Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Anqara shahrida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Turkiya jurnalistlar federatsiyasi (Türkiye gazeteciler federasyonu) o'rtasida hamkorlik kelishuvi memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar barqaror, do'stona tarzda rivojlanib borayotgani, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib erdo'g'an bilan uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar, media soha yangiliklari, ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari xususida so'z yuritildi.
Imzolangan memorandum asosida ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari vakillarining tajriba almashishini ta'minlash, o'zaro bordi-keldini yo'lga qo'yish, hamkorlikda media tadbirlar tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
— Xalqlarimizni mushtarak til va tarix, o'xshash madaniyat va an'analarga asoslangan yaqin do'stlik va qardoshlik rishtalari birlashtirib turadi, — deydi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. — Barcha sohada bo'lgani kabi jurnalistika sohasida ham hamkorlik aloqalarimiz mustahkamlanmoqda. Bugun imzolangan memorandumda tajriba almashish uchun jo'natiladigan delegatsiya a'zolari olti kishidan oshmasligi, safar muddati etti kungacha etib belgilandi. Kelishuvimizda har bir masalaga oydinlik kiritilgan. Unga ko'ra, qabul qiluvchi tomon jurnalistlar delegatsiya a'zolarining yashashi, ovqatlanishi, ichki transport va tarjimonlik xizmati xarajatlarini qoplaydi. OAV guruhini yuboruvchi tomon esa faqat bordi-keldi yo'l chiptalarini xarid qiladi. SHuningdek, tomonlar bir-biriga dasturlar tayyorlash kabi masalalarda ko'maklashishni ham o'z zimmalariga oladi.
Ma'lumot uchun, Turkiya jurnalistlar federatsiyasi — Turkiyadagi jurnalistlar birlashmasi sifatida 1996 yil 18 martda tashkil etilgan. Izmir va Mug'la kabi turli viloyatlardagi jurnalistlar tomonidan tuzilgan bir qancha mahalliy uyushmalar va assotsiatsiyalarni o'zida birlashtirgan. Federatsiya dunyoning ko'plab davlatlaridagi jurnalistlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan.
Hamkorlik memorandumini imzolash marosimida tomonlar bir-birlariga esdalik sovg'alarini topshirdilar.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Axborot xizmati









