Jadidlar millatning yuragida yashamoqda

    Madaniyat 20 Dekabr 2023 24766

    Bu millat oydinlari tarixini, hayoti va faoliyatini oʻrganganimiz sari ular barhayot boʻlaveradi, yuraklarimizni bir chetini tirnayotgan armonlar qayta gavdalanadi.

    Har bir davrda va millatning har bir farzandi ruhida boqiy yashab kelayotgan, Vatanning mustabidlar zulmidan ozod boʻlishini, elga erk, hurriyat istagan xalqimizning qalbi uygʻoq farzandlari boʻlmish jadidlar hamisha fikru yodimizni egallaydi. Bu millat oydinlari tarixini, hayoti va faoliyatini oʻrganganimiz sari ular barhayot boʻlaveradi, yuraklarimizni bir chetini tirnayotgan armonlar qayta gavdalanadi. Koʻz oʻngimizda turgan haqiqat goʻyoki ularni qaytarib olish mumkindek katta umidlar beradi.

    Ruhan tirik jadid ajdodlarimizning alamli dardlari, avlodlarimiz tomirlarida oqayotgan maʼrifatparvarlarning qonli vasiyatlari, tillarda qotib qolgan Vatan hasratlari xayollardan tasvirlarga, oʻylardan kitoblarga, odamlardan olamlarga koʻchaveradi, кўчаверади...

    100-yillar oʻtsa hamki milliy oʻzlik tarixi, mustaqil millat, mustaqil yurt, mustaqil mafkura haqiqati yolqinlanaveradi.

    Toʻgʻri, ularning quchib yigʻlaydigan qabrlari yoʻq – yoʻqotilgan, izlari yoʻq – oʻchirilgan. Lekin jadidlar yashaydigan qalblar bor — soʻnmaydigan, maʼrifatga tashna jadidchi izdoshlar bor — ahdidan qaytmaydigan, jadidona adabiyot xazinasi bor — toʻlgʻonib, talpinib oʻqiladigan, demakki, ular oʻlmagan — ular biz oʻqigan sahifalarda qayta yaralmoqda.

    Bilasizmi, nega ular millatning yuragida yashaydi?

    Ilm yogʻdusiga tashna turkiy dunyoga chiroq tutgan, “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu gʻoya bilan maydonga chiqqan taraqqiyparvarlar xalqning bolalari taqdirini oʻyladilar, millatning ertasini koʻzladilar. Jaholatdan olib chiquvchi yoʻlni taʼlimda, maktablarda, teatr va kutubxonalarda koʻra oldilar. Eng ogʻir tuzum tebranishlarida yoshlarni ilgʻor davlatlarga oʻqishga yuborish, maʼrifat ulashish maqsadida yondilar. Jadidlarning gʻoyalari milliy uygʻonish, milliy mafkurani tiklash yoʻlida qudratli kuchga aylanib, jamiyatni toʻlqinlantirib yubordi.

    Kim ular? Maqsadlari ne edi?

    Ular oʻzandan toshgan va ters oqqan daryo, kishanga toqatsiz tulporlar, millatning koʻpirgan qoni, maʼrifatning jaholatdan halqumga kelgan jonidir. Jadidlar – vatan mohiyatidan izlangan savollarning “yangi” sadosi, bagʻri nidoga toʻlgan Ona Turkistonning qarogʻi ortiga oqqan koʻz yoshlari, shu yurtning oʻzligi, Yangi Oʻzbekistonning ildiz tomirlaridir. Hayot deb atalmish neʼmat qimmati, inson shaʼni va uning hurmati, millat va Vatanga munosiblik ne ekanini anglatish uchun dunyoga kelgan ibratlar ular. Jadidlar biz kirib borayotgan uchinchi renessansning ilk bunyodkorlari, mustaqillik milliy mafkurasi asoschilari, qatagʻonlar qayirgan kuchlar, bir asr oldin panjaralar ortiga berkitilgan taraqqiyotdir.

    Mustabid tuzumga sigʻmagan, oʻz yangi olamiga, oʻz ideologiyasiga ega bu innovatorlarning maqsadlarida millatning koʻzini ochish, Turkiston ahlining taraqqiy kunlariga erishish, oʻqimishli milliy kadrlar orqali dunyoga chiqish, maʼrifat va madaniyat asosiga erkin fuqarolik jamiyati barpo etishday ezguliklar ustuvor edi.

    Taraqqiyotdan ortda qolgan mamlakatni, taʼlim va maorifni isloh qilish, yangilash uchun bel bogʻlagan, “ehtiyoji millat” dardida “bu ketishning oxiri yamondur, oʻqumoq, oʻqutmoq керакдир...” deya iztirob chekkan Behbudiy bizning bugunimizdan qatlga qadar umid uzmadi. Atoqli shoir va “usuli jadid” maorifining ilgʻor yetakchisi Muhammadsharif Soʻfizodaning

    “Bechora ona boʻlgʻuvchi qobila qizlar,

    Nozik qoʻliga olmay oʻtar xoma va дафтар...” deya millat qizlarining ilm-fan egasi boʻlishlari uchun qaygʻurishlari Turkiston eliga tarqaladi.

    Oʻzbek xalqini rivojlangan xalqlar bilan teng koʻrishni orzu qilgan, fikriy uygʻonish davrining yetuk mutafakkiri, yangicha qarashlar bilan 75 yoshida ham “qatagʻon mashinasi” egalarini vahimaga solgan elning Ibratlari

    “Oʻqingiz, ilmi hikmat sizga, bu ish katta Ibratdur,

    Agar ilm oʻrganursiz barcha ishda sizga nusratdur,

    Agar ilm oʻlmasa, nodon umri barcha kulfatdir,

    Bu ashyoi jadidi mubaddini asli hikmatdur “ deya bong urganida ziyoning asl zamini gʻaflatga mahkum etilgan edi.

    Milliy maktab yaratish, yangi avlodni voyaga yetkazish ishtiyoqida mardonavor qadam tashlagan, otashin nutqlari bilan xalqning gʻururini uygʻotgan, mohir pedagog Munavvar Qorining eng tahlikali davrda ham “oʻzbek ziyoli bolalarini Germaniyaga yuborib oʻqitishga muhtojmiz. Bolalar oʻqib, ilm bilan tahsil qilib kelsalar, millatga katta xizmat qila oladilar” deya odamlar qalbida kelajak shamini yoqishi hamon ilm ahli yuragini oʻrtab yuboradi. Bundanda ulugʻ, bundanda buyuk bir ish bormi millat uchun? Ne sharafki, jadidlar quyosh kabi shunday yaralgan edi, jismu jonlarida shunday fidoiylik sobit edi.

    Shu davrning yana bir yoniq yulduzi, oʻzbek xalqining qomusiy olimi, shoir, nosir, oʻtkir publitsist va dramaturg Abdurauf Fitrat ham yurt qaygʻusini oʻz dardi deb bildi. U milliy taraqqiyotning “oʻzbekcha” modeli uchun izchil kurash olib borgan va davlat tuzumini sahna orqali fosh eta olgan mardonavor jadiddir.

    “Yuz yillardan beri jafo koʻrub, gʻam chekib kelgan turkning qonli koʻz yoshlarin etaklaringga toʻkarga keldim.

    Qorongʻuliklar ichra yogʻdusiz qolgan oʻzbek koʻzlari uchun tuprogʻingdan surma olgʻali келдим...” Buyuk Sohibqironga qarata aytilgan bu soʻzlar aslida turkiylarning sharafi, inson qadr-qimmatini himoya qilish uchun kuchli bir tugʻyon, ichki isyon ekanligi aniq namoyon boʻladi.

    Toʻgʻri, kelajakni yorugʻlikka undagan, Turkistonni junbushga keltirgan bu maʼrifatparvarlik harakati katta toʻsiqlarga uchradi, tarix sahifalaridan oʻchirildi, millat yetakchilariga “millatchilar” tamgʻasi urildi, oydin yuzlar qoralandi. Biroq, yosh avlod shuuridan abad joy olgan jadidlarni na kishanli oyoqlar va na bogʻlangan qoʻllar maʼrifat yoʻlidan qaytara olmadi, mangulikning siri ham aynan shu ahd va jonfidolikdadir.

    Aytish joizki, mamlakatda yangilanishlar toʻlqinini yaratgan, Yangi Renessans davrining elparvar jadidi boʻla olgan – maʼrifatparvar ajdodlarimizning yetuk davomchisi — Davlatimiz rahbari bugun xalqimiz yuragida qolgan jadidiy alamlarga malham boʻlmoqda.

    Soʻngi yillarda bu hurriyat elchilari xotirasini abadiylashtirish, jadidlar faoliyati va merosini oʻrganish, oʻrgatish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda. Mamlakatimizda har yili 31-avgust sanasi “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlanayotgani esa yosh avlod uchun munosib yodnoma boʻldi. Shuningdek, jadidlar tarixiga oid ilmiy va badiiy asarlar nashr etilayotgani, badiiy va hujjatli filmlar yaratilayotgani, dunyo hamjamiyati ishtirokida xalqaro konferensiyalar oʻtkazilayotgani esa milliy taʼlim targʻibotchilari xotirasini qayta-qayta jonlantirmoqda. Bugun yurtimizda ularning ulugʻ nomlari bilan ataluvchi manzillar, taʼlim maskanlari va soʻlim goʻshalar borki, ularga qadam bosgan har bir vatandoshimiz qalbida jadidona hislar uygʻonadi. Xususan, Fargʻona davlat universitetida faoliyat yuritib kelayotgan “Qatagʻon qurbonlari” tarixiy xotira muzeyi — hozirgi kunda viloyatda jadidchilik tarixini muhim manbalar asosida tadqiq etish boʻyicha oʻziga xos ilmiy institut vazifasini bajarmoqda. Quvonarlisi, bu dargoh hamisha yoshlar bilan gavjum, jadidlar oʻtmishiga qiziqishi ortib borayotgan talabalar soni yildan yilga ortib bormoqda.

    Muhtaram Prezidentimizning saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekiston Oliy sudi tomonidan 1030 dan ziyod mustabid tuzum qatagʻoniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlanib, tarixiy adolat qad rostladi va minglab jadidlar avlodlari qalbini yaralagan dogʻlar bitdi.

    Zero, Yangi Oʻzbekistonda inson qadri ulugʻlanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlarimiz jadid bobolarimizning ezgu gʻoya va dasturlariga har jihatdan uygʻun va hamohangdir.

    Xulosa oʻrnida aytish joizki, biz erishgan bugungi farovon hayot, mustaqil Vatan, birdam boʻlgan xalq, osuda kunlar qurbonlarsiz bunyodga kelmagan. Jadidchilarimizning buyuk namoyondasi — Abdulla Qodiriyning “moziygʻa qarab ish koʻrmak xayrlidir”, — degan ibratli jumlalarini eslash kifoya. Jaholatga qarshi kurashish, millat shaʼnini himoya qilish orqali mustamlaka boʻlgan Turkistonni dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlari safida koʻrishni orzulagan ajdodlarimiz bugun oʻz maqsadlariga erishdilar. Endilikda bizning — bugungi kun egalarining zimmasida ajdodlarimiz asriy orzularini roʻyobga chiqarish, tinchlik hukmron boʻlgan zaminni asray olish, oʻz intilishlari, islohotlardagi ishtiroki, tashabbuslari orqali yoshlarga kimlarning avlodi ekanligini anglatishday kuchli vazifa borligini unutmasligimiz darkor!

    Haqiqatki, “Yangi Oʻzbekiston” kelajagiga bilim, maʼrifat, toza vijdon, halol mehnat va kuchli salohiyat bilan hissa qoʻshish uchun bizda kuch ham, zakovat ham, imkoniyat ham yetarli!

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori,

    pedagogika fanlari doktori, professor