Jizzaxda oʻn minginchi KIA avtomobili ishlab chiqarildi

    “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “ADM Jizzakh” avtomobil zavodida oʻn minginchi KIA avtomashinasi konveyrdan chiqdi.

    2021-yilda ish boshlagan zavod yiliga 25 ming dona avtomobil yigʻish quvvatiga ega boʻlib, loyihaning birinchi bosqich qiymati 12 million AQSH dollaridan oshgan. Bugungi kunda ushbu zavod multibrend hisoblanib, unda 13 turdagi KIA, Renault, Chery va Lada avtomobillari yigʻiladi.

    Bugungi kunda korxonada 150 nafarga yaqin malakali mutaxassislar mehnat qilmoqda.

    Oʻzbekistonda 10 minginchi KIA avtomashinasi chiqarilishiga bagʻishlangan oʻziga xos yubiley munosabati bilan “KIA motors” avtomobil kompaniyasi vitse-perzidenti boshchiligidagi delegatsiya Jizzaxga tashrif buyurdi.

    Mehmonlarga “ADM Jizzakh” zavodi, uning quvvati, imkoniyatlar va kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qilib berildi. Taqdimot ishtirokchilari hozirda avtomobillarning asosan yirik ehtiyot qismlari yigʻiladigan ushbu zavodda kelgusida kichik detallarni ham yigʻish va ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish borasidagi rejalar bilan tanishdilar.

    Yaʼni loyihaning mazkur ikkinchi bosqichi 2023-yilning 4 choragi va 2024-yilning 1 choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan boʻlib, avtomobillar uchun 314 turdagi butlovchi qismlarni tayyorlash, payvandlash, boʻyash, yigʻish ishlari yoʻlga qoʻyiladi.

    Natijada zavod quvvati yiliga 100 ming dona avtomobil va ular uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga yetishi kutilmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, zavodda yana uch mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi. Kadrlarning malakasini oshirish borasida ham KIA kompaniyasi bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Hozirda ikkinchi bosqich uchun qurilish ishlari davom etmoqda.

    Rejaga muvofiq 2-bosqichda zavodda mahalliylashtirishni 30 foizga, yillik avtomobil eksportini 150 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bundan tashqari avtomobil zavodi tayyor avtomobillar va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtiradi, konstruktorlik tadqiqotlari, logistika va kadrlar tayyorlash bilan shugʻullana boshlaydi.