“Industriya Yevrazii” jurnali: "Oʻzbekistonda uran qazib olish togʻ-kon sanoatining muhim tarmogʻidir"

    Xalqaro hamkorlik 8 Noyabr 2023 1470

    Rossiyaning "Industriya Yevrazii" jurnalida "Navoiyuran" korxonasi bosh direktori Jahongir Xasanovning "Investitsiya loyihalari korxonaning rivojlanish istiqboliga xizmat qiladi" sarlavhali maqolasi chop etildi.

    Maqolada tabiiy uran qazib olish boʻyicha beshta yetakchi davlatdan biri boʻlgan Oʻzbekistonda keyingi yillarda ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratilib, uzoq muddatli strategiyaning amalga oshirilishi tufayli yangi rivojlanish bosqichiga qadam qoʻyilgani qayd etilgan.

    Muallif taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda uran qazib olish togʻ-kon sanoatining muhim tarmogʻidir. Prezidentning "2022-2030-yillarda "Navoiyuran" davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorida uran xomashyo bazasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni sanoatga joriy etish hamda geologik tadqiqotlardan tortib yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar olishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oluvchi zamonaviy klaster faoliyatini tashkil etish belgilangan.

    Qayd etilishicha, bugungi kunda uran zaxiralarini koʻpaytirish yangi konlarni oʻzlashtirish va geologiya-qidiruv dasturini amalga oshirish hisobiga amalga oshirilmoqda. Uran qazib olish hajmini oshirishga qaratilayotgan eʼtibor uning jahon bozoridagi qiymatining muttasil oshib borayotgani, shuningdek, keyingi yillarda Oʻzbekistonda 27 ta yangi uran konlari ochilgani bilan bogʻliqdir.

    – Shu bilan birga, soʻnggi bir yarim yil davomida tabiiy uranning mavjud konlarini oʻzlashtirish, noyob va nodir yer metallarini qazib olish, uran oksidini qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha belgilangan vazifalar samaradorlik, ekologik xavfsizlik choralari hamda xalqaro standartlarga muvofiq tarzda amalga oshirilmoqda", - deyiladi nashrda.

    Umuman olganda, maqolada taʼkidlanganidek, mamlakatimiz iqtisodiy yuksalishining shartlaridan biri tadbirkorlik subyektlarining investitsiyaviy faolligini kuchaytirishdir. Shunday qilib, import oʻrnini bosuvchi tovarlar soni koʻpayadi, eksport geografiyasi kengayadi, qoʻshimcha qiymat yaratiladi, bu esa ishlab chiqarish tannarxini sezilarli darajada kamaytirishga olib keladi. Yangi loyihalarga investitsiya jalb etish boʻyicha "Navoiyuran" korxonasi tomonidan ham xuddi shunday maqsadlar koʻzda tutilgan.