Koreya Musulmonlar federatsiyasi vakillari Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasidagi alohida oʻrnini eʼtirof etdi

    Turizm 15 Noyabr 2022 2806

    Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi vakillari Koreya Musulmonlar federatsiyasi prezidenti Kim Dong Yok va Koreyadagi musulmonlar jamoati bosh imomi Li Dju Xva bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda ziyorat turizmi va boshqa sohalardagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalar muloqotning asosiy mavzusi boʻldi. Shuningdek, Koreya Musulmonlar federatsiyasi rahbariyatining joriy yil 1-5-noyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan safari va uning doirasida yurtimizda oʻtkazilgan “Xalqaro ziyorat turizm haftaligi”dagi ishtiroki yakunlari ham atroflicha muhokama etildi.

    Federatsiya prezidenti Kim Dong Yok oʻzining mamlakatimizga safaridan orttirgan taassurotlarini oʻrtoqlashar ekan, bunday nufuzli xalqaro tadbirda qatnashish, qolaversa faxrli mehmonlar safida ochilish marosimida soʻzga chiqish imkoniyati taqdim etilganligi uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

    Uning soʻzlariga koʻra, “Xalqaro ziyorat turizm haftaligi” juda yuqori saviyada tashkil etildi va samarali yakunlandi.

    – Ayniqsa, oʻzbekistonlik allomalarning islom ilmi va madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasi, xattotlik sanʼatidagi mahorati tahsinga loyiqdir, — dedi u. — Ziyorat haftaligi xorijlik ishtirokchilarga Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasidagi alohida oʻrni toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlarni taqdim etdi.

    Koreyadagi musulmonlar jamoati bosh imomi Li Dju Xva Buxoro shahriga ziyorati va Mir Arab madrasasining 600-yilligiga bagʻishlangan marosimda ishtiroki juda mazmunli va esda qolarli boʻlganini maʼlum qildi.

    – Mir Arab madrasasi misolida Oʻzbekistonda asrlar davomida shakllangan yuksak darajadagi islom dini taʼlimoti va islomiy maʼrifatni his qilishga muvaffaq boʻldik, — dedi koreyalik imom.

    Shuningdek, Koreya Musulmonlar federatsiyasi delegatsiyasi mamlakatimizga safari davomida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan samarali uchrashuvlar samarali boʻlgani ham qayd etildi.

    Mazkur uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekistonning ziyorat turizm yoʻnalishidagi ulkan salohiyatini Janubiy Koreya ommasiga keng targʻib qilish va kelgusida ushbu mamlakatdan sayyohlarni jalb etishga doir rejalar belgilab olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.