Kartoshka kuyasi kartoshka, tamaki, baqlajon, pomidor va boshqa ituzumdoshlar oilasiga kiruvchi oʻsimliklarga katta zarar yetkazuvchi xavfli karantin hasharot hisoblanadi. Kapalagi kichkina, och kulrang tusda boʻladi. Bosh qismi toʻq jigarrang yoki qora rangda.
Kuya lichinkasi umri davomida 4 davrni oʻtaydi, 11-26 kungacha rivojlanadi. Kartoshka kuyasi havo harorati +40 0 dan yuqori boʻlganda 7 kunda rivojlanadi. Havo harorati +270 darajaga yetganda zararkunandaning rivojlanishi hammasi boʻlib 25 kunga choʻziladi. Bir yilda 5-6 avlod beradi. Qulay sharoitda kartoshka kuyasi yiliga 11-13 tagacha avlod berishi ham mumkin.
Kartoshka kuyasi koʻchatlarga ham, oʻzini tutib olgan oʻsimliklarga ham zarar yetkazadi, koʻchatlarning ayrim barglarini va baʼzan butun tupini quritib qoʻyish holatlari kuzatiladi. Tamaki oʻsimligiga kuya tushsa, u sanoat uchun yaroqli va sifatli hosil bermaydi. Kartoshka kuyasi baʼzan pomidorning mevasiga ham zarar yetkazadi. Kartoshka kuyasining kapalagi ekinlarning bargidan tashqari yuzaroqdagi kartoshkasini ham jarohatlaydi. Dalada kartoshka qazib olingandan keyin, omborga kuya lichinkalari bilan zararlangan tugunaklar olib kirilsa 25-80 foiz saqlanayotgan kartoshka tugunaklari nobud boʻlishi mumkin. Koʻp zararlangan barglar qurib, qoʻngʻir tusga kiradi va qovjirab yorilib ketadi. Kuya koʻpaygan dalalar kuyganga oʻxshab qoladi. Kuzda oʻsimliklarning uchlaridagi qoʻshni barglar koʻpincha oʻrgimchak iplari bilan bir-biriga yopishadi. Zararlangan kartoshka yuzasi qurt kirgandan bir necha kun keyin pushti dogʻ boʻlib qoladi. Zararlangan pomidor va kartoshka hosilining aksariyati chirib ketadi.
Kartoshka kuyasiga qarshi kurash choralari quyidagilardan iborat:
- zararkunanda tarqalgan davlatlardan kelayotgan yuk mashinalari va yuklarni majburiy karantin tekshiruvidan oʻtkazish;
- sanoat yuklari va transport vositalarini zararsizlantirish;
- oʻsimlik mahsulotlari ortilgan hududlarni 3 km gacha feromon tutqichlar yordamida tekshirib chiqish;
- ituzumdoshlar oilasiga kiruvchi oʻsimliklarni doimiy nazorat qilib, tekshirib turish
- kartoshka poyasini qurib qolishiga 5-7 kun qolganda oʻrib olish va yoʻq qilish;
- daladan kartoshkani tez yigʻishtirib olish;
- belgilangan tartib qoidalar asosida kartoshka mevasini brom -metil bilan zararsizlantirish;
- respublikamizga kartoshka kuyasi tarqalgan davlatlardan kartoshka va boshqa ituzumdoshlar oilasiga kiruvchi oʻsimlik mahsulotlarini kirish Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan beriladigan sertifikatlar orqali amalga oshiriladi.
Kartoshka ekilgan maydonlarda kartoshka kuyasi kapalagi yaxshi ucha boshlaganda yoki lichinkasi zarari aniqlanishi bilan Entovant 15 % em.k. preparatini 0,45-0,5 l/ga meʼyorida kechki salqinda 250-300 l ishchi eritma tayyorlab ishlov berish kerak. Oradan 10-15 kun oʻtkazib ikkinchi ishlovni Entovant 15 % em.k. 0,4l/ga + Entolucho 20 % em.k. 0,2 l /ga amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, kartoshka yetishtiradigan maydonlarda ushbu zararkunanda hasharot hamda uning lichinkalarining paydo boʻlishini oldini olish maqsadida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi xodimlari bilan doimo maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish va kerakli koʻrsatma hamda tushunchalarga ega boʻlib borish tavsiya etiladi, deb xabar beradi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.









