"Bu oftalmologiyada eng keng tarqalgan kasallik hisoblanadi, – deydi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. – U xalq orasida govmijja, ninalog‘ich degan nomlar bilan ham maʼlum. – Xastalik qovoq chetidagi yog‘ bezlari yoki kiprik tuk piyozchasining yallig‘lanishi bilan kechadi. Bunda qovoq terisi va shilliq qavati shishadi. Dastlab dard o‘chog‘i ko‘zga biron narsa tushganga o‘xshab sanchib og‘riydi, qizaradi, qovoq shishadi. 3-4 kundan keyin esa govmijja uchi sarg‘ayib yiring bog‘laydi. Yorilganda, yiring va nekrozlangan to‘qima bo‘lakchalari ajralib chiqadi".
Govmijja uzoq davom etgan og‘ir, yuqumli kasalliklar, organizmning himoya funksiyasi susayishi, darmonsizlik, moddalar almashinuvi buzilishi, avitaminoz, kamqonlik, qandli diabet kabi omillar oqibatida yuzaga keladi.
Qolaversa, gipotermiya, gigiyena qoidalariga rioya etmaslik, konʼyunktivit, ko‘z qovoqlari shikastlanishi, allergiya ham kasallikni keltirib chiqarishi mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, har 10 holatdan 9 tasida ko‘zda ninalog‘ich paydo bo‘lishining sababi stafilokokk infeksiyasidir. Ular teri, soch, burun, ichak, tomoqda yashaydi.
Bakteriyalar uzoq vaqt davomida o‘zini namoyon qilmasligi mumkin, ammo maʼlum sharoitlar, masalan, organizmning umumiy toliqishi, ko‘z kasalliklari va boshqalarda kiprikning soch sohasiga yoki yog‘ beziga kirib, yallig‘lanishga olib keladi.
JSST maʼlumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining taxminan 20 foizi organizmida ushbu infeksiya uchraydi.
Govmijjani siqib, yiringini chiqarish aslo mumkin emas. Bunday holatda infeksiya atrofdagi to‘qima qon tomirlariga tushib, ko‘z flegmoniyasiga sabab bo‘lishi, ko‘z vena tomiri tiqilib qolishi kuzatiladi. Infeksiya qon oqimi bilan miyaga tarqalishi va meningit, sepsis kabi og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Kasallikni davolash usullari uning bosqichiga qarab farqlanadi. Dastlab yallig‘lanish va bakteriyaga qarshi muolajalar buyurilsa, keyingi bosqichlarda, kapsula ochilgandan keyin qayta kasallanishning oldini olish uchun antiseptik davo choralari qo‘llaniladi.
Govmijjaga chalinmaslik uchun gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish, organizm quvvati susayishiga sabab bo‘ladigan kasalliklarni o‘z vaqtida davolash, zararli odatlarga ruju qo‘ymaslik kerak. Shuningdek, govmijja chiqqan zahoti shifokorga murojaat etish lozim.









