykal-byustini oʻrnatish, muzey va ijod maktabini ochish, oʻlmas asarlarini yosh avlodga oʻrgatish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, metodik qoʻllanmalar yaratish fursati keldi.
Ziyoviddin MANSUROV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Namangan viloyat boʻlimi rahbari,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi









