Normal ish vaqti
Mehnat kodeksining 114-moddasiga ko‘ra, ish vaqti deb, xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq, o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqtga aytiladi. Xodimning mehnat munosabatiga kirishganligi uning korxonadagi ichki mehnat tartibiga, mehnat intizomiga, korxona tartibiga rioya etish lozimligini taqozo etadi. Shu sababli mehnat huquqida ish vaqti deganda xodim ichki mehnat tartibi qoidalariga ko‘ra mehnat burchlarini bajaradigan vaqt tushuniladi. Xodim ish vaqti davomida korxonada bo‘lgan holda ayrim hollarda esa korxonadan boshqa joyda bo‘lsada, ish beruvchining topshiriqlarini, davlat-jamiyat vazifalarini bajarishi nazarda tutiladi. Ish vaqti qonun bilan belgilangan vaqt bo‘lib, bu vaqt mobaynida xodim ichki mehnat tartib-qoidalariga muvofiq, o‘z mehnat vazifalariga mos ravishda xizmat burchini bajarishi lozim. Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ish vaqtining kunlik, haftalik va yillik normalarini belgilaydi. Ish kuni deganda xodim sutka davomida ishlashi lozim bo‘lgan vaqt tushuniladi. Ish kuni uzunligi odatda haftalik ish vaqti normasiga asosan va ish beruvchining, ular vakillarining o‘zaro kelishuvlarini ifodalovchi jamoa shartnomalari, ichki mehnat tartib-qoidalari mehnat shartnomasiga ko‘ra belgilanadi.
Qonun hujjatlarida bevosita ish kuni uzunligi belgilanadigan hollar ham mavjud. Ish vaqtini huquqiy tartibga solishdan ko‘zlangan asosiy maqsad fiziologik me’yorlardan ortiqcha vaqt davomida ishlash tufayli salomatlikka ziyon yetishiga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlarga dam olishlari, ma'naviy kamol topishlari, bolalar tarbiyasi, oilaviy mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishlari uchun real imkoniyatni kafolatlashdan iboratdir. Ish vaqtining muddati eng muhim mehnat sharoitlaridan biri bo‘lib, barcha mehnatkashlarning mehnatiga daxldordir. Shu boisdan ham qonun sutka va hafta davomidagi ish vaqti muddatlarining normalarini normal, qisqartirilgan, to‘liqsiz, normalanmagan, qismlarga bo‘lingan va shu kabi qilib belgilaydi. Xizmat safariga yuborilgan xodimning ish joyi va o‘rtacha ish haqi butun xizmat safari davomida saqlanib turiladi, u safarga borgan korxona xodimlari son tarkibiga kiritilmaydi, biroq o‘sha yerdagi korxona ish vaqti rejimiga rioya qilgani holda ishlaydi hamda dam olish vaqtidan foydalanadi.
Mehnat kodeksiga va boshqa mehnatga oid qonunlarga e’tibor berilsa, ular, asosan, xodimlarning manfaatlarini himoya qiladi. Misol uchun, xodimlar ish vaqtidan tashqari yoki tunda ishlatilganda, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157, 158-moddalariga ko‘ra, ish beruvchidan oshirilgan miqdorda haq to‘lashni talab qilishga haqlidirlar. Yoki ikkinchi misol, agarda korxonalar mehnatni muhofaza qilish talablariga javob bermasa, O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 10-martda yangi tahrirda qabul qilingan «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 19-moddasiga binoan, ushbu korxonalarning ishlashiga ruxsat etilmaydi. Mehnat kodeksida ish vaqtining eng ko‘p muddati, mehnat va ijtimoiy ta'tilning eng kam muddatining mustahkamlab qo‘yilgani fuqarolar dam olish huquqining muhim kafolatidir. Qonun bilan belgilangan bu normalarga rioya etish korxona, muassasa va tashkilotlar uchun majburiydir.
Yana bir misol, ish vaqtining boshlanishi, tugashi, tushlik vaqti va shu kabilar korxonaning ichki mehnat tartib-qoidalarida belgilab qo‘yiladi. Xodim korxonaning ichki mehnat tartib-qoidalari bilan tanishtirilishi lozim. Agar ichki tartib-qoidalar bilan tanishtirilmagan xodim ishga kech kelishi yoki barvaqt ketib qolishi kabi intizomsizliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, sudga da'vo qilish har doim ham ish beruvchining foydasiga hal bo‘lavermaydi. Korxonadagi ayrim xodimlar, jamoalar, boʼlinmalar uchun muayyan doirada ish kuni yoki ish smenasining boshlanishi, tugashi va muddatini oʼzlari boshqarishlariga yoʼl qoʼyiladi, bu oʼzgaruvchan ish vaqti tartibini tashkil etadi. Oʼzgaruvchan grafikning mohiyati shundan iboratki, xodim uchun tayinli vaqt belgilab qoʼyiladi, u shu vaqt mobaynida, albatta, ish boʼlishi lozim. Oʼzgaruvchan ish vaqtining tartibi ish beruvchi bilan xodim oʼrtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi.
Mehnat kodeksining 115-moddasida xodim uchun ish vaqtining normal muddati keltirib o‘tilgan. Unga ko‘ra, ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas, deb keltirib o‘tilgan.
Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim. Ish vaqtining umumiy muayyan muddati esa ana shu muayyan davr uchun belgilangan ish soatlarining normal miqdoridan oshib ketmasligi kerak. Baʼzi hollarda, ish kuni yoki smenasini qonunlarda ko‘rsatilgan tartibda qismlarga boʼlinishiga yoʼl qoʼyiladi. Ish hajmi sutka davomida tubdan oʼzgaradigan joylarda (masalan, shahar transporti haydovchilari, baʼzi savdo xodimlari) ish vaqtining tartibini joriy qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Qisqartirilgan ish vaqti
Ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘i, mehnat sharoitlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyati va o‘zga holatlarni inobatga olib, mehnat to‘g‘risida qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, shuningdek mehnat shartnomasining shartlariga binoan, mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi. Ish vaqtining qisqartirilgan muddati quyidagi shaxslar uchun belgilanadi:
- 18 yoshga to‘lmagan xodimlar (MK 242-m.);
- I-II guruh nogironi bo‘lgan xodimlar (MK 220-m.);
- noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar (MK 117-m.);
- alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar (MK 118-m.).
18 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun qisqartirilgan ish vaqtining muddati quyidagicha:
- 16-18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun haftasiga 36 soat;
- 15-16 yoshgacha bo‘lgan xodim uchun esa haftasiga 24 soat belgilanadi, ya'ni kuniga 4 soatdan oshmasligi kerak.
Yoshlarni 16 yoshdan boshlab ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi. Alohida hollarda kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishgan holda 15 yoshga to‘lgan shaxslar ota-onasining roziligi bilan ishga qabul qilinadi. 18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnat munosabatlarida katta yoshdagi shaxslar bilan teng huquqlarga ega bo‘ladilar, mehnat muhofazasi, ish vaqti, ta'tillar vaqti va boshqa ba'zi mehnat sharoitlari sohasida esa imtiyozlardan foydalanadilar. 18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan og‘ir ishlarda va mehnat sharoiti zararli yoki xavfli bo‘lgan ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida foydalanish taqiqlanadi. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganidan keyin ishga qabul qilinadilar va 18 yoshga to‘lgunlarigacha har yili tibbiy ko‘rikdan majburiy tarzda o‘tkazib turiladilar. Ularni tungi va ish vaqtidan tashqari ishlarga, shuningdek dam olish kunlari ishlashga jalb qilish taqiqlanadi.O‘rta ta'lim maktablari, maxsus ishlab chiqarish texnika bilim yurtlari va o‘rta o‘quv yurtlarining o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlayotgan o‘quvchilari uchun bu muddat 2 baravar kamaytirilgan.
Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati mehnat jarayonida sog‘lig‘iga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari ta'sir etadigan xodimlar uchun belgilanadi. Korxonadagi bunday ishlarning ro‘yxati va ularni bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi, agar ular tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib olingandan keyin belgilanadi.
Alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan muddati, ya'ni yuqori darajadagi his-hayajon, aqliy zo‘riqish, asab tarangligi bilan bog‘liq ishlardagi xodimlar uchun (tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqalar) ish vaqtining muddati haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi. Bunday xodimlarning ro‘yxati va ular ish vaqtining aniq muddati O‘zbekiston Respublikasining hukumati tomonidan belgilanadi. Shuningdek, mehnat sharoiti ishlab chiqarishning zararli omillari bilan birga kechadigan ishchi va xizmatchilar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari, maktabgacha muassasalarning xodimlari hamda katta ruhiy va aqliy mehnat sarflash talab etadigan xodimlarning boshqa ba'zi toifalari uchun ham qisqartirilgan ish vaqtlari belgilangan. Mehnat sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining muddati chegarasi O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martda qabul qilingan 133-sonli «O‘zbekiston Respublikasining MKning talablarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan me'yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorining 8-ilovasida ana shunday o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlardagi eng ko‘p ish vaqti normasi belgilab berilgan. Xalqaro Mehnat Tashkiloti va boshqa insonparvar xalqaro tashkilotlar xodimlarni ishlab chiqarishda zo‘riqishi tufayli kasalliklarga chalinishlarining oldini olish, belgilanganidan ko‘proq vaqt davomida ishlashlariga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan tadbirlarni belgilaydi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida tilga olingan qarorining 4-ilovasida ana shunday ishlar ro‘yxati va ularda band bo‘lgan xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti normasi berilgan. Mazkur ro‘yxatga Sog‘liqni saqlash, Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari, televidenie va radio eshittirish xodimlari kiritilgan bo‘lib, ular uchun ayrim hollarda ish kunining eng uzoq muddati (masalan, shifokorlar uchun besh yarim soat), boshqa hollarda bir yillik ish vaqti normasi (masalan, hunar-texnika bilim yurtlari o‘qituvchilari uchun yiliga 640 soat), boshqa hollarda esa haftalik ish vaqtining eng ko‘p muddati (masalan, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari uchun haftasiga 36 soat) tarzida qisqartirilgan ish vaqti belgilangan. Qisqartirilgan ish vaqti mehnat qonunlarida bevosita belgilab qo‘yilgan boshqa ayrim hollarda ham (masalan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta'lim oluvchi xodimlar uchun) nazarda tutilishi mumkin. Normal yoki qisqartirilgan ish vaqti xodim va ish beruvchi kelishuviga ko‘ra yoki ulardan birining talabi bilan ham uzaytirilishi mumkin emas. MKning 242-moddasiga muvofiq o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarga haftasiga o‘ttiz olti soatdan, o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar (ta'til davrida ishlayotgan 14-16 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar)ga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
MKning 220-moddasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi «Nogironlarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida»gi Qonunining 30-moddasiga ko‘ra I va II guruh nogironlariga mehnatga haq to‘lash kamaytirilmagan holda ish vaqti haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.
To‘liqsiz ish vaqti
To‘liqsiz ish vaqti - bu ushbu toifadagi xodimlar uchun qonun va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan ish vaqti muddatining (normal yoki qisqartirilgan) muayyan qismi. Masalan, normal ish muddatidagi xodimlar uchun unga haftasiga 40 soatdan kam ish vaqti belgilanishi to‘liqsiz ish vaqti hisoblanadi.
MKning 119-moddasiga ko‘ra xodim bilan ish beruvchining o‘rtasidagi kelishuvga binoan ishga qabul qilish chog‘ida ham, keyinchalik ham to‘liqsiz ish kuni yoki ish haftasi belgilab qo‘yilishi mumkin. Mehnat Kodeksining 229-moddasiga ko‘ra ayollar va oilaviy vazifalarni bajaruvchi boshqa shaxslarga (homilador yoki 14 yoshga yetmagan bolali ayollar va boshqalar) qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda ish beruvchi xodimning iltimosiga ko‘ra to‘liqsiz ish kuni yoki ish haftasi belgilashga majbur. To‘liqsiz ish vaqtida ishlayotgan xodimlarning mehnat huquqlari shu munosabat bilan cheklanishi mumkin emas, ammo ularga ishlagan vaqtlariga yoki bajargan ishlariga mutanosib ravishda ish haqi to‘lanadi.
Qisqartirilgan ish vaqti bilan to‘liqsiz ish vaqtini qanday farqi bor, degan o‘rinli savol tug‘ilishi muumkin. Normal ish vaqti muddatida hisoblangan ishlab chiqarish normalari (bajariladigan ish hajmi) u yoki bu xodimlar toifasi uchun mehnat haqi kamaytirilmasdan belgilangan qisqartirilgan ish vaqti muddatiga mutanosib ravishda kamaytirilishi shart. Aynan shuning uchun ko‘rsatilgan sabab bo‘yicha kam hajmda ish bajaradigan voyaga yetmagan xodimning (ishlayotgan birinchi yoki ikkinchi guruh nogironining) ish haqi miqdori normal ish vaqti muddatidagi xodimning ish haqi miqdoriga teng bo‘lishi kerak. Qisqartirilgan ish vaqtining to‘liqsiz ish vaqtidan asosiy farqi shundan iborat. Qisqa qilib tushuntiradigan bo‘lsak, qisqartirilgan ish vaqtida ishlayotgan xodim normal ish vaqtida ishlayotgan xodimning oyligi miqdorida maosh oladi, to‘liqsiz ish vaqtida ishlayotgan xodim esa ish vaqti miqdoridan kelib chiqib maosh oladi.
Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan, ishga qabul qilish chog‘ida ham, keyinchalik ham to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi belgilab qo‘yilishi mumkin. Masalan, homilador ayol va 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollar, shu jumladan oilaning betob a'zosini parvarish qilish bilan band bo‘lgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq, ularga to‘liqsiz ish kuni yoki ish haftasini belgilashga majburdir (MK 229-m.).
To‘liqsiz ish vaqti bilan ishlash xodimning yillik asosiy mehnat ta'tilining muddatini, mehnat stajini hisoblashni hamda boshqa mehnat huquqlarini biron-bir tarzda cheklashga asos bo‘lmaydi.
TMEKning nogironlarga to‘liqsiz ish vaqti rejimi o‘rnatish, ularning vazifasini kamaytirish va mehnatning boshqa shartlari haqidagi tavsiyalarini bajarish ish beruvchi uchun majburiydir.
I va II guruh nogironlariga o‘ttiz kalendar kundan kam bo‘lmagan muddat bilan yillik uzaytirilgan asosiy ta’til beriladi.
Xaydarov Shuxrat Jumayevich,
Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi,
kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar falsafa doktori (PhD)








