Investitsiya iqtisodiyotni harakatlantiruvchi kuch

    Investitsiyalar 28 Iyun 2023 2005

    Investitsiya — umumjamiyat nuqtayi nazaridan muloqotimizda faol soʻz hisoblanmasa-da, aksariyatimiz mehnat faoliyatimiz, kasb-korimiz turidan qatʼi nazar, undan maʼlum maʼnoda foydalanamiz.

    Aytaylik, farzandlarimiz kelajakda yaxshi mutaxassis boʻlib yetishishi uchun ularga yoshligidan maʼlum mablagʻ evaziga qoʻshimcha darslarda oʻqish imkoniyatini yaratib beramiz.

    Dehqon esa yaxshi hosil olish uchun yerning meliorativ holatini yaxshilaydi, urugʻni yangilaydi yoki yetishtirayotgan mahsulotini qayta ishlash uchun pul tikadi. Bularning barchasidan koʻzlangan maqsad esa, yaqin, oʻrta yoki uzoq istiqbolda sarf etilganidan bir necha yuz, hatto ming barobar koʻp naf olishdir.

    Bular investitsiyaning eng sodda koʻrinishi, xolos. Uning asl mohiyati ancha keng. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunida investitsiya tushunchasining mazmuni “Xoʻjalik va boshqa faoliyat obyektlariga qoʻyilgan moddiy va nomoddiy neʼmatlar hamda ularga boʻlgan huquqlar” sifatida belgilangan.

    Makroiqtisodiy darajada investitsiyalar ishlab chiqarish vositalarini takror ishlab chiqarishga, uy-joy fondini, tovar zahiralarini koʻpaytirishga qaratilgan xarajatlarning bir qismi, yaʼni yalpi ichki mahsulotning joriy davrda isteʼmol qilinmagan qismi sifatida tushuniladi.

    Moliya nazariyasida investitsiyalar real yoki moliyaviy aktivlarni sotib olish bilan bogʻliq, yaʼni mohiyatiga koʻra, bu kelajakda daromad olish maqsadidagi xarajatlardir. Boshqacha aytganda, bu maʼlum bir hozirgi qiymatni kelajakdagi noaniq qiymatga almashtirishdir. Umuman olganda, iqtisodiyotda sarmoyalar kapital toʻplanish jarayoni sifatida qaraladi. Oxirgi taʼrif kelajakdagi manfaatlar va ular bilan bogʻliq xavflarni asosiy mezon sifatida aks ettiradi.

    Shunday qilib, investitsiya qarorlarini qabul qilish kutilayotgan daromad va xavf nisbati tahliliga asoslanadi. Shuning uchun ham investitsiyalar mohiyatini aniqlashda ular har xil risklar va kutilayotgan daromadlar bilan bogʻliqligini doimo yodda tutish kerak.

    Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, investitsiyalar barcha davlatlar, ayniqsa, Oʻzbekiston kabi jadal rivojlanish yoʻlidagi mamlakatlarning iqtisodiy barqarorlikka erishishida muhim omil sanaladi. Negaki, xorijiy sarmoyalar hisobiga yangi ishlab chiqarish quvvatlari va shunga mos ravishda yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, ilgʻor texnologiyalar, ishlab chiqarishni boshqarish va tashkil etishning zamonaviy usullari kirib keladi.

    Xorijiy investorlar korxonalarga nafaqat sarmoya kiritadi, ularni rekonstruksiya qiladi va texnik jihatdan qayta jihozlaydi, shu bilan birga, jahon bozorlariga ham yoʻl ochadi. Bu esa, oʻz navbatida, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sivilizatsiyalashgan bozor munosabatlariga moslashuvini yaxshilaydi, ularning ishlab chiqarish va moliya-xoʻjalik faoliyatini zamon talablari darajasiga koʻtarishga yordam beradi.

    Shu bois, soʻnggi yillarda mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada 2022–2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yilda 120 milliard AQSH dollari, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini koʻrish vazifasi belgilangan.

    Investitsiyalar iqtisodiyotni harakatlantiruvchi kuch sifatida uning oldinga siljishini taʼminlaydi, degan gʻoya har qanday iqtisodiy nazariyaning aksiomasi hisoblanadi. Har bir davlat, eng avvalo, moddiy ishlab chiqarish sohasiga ham mahalliy, ham xorijiy investorlarni jalb qilishga harakat qiladi. Shu maqsadda muayyan investitsiya siyosati ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

    Yangi Oʻzbekistonda izchil amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar oqilona tarmoq, reproduktiv va hududiy mutanosibliklarga erishish, integratsiya jarayonini rivojlantirish, iqtisodiy oʻsishni taʼminlashni nazarda tutadi. Ularning butun majmuasini hal qilish tegishli investitsiya siyosatini amalga oshirish, investitsiya jarayonlarini tartibga solish va qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish bilan chambarchas bogʻliq.

    Mamlakatimizda investitsion jozibadorlikni oshirishga qaratilgan katta ishlar qilindi va tizimli davom etayapti. Jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Xabaringiz bor, ilgari ushbu soliq stavkasi 20 foiz edi. Shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻini eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qaytarish joriy qilindi, soliq va bojxonada oʻzaro hisobga olish yoʻlga qoʻyildi. Shu paytgacha investorlar 2 ta alohida tizim orasida sarson edi.

    Bundan tashqari, xorijiy investorlarning oʻz aksiyalaridan oladigan dividendlari uch yil muddatga soliqdan ozod qilindi, ular uchun foyda soligʻi 20 foizdan 12 foizga tushirildi.

    Investorlar uchun zarur boʻlgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.

    Oʻzbekistonning Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki kabi yirik xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan yaqin hamkorligi tufayli 2022-yilda jami 11,9 milliard dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishiga erishildi.

    Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni ham yil sayin ortib bormoqda. Xususan, 2017-yilda ular soni 5,5 mingtani tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 15,8 mingtaga yetdi. Buning qariyb 6,5 mingtasi qoʻshma, 9 mingdan ortigʻi esa toʻliq xorijiy korxona hisoblanadi.

    Oʻzbekiston har yili 4 milliard AQSH dollarigacha sarmoya kiritish imkoniyatiga ega ulkan bozor hisoblanadi. Shu oʻrinda turli sohalardagi hamkorlikning istiqbollari va ustuvor yoʻnalishlariga qisqacha toʻxtalib oʻtsak.

    Birinchidan, bugungi kunda energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbolli hisoblanadi.

    Ikkinchidan, Oʻzbekiston toʻqimachilik tarmogʻi, ayniqsa, tayyor mahsulot ishlab chiqarishning toʻliq sikliga ega korxonalarni rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlaydi.

    Paxta tolasi yetishtirish boʻyicha jahonda yetakchi davlatlardan biri boʻlgan Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish uchun yuksak salohiyatga ega. Respublikada yiliga 3,5 million tonnaga yaqin paxta xomashyosi olinib, undan 1,3 million tonnagacha paxta tolasi olinadi. Keyingi yillarda sanoat ishlab chiqarishining yalpi hajmida toʻqimachilik sanoati mahsulotlarining ulushi 21 foizgacha oshdi. Yengil sanoat korxonalari paxta tolasining 27 foizini qayta ishlamoqda. Toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish dasturiga muvofiq, yaqin yillarda bu koʻrsatkichni 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

    Uchinchidan, moliya-bank sohalarida qoʻshma tuzilmalar, marketing, injiniring, lizing, auditorlik va sarmoyaviy kompaniyalarni tashkil etish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari katta.

    Taʼkidlash joizki, samarali moliyaviy vositalarni ishlab chiqish moliya sohasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Oʻzbekistonning sugʻurta tavakkalchiligining yanada qulay toifaga oʻtkazilishi, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari boʻyicha sugʻurta kafolatlari limitining oshirilishi ham ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun ragʻbat boʻladi.

    Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston meʼmoriy-tarixiy yodgorliklari, muqaddas qadamjolari, noyob tabiiy sharoiti, koʻplab milliy bogʻ va qoʻriqxonalari bilan turizm sohasida ulkan salohiyatga ega.

    Beshinchidan, katta ishlab chiqarish xomashyosi va ilmiy-texnik salohiyatga ega kimyo sanoati respublika iqtisodiyotining yetakchi bazaviy tarmoqlaridan biridir. Mazkur tarmoqda ishlab chiqarilgan mahsulotlar kimyo, metallurgiya, oltin qazib olish, toʻqimachilik, yengil, oziq-ovqat sanoati, respublika qishloq xoʻjaligida keng qoʻllaniladi va eksportga ham joʻnatiladi.

    Umuman olganda, xorijiy tajribadan koʻrish mumkinki, oʻtish davrida investitsiyalar nafaqat rekonstruksiya va taʼmirlash, balki yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etishda ham eng muhim omilga aylanadi. Shu bois Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy kapitalni jalb qilish va ulardan foydalanish hozirgi bosqichda investitsiya jarayonining muhim qonuniyatiga aylanib bormoqda.

    Oʻzbekistonda bozor islohotlarini amalga oshirish, jumladan, xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, milliy iqtisodiyotda tub tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish faol investitsiya siyosati bilan uzviy bogʻliq. Buning ahamiyati mamlakatimizning jahon bozoriga integratsiyalashuvi bilan yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

    Zumrad GʻOIBNAZAROVA,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

    Malika BOBOJONOVA,

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti assistent oʻqituvchisi