Iqtisodiyotda pul mablag'lari doim harakatda bo'ladi. Sotuvchi va xaridor o'rtasidagi aynan shu oldi-sotdi munosabatlari moliya bozorini belgilab beradi. Zamonaviy moliya bozorini shakllantirishning ustuvor yo'nalishlaridan biri esa kapital yoki fond bozorini rivojlantirish orqali amalga oshiriladi. Bunda xaridor nafaqat pul, balki boshqa turdagi moliyaviy instrumentlar, jumladan, qimmatli qog'ozlar orqali ham savdo qilishi mumkin.
So'nggi yillarda mamlakatimiz ochiq bozor iqtisodiyotiga o'tib bormoqda. Moliyaviy bozor imkoniyatlarining oshishi kapital bozori rivojida ham aks etmoqda.
Kapital bozori o'z nomi bilan kapitalizm tarafdori — bu xususiy mulk ustuvorligi va kafolatlanganligi demakdir. Yanada kengroq ma'noda esa, fond bozori bu vaqtincha bo'sh turgan pul mablag'larini to'plash, ularni ssuda kapitaliga aylantirish, so'ng ishlab chiqarish jarayoni ishtirokchilari o'rtasida taqsimlashni anglatadi. Bunda oldi-sotdi operatsiyalari qimmatli qog'ozlar, xususan korxonalarning aktsiyalari hamda davlat obligatsiyalari bilan amalga oshiriladi. Savdolar onlayn tartibda Toshkent RFB yagona savdo tizimi platformasi hisoblangan fondbozori.uz sayti orqali olib boriladi. Bu shaffof bozor infratuzilmasi bo'lib, o'z ichiga talab va taklif, sof raqobat, kotirovkalar, listing kategoriyalari kabi tushunchalarni qamrab oladi.
Aslida, birjalar ularda savdoga qo'yiladigan mahsulotlar, ya'ni birja tovarlariga qarab turlarga bo'linadi. Tovar birjasida xomashyo va mahsulotlar asosiy o'rin tutsa, valyuta birjasida pul, fond birjasida esa qimmatli qog'ozlar uning muhim ob'ekti hisoblanadi.
Umuman, bu onlayn savdo makoni ishlab chiqaruvchi va xaridorlarni o'zaro bog'lovchi mexanizmdir. Qimmatli qog'ozlar bozorining rivojlanishi esa milliy iqtisodiyotni uzoq muddatli moliyaviy resurslarga bo'lgan ehtiyojini ta'minlab, uning yuqori va barqaror o'sishiga qaratilgan muhim vosita hisoblanadi. Bu soha moliyaviy resurslarni jamg'aruvchilar va qo'shimcha mablag'larga ehtiyoji bo'lgan xususiy sektor vakillari, banklar, sug'urta kompaniyalari, davlat korxonalari va hukumatning investitsiyalar asosida transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishiga xizmat qiladi.
Savdo maydonidagi vositachi
Dunyoning yetakchi davlatlari tajribasida moliya bozorini rivojlantirish va tarkibiy jihatdan o'zgartirish bevosita kapital bozorining rivoji bilan bog'liq. Mamlakatimizda bu yo'nalish so'nggi yillarda yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Moliya bozorlari, jumladan, fond bozorini rivojlantirish yangi iqtisodiy sharoitda asosiy maqsadlarimizdan biri sifatida belgilangan.
Bu kapital bozordagi savdo-sotiq ko'rsatkichlarini yanada oshirmoqda. Birgina misol, o'tgan yili fond birjasi savdo aylanmasi 1260,5 milliard so'mni tashkil etib, 2020-yilga nisbatan ikki yuz foizdan ortiqroq yoki 2,2 baravarga oshgan. Tuzilgan savdo bitimlari hajmi bo'yicha ham ijobiy natijalar qayd etilib, 71 489 ta qayd etilgan.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 13-apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni bilan kapital bozorining raqobatbardoshligini oshirish va uning kapitallashuvini 2023-yil yakuniga qadar erkin muomaladagi qimmatli qog'ozlarga asoslangan bozor kapitallashuvini amaldagi 1,9 dan 45 trillion so'mga etkazish vazifasi qo'yilgan. Bunda banklar tomonidan kreditlashga muqobil bo'lgan samarali moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqish, kapital bozorini tartibga solishning yaxlitligini va tizimli tavakkalchiliklarning oldini olishni ta'minlovchi qonunchilik bazasini yaratish hamda minoritar investorlar, kapital bozorining boshqa ishtirokchilari hamda aholi keng qatlamlarining bilim, ko'nikma va moliyaviy savodxonligini oshirishni qo'llab-quvvatlashni nazarda tutilgan. Mazkur dasturlar doirasida 2023-yil yakuniga qadar 40 ming nafar aholi qamrab olinadi.
Kapital bozori haqida turli ta'riflarni keltirish mumkin. Masalan, yevropalik iqtisodchilar kapital bozoriga aktsiyadorlik kompaniyalarining investitsion jozibadorligini ta'minlashdagi muhim omil sifatida qaraydi. Moliya bozorini optimallashtirish orqali minoritar aksiyadorlarning ham manfaatlarini himoya qilishga erishish mumkinligi ta'kidlanadi.
Chunki korporativ tuzilmalar faoliyati iqtisodiy taraqqiyotda muhim o'rin tutadi. Shu bois, yurtimizda ularning faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etishga doir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi, “Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida”gi Qonunlari yangi tahrirda qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, bir qancha qarorlar qabul qilindiki, ular aksiyadorlik jamiyatlarini son jihatdan optimallashtirish, kapital bozoridagi faoliyatini samarali tashkil etish, moliyaviy manbalarini shakllantirishda qimmatli qog'ozlar salmog'ini oshirish hamda xorijiy investorlarni jalb qilishga xizmat qilib kelmoqda.
Kapital bozorini rivojlantirish agentligining ma'lumotiga ko'ra, bugungi kunda emissiya qilingan aktsiyalarning umumiy nominal qiymati 100 trillion so'mdan ortiq bo'lib, ulardan faqatgina 1,5 foizigina erkin muomalada harakat qilmoqda. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatan hisoblaganda 1 foizdan kam bo'lib, ushbu ko'rsatkich Singapurda 188 foiz, Malayziyada 112 foiz va Rossiyada 34 foizni tashkil etadi. Mazkur holat O'zbekistonda kapital bozorining investitsiyalar va jamg'armalar o'rtasida vositachilik rolini sifat va miqdor jihatdan oshirish zarurligini ko'rsatadi.
To'g'ri korporativ boshqaruv — yuqori daromad degani(mi)?
Yangi O'zbekistonning 2022–2026-yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotda qimmatli qog'ozlar bozorini rivojlantirish bo'yicha bir qancha vazifalar belgilangan. Jumladan, davlat qimmatli qog'ozlarini norezidentlar tomonidan xarid qilishga ruxsat berish, korporativ qimmatli qog'ozlar bozorida likvidlikni oshirish va davlat ulushi mavjud korxonalarda xususiylashtirish jarayonlariga xorijiy investorlar va xalqaro moliya institutlarini jalb qilish ko'zda tutilgan. Iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni ko'paytirish maqsadida kelgusi 5 yilda fond bozori savdolari hajmini 200 million dollardan 7 milliard dollarga etkazish, yirik korxonalarni fond birjasi orqali xususiylashtirishda ularning aksiyalarini mahalliy va xorijiy fond birjalarida ommaviy joylashtirishni nazarda tutish, 2021—2023-yillarda kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish, kapital bozori ishtirokchilarining malakasini oshirish vazifalari ham bor. Buning natijasida kelgusida kompaniyalar moliyaviy manbalarini shakllantirish orqali davlat byudjet daromadlarini oshirishga hissa qo'shishi tahlil qilingan.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda investorlar salohiyatini kengaytirish va transformatsiya qilish, moliyaviy savodxonlikni yaxshilash orqali qimmatli qog'ozlarga bo'lgan talabni oshirish, aktsiyadorlik jamiyatlari va emitentlar sonini ko'paytirish hamda yangi moliyaviy instrumentlar orqali qimmatli qog'ozlar salmog'ini kengaytirish maqsadga muvofiq.
Yana bir masala. Mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan korporativ tuzilmalarning fond bozoridagi faolligini oshirish uchun korporativ boshqaruv sifatini yaxshilash talab etiladi. Umuman, aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etmasdan turib fond bozorini rivojlantirish xususida fikr bildirish qiyin. Qolaversa, moliya bozori tizimida davlat ishtirokini optimal darajada qisqartirish, aksiyadorlarning huquqiy madaniyatini oshirib borish muhim.
Tadbirkorlik faoliyatini korporativ tuzilma shaklida amalga oshirish yuridik shaxsdan korporativ boshqaruv masalalariga katta e'tibor qaratishni talab qiladi. Chunki korporativ boshqaruv tizimini yaxshi yo'lga qo'ygan jamiyatgina bu tashkiliy-huquqiy shakl qulayliklaridan maksimal darajada foyda ko'ra oladi.
Mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan korporativ tuzilmalarning fond bozoridagi faolligini oshirishda moliyalashtirish manbalarining no'ananaviy usullaridan foydalangan holda qimmatli qog'ozlar bozorini yanada takomillashtirish, jumladan, korporativ usullardan, IPO/SPO (aktsiyadorlik jamiyatining aktsiyalarini birlamchi/ikkilamchi ommaviy taklif etish) operatsiyalarini tashkil etish va o'tkazishga bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko'rib borish zarur. Mazkur amaliyot bevosita aktsiyadorlik jamiyatlariga xorijiy kapitallarni jalb qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhiddin KALONOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti prorektori








